Jamiyat
Gaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta’minoti hamda kadastr tizimida sodir etilgan korrupsion jinoyatlar fosh etildi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatidagi «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi hamda ushbu tashkilotning sobiq xodimi mahalliy MChJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o‘rnatish uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan. Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida esa Kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning uchun muqaddam 11 600 AQSh dollari olgani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda mansabdor shaxs olgan mablag‘ining bir qismini — 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. Keyinchalik qolgan 89,5 mln so‘m ham jabrlanuvchiga qaytarilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarga murojaat qilib, kundalik hayotda korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.