Iqtisodiyot

Fitch O‘zbekistonning reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi

Published

on


Fitch Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yana “BB” darajasida tasdiqladi, ammo bu safar prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi. Agentlik bu qarorni iqtisodiy siyosat samarasi, makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishi, budjet taqchilligining rejadan past bo‘lishi va xalqaro zaxiralarning sezilarli o‘sishi bilan izohladi.

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingi bo‘yicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi va reytingni “BB” darajasida tasdiqladi.

Agentlikka ko‘ra, prognozning yaxshilanishi mamlakatda islohotlar izchil davom etayotgani va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlashga qaratilgan siyosat natijasida o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sish yuqori darajada saqlanishi kutilayotgani bilan bog‘liq.

Fitch’ning qayd etishicha, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan past darajada ekani, katta tashqi zaxiralar va yuqori o‘sish salohiyati kabi omillar O‘zbekistonning “BB” reytingiga asos bo‘lgan.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning nisbatan pastligi, iqtisodiyotning xomashyo tovarlariga qaramligi va inflatsiyaning hali ham yuqori ekani reytingni cheklab turibdi.

Agentlik izohiga ko‘ra, hukumatning davlat korxonalarini xususiylashtirish, pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish va budjet boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan islohotlari davom etmoqda. 2021–2025 yillarda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan taxminan 5,1 mlrd dollar tushum olingan bo‘lib, shundan 1,6 mlrd dollari 2025 yilga to‘g‘ri keladi.

Fitch hisob-kitoblariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 2026 yilda 6 foizgacha sekinlashadi, ammo 2027–2028 yillarda o‘rtacha 6,4 foizlik o‘sish kutilmoqda. O‘rta muddatli istiqbolda esa o‘sish sur’ati taxminan 6,3 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilingan.

Agentlik Eron atrofidagi mojaro tashqi xavflardan biri bo‘lib qolayotganini qayd etgan. O‘zbekistonning Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalari cheklangan bo‘lsa-da, importning taxminan 8 foizi va eksportning 4 foizi Eron portlari orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, Rossiya ham iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda: 2025 yilda eksportning 12,8 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelgan, pul o‘tkazmalarining esa qariyb 70 foizi Rossiyadan kelgan.

Shu bilan birga, 2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 2,1 foizni tashkil etib, belgilangan 3 foizlik chegaradan past bo‘lgan. Bunga asosan soliq va boshqa budjet tushumlarining rejadan yuqori bo‘lgani, jumladan oltin narxlarining o‘sishi hissa qo‘shgan.

Agentlik davlat qarzining YaIMga nisbati 2025 yildagi 32 foizdan 2027–2028 yillarda taxminan 28 foizgacha pasayishini prognoz qilmoqda. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi uchun belgilangan 60 foizlik limitdan ancha past bo‘lib qoladi.

Inflatsiya bo‘yicha, Fitch Markaziy bankning qat’iy pul-kredit siyosati davom etayotganini ta’kidlagan. Asosiy stavka 2025 yil mart oyidan beri 14 foiz darajasida saqlanmoqda. 2026 yil aprelida yillik inflatsiya 7 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu bir yil avvalgi 10,1 foizdan past, ammo Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori.

Agentlik O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralari o‘sishda davom etishini ham qayd etgan. Fitch prognoziga ko‘ra, zaxiralar hajmi 2025 yildagi 66 mlrd dollardan 2026 yilda 71 mlrd dollargacha oshadi. Zaxiralarning katta qismi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xalqaro agentlikning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning reytingi kelgusida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydigan islohotlarning izchil davom etishi, davlat moliyasi boshqaruvining yaxshilanishi va boshqaruv sifati ko‘rsatkichlarining o‘sishi natijasida oshirilishi mumkin.

Aksincha, islohotlar sur’atining sekinlashishi, tashqi moliyaviy vaziyatning yomonlashishi yoki davlat qarzining sezilarli o‘sishi reytingga bosim o‘tkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Fitch O‘zbekistonning suveren reytingini bundan oldin 2025 yil iyun oyida qayta ko‘rib chiqqan va mamlakatning uzoq muddatli kredit reytingini “BB-“dan “BB”ga oshirib, prognozni “barqaror” deb belgilagan edi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version