Jamiyat
Firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kreditlar bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan yangi nizomga muvofiq, agar fuqaro nomiga onlayn kredit firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirilgani isbotlansa, undan qarz va foizlarni undirish to‘xtatiladi.
Adliya vazirligi Markaziy bank bilan hamkorlikda kredit va to‘lov tashkilotlari, shuningdek to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash, frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, agar fuqaro nomiga onlayn kredit frod (firibgarlik) natijasida rasmiylashtirilgan bo‘lsa va u surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, kredit tashkiloti mazkur kredit va unga oid foizlarni hisoblash hamda undirishni to‘xtatishi shart.
Shu bilan birga, kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni frod holatini sodir etgan shaxsdan regress tartibida undirish huquqiga ega.
Agar kredit tashkilotida frod holatiga shubha paydo bo‘lsa, u qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga murojaat qilish huquqiga ega.
Biroq surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qarorlari asosida frod holati mavjud emasligi aniqlansa, kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash hamda undirishni qaytadan davom ettiradi.
Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonlik ayolga hujum qilindi: ikki erkak ushlandi
Turkiyaning Bodrum shahrida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat sodir etganlikda gumonlangan ikki nafar erkak qo‘lga olindi.
Foto: bodrumsicakhaber.com
Ma’lum qilinishicha, voqea Bodrumning Yalikavak tumanidagi Go‘kchebel mahallasida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi ayol yo‘l chetida transport kutib turgan vaqtda, ikki nafar erkak bo‘lgan avtomobil to‘xtab, uni Turkbuku hududiga olib borishni taklif qilgan.
Yo‘l davomida haydovchi yo‘nalishni o‘zgartirib, ayolni qurilish obektiga olib borgan. Jabrlanuvchining aytishicha, u yerda erkaklar tomonidan kuch ishlatish tahdidi ostida jinoyat sodir etilgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar ayolning sumkasi, pul mablag‘lari va mobil telefonini olib, voqea joyidan yashiringan.
Og‘ir holatiga qaramay, jabrlanuvchi yaqin atrofdagi uylarga yetib borib, mahalliy aholidan yordam so‘ragan. U shifoxonaga yotqizilib, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar — 24 va 25 yoshli ikki nafar erkak aniqlanib, qo‘lga olingan. Sud qarori bilan ular qamoqqa olindi.
Mazkur ish mahalliy huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar nazoratida bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Toshkentda 33,5 mlrd so‘mlik kontrabanda mahsulotlari aniqlandi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida katta miqdordagi noqonuniy import mahsulotlari fosh etildi. Ularning umumiy qiymati 33,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan mamlakatga noqonuniy ravishda olib kirilgan mahsulotlar aniqlandi.
Xususan, Toshkent shahrida avtomobil ehtiyot qismlari savdosi hamda aholiga xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ikki ta mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ijaraga olingan omborlar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv jarayonida boshqa tovarlar niqobi ostida mamlakatga noqonuniy olib kirilgan, aksiz markasiga ega bo‘lmagan 29 turdagi 1 million 963 ming 964 quti tamaki mahsulotlari, shuningdek 4 turdagi 807 kilogramm oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi.
Ushbu mahsulotlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 33,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda 2025 yilda 48 nafar erkak 70 yoshdan keyin ota bo‘ldi
2025 yilda O‘zbekistonda jami 879 599 ta tug‘ilish qayd etildi. Shu tug‘ilishlar orasida 70 yoshdan oshgan 48 nafar erkakning ota bo‘lgani qayd etilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida mamlakatda 879 599 ta tug‘ilish rasman ro‘yxatga olingan.
Tug‘ilishlar otaning yosh guruhlari kesimida tahlil qilinganda, eng katta ulush 25–39 yoshli erkaklarga to‘g‘ri kelgan — 718 798 holat. 25 yoshgacha bo‘lgan otalar hissasi 97 917 nafarni tashkil etgan.
Shuningdek, 40–59 yoshli erkaklar 62 246 holatda ota bo‘lgan. 60 yosh va undan katta yoshdagi otalar soni esa 638 nafarni tashkil etib, ular orasida 70 yoshdan oshganlar 48 nafarni tashkil qilgan.
Mazkur ma’lumotlar tug‘ilishlar dinamikasida turli yosh guruhlaridagi erkaklar ishtirokini ko‘rsatadi.
Jamiyat
Ehson niqobi ostidagi xatar: terrorizmni moliyalashtirishdan saqlaning!
Insoniyat tarixida ehson va xayriya ishlari jamiyatni birlashtiruvchi, muhtojlarga yordam beruvchi ezgu qadriyatlardan biri hisoblanadi. Islom dinida ham muhtojlarga yordam ko‘rsatish, sadaqa va zakot ulashish insonning savobini ko‘paytiruvchi, jamiyatda mehr-shafqatni mustahkamlovchi amal sifatida ta’kidlangan.
Biroq so‘nggi yillarda ayrim jinoiy va ekstremistik guruhlar ana shu ezgu tushunchani suiiste’mol qilib, “ehson” yoki “xayriya” niqobi ostida terrorizmni moliyalashtirishga urinish holatlari kuzatilmoqda.
O‘tgan yilning kuz faslida Koreya telekanallari orqali Janubiy Koreyada soxta xayriya orqali 663 ming dollar miqdorida pul yig‘ib, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirgan o‘zbekistonlik yigit ushlanganligi to‘g‘risidagi xabarlar keng tarqaldi.
Afsuski, so‘nggi yillarda ayrim jinoiy to‘dalar va ekstremistik guruhlar ushbu olijanob tushunchani suiiste’mol qilib, “ehson” niqobi ostida terrorizmni moliyalashtirishga urinmoqda. Xususan, o‘tgan yilning kuzida Janubiy Koreyada soxta xayriya tadbirlarini tashkil etib, 663 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘plagan o‘zbekistonlik yigit qo‘lga olingani haqidagi xabarlar ushbu mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng aks-sado berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 29 yoshli ushbu shaxs firibgarlik va aldov yo‘li bilan yig‘ilgan mablag‘larning bir qismini BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan “Katiba at-Tavhid val-Jihod” (KTJ) hamda “HAMAS” guruhlariga yo‘naltirgan.
Bundan tashqari, shu kunlarda OAVda Buxoroda terrorizmni moliyalashtirgan ota va o‘g‘il haqida xabarlar tarqaldi. Aniqlanishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs yot g‘oyalar ta’sirida 2019-yilda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali jangarilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya pullarini yig‘ib kelgan. Bu ishga hatto otasini ham jalb qilgan.
Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi, ya’ni terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ota esa sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi. Jinoyatchi o‘g‘ilga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Mazkur har ikki holatda ham “ehson” deya yig‘ilgan pullarning oxiri borar manzili terrorchilarning cho‘ntagi bo‘lgan va ularning kayfi-safosiga sarflangan.
Bugungi kunda terrorchi tashkilotlar ham internet orqali musulmonlarga, G‘azo aholisiga yordam berishni niqob qilgan holda xayriya aksiyalarini tashkil etish orqali pul yig‘ib,ularning faoliyati moliyalashtirib kelishmoqda.
Rahmdil va saxovatpesha xalqimiz esa yuqoridagi kabi terrorchilik tashkilotlari tarafdorlarining aldoviga uchib, internetda e’lon qilingan norasmiy manbalarga “ehson” yuborishmoqda. Oqibatda o‘zlari bilmagan holda terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etgan jinoyatchiga aylanishmoqda.
Ta’kidlash lozimki, ayrim terrorchi tashkilotlar tomonidan yuqoridagi usullar orqali yig‘ilgan pullarning juda ham oz qismi, odamlarni ishontirish maqsadida ehsonga sarflanadi va ushbu holat videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqatiladi. Natijada, ushbu videomateriallarni ko‘rgan fuqarolar ularga to‘liq ishonib, ehson sifatida pullarni yuborishmoqda.
O‘zbek xalqi bag‘rikeng va insonparvar, dini va e’tiqodiga sodiq. Yordamga muhtojlarga hamisha qo‘lidan kelguncha yaxshilik ulashishni, xayru ehson qilishni ezgu amal sifatida qadrlaydi. G‘azoga ko‘mak, musulmon birodarlarimizga yordam deb jinoyatchilarga sherik bo‘lib qolmaslik uchun ham davlatimiz tomonidan, mamlakat Prezidenti boshchiligida G‘azoni qayta tiklash borasida muhim vazifalar belgilanib, amalga oshirilayotganini bilish zarur.
Zero, ezgu niyat bilan qilingan ehson jamiyatni yaxshilikka yetaklashi kerak, zo‘ravonlik va adovatni moliyalashtirishga emas. Ushbu Muborak Ramazon oyida xalqimizni “zakot”, “fitr” ko‘rinishidagi “ehson” pullarni terrorchilik tashkilotlari a’zolariga yuborishlarining oldini olish maqsadida ogohlikka chaqiramiz!
«Bu ezgu maqsadga mening hissam qo‘shilsin, deb xayru ehson qilishni istagan kishilar O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzurida faoliyat yuritadigan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali xayrli maqsadlarini amalga oshirsalar ayni muddaodir.
“Vaqf” jamoat fondiga tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash, diniy o‘quv yurtlarini qo‘llab-quvvatlash, talabalar va olimlarga moddiy yordam berish, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va muhtojlarga yordam ko‘rsatish, haj va umraga boruvchilarga xizmatlarni tashkil qilishga sarflanadi. Bu ishlar esa xayriya pullari, zakot, fitr va sadaqalar orqali amalga oshiriladi.
Ehsonning eng afzali oilangga, qarindoshing, qo‘ni-qo‘shning, mahallang ahliga qilinganidir. Ehson — insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi. Uni suiiste’mol qilish esa jamiyat uchun katta xavf tug‘diradi. Shu bois har bir inson xayriya qilishda mas’uliyatli bo‘lishi, mablag‘lar haqiqatan ham muhtojlarga yetib borishiga ishonch hosil qilishi zarur.
Jamiyat
Boshqa davlatdagi urushlarni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining asosiy maqsadi jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, yangi turdagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda huquqbuzarliklar uchun javobgarlik mexanizmlarini aniq belgilashdan iborat.
Loyiha bilan o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz harakatlarni yoki fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi boshqa xatti-harakatlarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda sodir etish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Bu orqali axborot makonida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, shaxsning o‘zi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmoqlarida tarqatish uchun javobgarlik nazarda tutilyapti.
Qayd etilishicha, mazkur normalar huquqbuzarliklarni ommalashtirish va ularga taqlid qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Jamiyat3 days ago
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
-
Dunyodan1 day ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot1 day agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot3 days agoMetandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar
-
Iqtisodiyot4 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Siyosat20 hours agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
