Sport
Figurist Ilya Malinin qatorasiga uchinchi marta jahon chempioni bo‘ldi
Olimpiada o‘yinlarining asosiy omadsizlaridan biri jahon chempionatida o‘z mahoratini yana bir bor isbotladi.
Figurali uchish bo‘yicha sportchi Ilya Malinin uchinchi marta jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi – qishki Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan bir oy o‘tib.
Malinin Praga (Chexiya) turniri davomida to‘liq yetakchilik qildi va yaponiyalik raqibi Yumu Kagiyamani 22,73 ballga ortda qoldirib, chempionlikni ishonchli tarzda qo‘lga kiritdi. Erkin dastur yakuniga ko‘ra bronza medalini Yaponiyaning yana bir vakili Shun Sato qo‘lga kiritdi.
«Bo‘ldi, ish bitdi, – dedi g‘alabadan hayajonga tushgan Malinin. – Men ixtiyoriy dasturni muvaffaqiyatsiz tugatishni kutgan edim va ammo bu aniqlik bilan amalga oshdi».
Malinin ikkita dastur natijalariga ko‘ra 329,40 ball to‘pladi.
Malininning ixtiyoriy dasturi dekabr oyida Gran-pri finalida o‘rnatilgan 238,24 ball bilan rekordga yetolmadi, u yerda u yettita to‘rttalik sakrashni, shu jumladan to‘rtta akselni bajargan edi.
28 mart kuni besh marta to‘rttalik sakrash g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘ldi.
Ilya Malinin shu yil fevral oyida Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tgan Olimpiada figurli uchish musobaqasida sensatsion tarzda medalsiz qolgan edi. U qisqa dastur yakunlariga ko‘ra yetakchi edi, ammo erkin dastur vaqtida ikki marta yiqilib tushdi. Oqibatda Malinin 8-o‘rinni egalladi. Oltin medalni Qozog‘iston vakili Mixail Shaydorov qo‘lga kiritdi.
Ilya Malinin 2004 yilda AQSh Virjiniya shtatida, o‘zbekistonlik figurali uchuvchilar – Tatyana Malinina va Roman Skornyakov oilasida tug‘ilgan. Uning singlisi Yelizaveta ham figurali uchish bilan shug‘ullanadi.
Tatyana Malinina – 1999 yilda ilk marta o‘tkazilgan to‘rt qit’a chempionati oltin medali sohibasi, o‘sha yilgi Gran-pri finali g‘olibasi, 10 karra O‘zbekiston chempioni (1993–2002), 2002 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi hisoblanadi. Roman Skornyakov – ikki karra O‘zbekiston chempioni (1997, 2003) bo‘lib, 1998 va 2002 yillarda qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan.
Sport
O‘zbekiston Venesuelani yengib xalqaro turnirda g‘olib chiqdi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan FIFA Series turniri g‘olibi aniqlandi. Finalda O‘zbekiston va Venesuela termalari o‘zaro to‘qnash keldi.
Ammo 90 daqiqada gol ko‘rish muxlislarga nasib etmadi. Har ikki tomon hisobni ochish uchun imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Teng kurashlar ostida kechgan uchrashuvning asosiy daqiqasida hisob ochilmadi.
Shu sababdan penaltilar seriyasi belgilandi. Penaltilar seriyasida O‘zbekiston termasi 5:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa vatandoshlarimiz FIFA Series o‘rtoqlik turniri g‘olibi bo‘ldi.
Ushbu turnirda Venesuela ikkinchi, Gabon termasi esa 3-o‘rinni egalladi. Trinidad va Tobagoga esa oxirgi o‘rin nasib etdi.
Sport
Kelganimdan beri milliy jamoada faqat o‘sishni ko‘ryapman – Fabio Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi FIFA Series 2026 turnirida qo‘lga kiritilgan g‘alabadan keyin o‘z fikrlarini aytdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro FIFA Series 2026 turniri doirasidagi Venesuelaga (0:0, pen. 5:4) qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«O‘ylashimcha, yaxshi o‘yin bo‘ldi, biz uni nazorat qildik. Asosiy vaqtda g‘alaba qozonish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘ldik, ammo gol urolmadik. Yigitlarga rahmat, yaxshi o‘yin o‘tkazishdi va iroda namoyish etishdi. Qisqa muddatda ikki o‘yinni yutish uchun ruhan kuchli bo‘lish kerak.
O‘yinni juda yaxshi boshladik. Yuqori pressing qildik, yakkakurashlarda ustun keldik. Himoyada jamoa sifatida juda yaxshi ishlayapmiz. Himoya faqat himoyachilar uchun emas, himoya va yarimhimoya o‘rtasida uyg‘unlik bo‘lishi zarur.
Standart vaziyatlar? Bu borada ishlashga vaqtimiz ko‘p emas, lekin yigitlarga kerakli ko‘rsatmalarni berdik. Bizda standartlarni yaxshi ijro etadigan ikki futbolchi bor: Otabek Shukurov va Aziz G‘aniyev.
Jismoniy holat? Bu borada ishlayapmiz, yaxshilanyapmiz. Superligadagi futbolchilar endi 4 ta tur o‘tkazdi, yozgacha ular jismoniy holatini yanada yaxshilaydi.
Darvozabon Abduvohid Ne’matovning harakatlari? Uning asosiy tarkibda tushishi avvaldan rejalashtirilgandi, bu penaltilar seriyasi uchun emas. Ikki o‘yinda ikki xil darvozabonni o‘ynatib, bugun 20 daqiqacha uchinchi darvozabonga ham imkon bermoqchi edik.
Yoshlarni kuzatib borish masalasi? Albatta, bunga imkoniyat bor. Butun respublikani qamrab olish oson emas, lekin O‘FA bilan birga skauting ishlarini amalga oshiryapmiz, yoshlarni kuzatyapmiz.
Jahon chempionati? U yerda boshqacha bo‘ladi, o‘rtoqlik o‘yinlaridan farq qiladi. Mundialda tezlik yuqori. Ammo kelganimdan beri milliy jamoada faqat o‘sishni ko‘ryapman.
Superligadagi tig‘iz taqvim va jarohatlar? Mavsum boshida jarohatlar bo‘lishi — normal holat. Biz tibbiy shtabni ham kuchaytirdik, mutaxassislarni jalb qildik. Futbolchilarni uzoq muddat yaxshi darajada o‘ynay olishi uchun harakat qilyapmiz. Bizga ularning vaqtinchalik emas, uzoq vaqt yuqori darajada o‘ynashi muhim. Albatta, yigitlar ham uyqu va tartibga amal qilishi kerak», dedi italiyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda o‘tkazilgan FIFA Series 2026 turnirida ikkita o‘yinda maydonga tushib, Gabon (3:1) va Venesuelani (0:0, pen. 5:4) mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Sport
O‘zbekiston Venesuelani mag‘lub etib, xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi
Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri yakunlandi. Hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston va Venesuela to‘qnash keldi. O‘yinda hisob ochilmadi, penaltilar seriyasida o‘zbekistonliklar g‘alaba qozondi.
Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri yakunlandi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasidan tashqari Gabon, Trinidad va Tobago, shuningdek, Venesuela ham ishtirok etdi.
Musobaqaning hal qiluvchi bahsida O‘zbekiston va Venesuela to‘qnash keldi. Har ikkala jamoada bir necha qulay vaziyatlar bo‘lsa-da, o‘yinda hisob ochilmadi. Natijada g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda o‘zbekistonliklar aniqroq bo‘ldi.
Turnirning yana bir o‘yinida Gabon penaltilar seriyasida Trinidad va Tobagoni yengdi (2:2, pen 3:2).
Bu natijalardan so‘ng, O‘zbekiston 5 ochko bilan birinchi, Venesuela 4 ochko bilan ikkinchi, Gabon 2 ochko bilan uchinchi, Trinidad va Tobago 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egalladi.
FIFA Series 2026
30 mart, Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
O‘ZBeKISTON – VeNeSUELA 0:0 (pen. 5:4)
Bosh hakam: Mederbek Taychiyev (Qirg‘iziston)
O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Abduqodir Husanov, Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov (Akmal Mozgovoy, 71), Aziz G‘aniyev (Alisher Odilov, 58), Oston O‘runov (Jamshid Iskanderov, 71), Sherzod Nasrullayev, Eldor Shomurodov (Sherzod Temirov, 90), Behruz Karimov (Hojiakbar Alijonov, 71), Jahongir O‘rozov.
Venesuela: Xose Kontreras, Nauel Ferraresi, Karlos Vivas, Yon Aramburu, Teo Kintero, Gleker Mendoza (Delvin Alfonso, 90), Kristian Kasseres, Telasko Segovia, Vikelman Karmona (Luis Gonsales, 65), Devid Martinez, Xesus Ramires (Salomon Rondon, 65)
Ogohlantirish: Nauel Ferraresi (42)
FIFA Series 2026 turnirlari o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rnini bosishi nazarda tutilgan va butun dunyo bo‘ylab o‘tkazildi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarga O‘zbekistondan tashqari, Avstraliya, Ozarboyjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Puerto-Riko, Ruanda mezbonlik qildi.
Turnirlarda ishtirok etayotgan beshta erkaklar milliy jamoasi – Avstraliya, Kabo-Verde, Kyurasao, Yangi Zelandiya va O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi sanaladi.
Sport
«Tottenxem» Igor Tudorning iste’fosini e’lon qildi
Igor Tudor «Tottenxem»ga 14 fevral kuni murabbiy etib tayinlangandi va jamoani 44 kun boshqardi. O‘tgan davr davomida jamoa yettita uchrashuv o‘tkazib, bir g‘alabaga erishdi, bir marta durang o‘ynadi va besh marta mag‘lubiyatga uchradi.
Xorvatiyalik mutaxassis Igor Tudor «Tottenxem» jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi. Klub matbuot xizmatining bildirishicha, tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida shartnoma bekor qilingan.
«Tudor klubni tark etishi borasida o‘zaro kelishuvga erishildi. Igorga oxirgi olti hafta davomidagi ishi uchun minnatdorlik bildiramiz. Yangi murabbiy haqidagi ma’lumot keyinroq e’lon qilinadi»,— deyiladi bayonotda.
London klubi Tudor yetakchiligi ostidagi so‘nggi bahsni 22 mart kuni o‘tkazib, «Nottingem»dan 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
O‘yindan so‘ng murabbiy otasining vafoti sababli matbuot anjumanida qatnashmadi.
Igor Tudor «Tottenxem»ga 14 fevral kuni murabbiy etib tayinlangandi va jamoani 44 kun boshqardi. O‘tgan davr davomida jamoa yettita uchrashuv o‘tkazib, bir g‘alabaga erishdi, bir marta durang o‘ynadi va besh marta mag‘lubiyatga uchradi.
«Tottenxem» Angliya chempionati musobaqa jadvalida 31 o‘yindan so‘ng 30 ochko jamg‘arib 17-o‘rinda bormoqda.
Sport
Eronlik futbolchilar Minob qurbonlarini xotirladi
Eron milliy jamoasi Turkiyaning Belek shahrida Nigeriya milliy jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan aksiya o‘tkazishdi. Fors futbolchilari maydonga binafsharang va pushti aralash och qizil ryukzaklarni ko‘tarib chiqishdi va milliy madhiya ijro etilayotganida ularni ko‘tarib turishdi.
Bu orqali futbolchilar AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushining ilk kunida Minob shahridagi Shajarayi Toyyiba nomli qizlar maktabiga yo‘llangan zarba qurbonlarini yod etishdi. 28 fevral kuni ushbu maktabga raketa kelib tushishi oqibatida 170 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning aksari o‘quvchilar edi.
Eron futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Muhammad Nabi bunday aksiya o‘tkazish tashabbusi futbolchilarning o‘zidan chiqqani, ular bu orqali qizlarning oila a’zolariga hamdardlik izhor etishni istashganini qayd etgan.
AQSh harbiylari maktabga xatolik tufayli zarba yo‘llagandi. Bu xatolik amaliyotda eskirgan razvedka ma’lumotlaridan foydalanilgani tufayli ro‘y bergan. Ammo hozircha AQSh tomoni buni rasman tan olmagan va faqat holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilish bilan cheklanmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan2 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Kiyevga Donbassdan voz kechishni talab qilmoqda – Zelenskiy
