Mahalliy

Farg‘onadan AQSh logistika sanoatigacha bo‘lgan Sardorjon Urinov hikoyasi

Published

on


Ba’zi odamlarning hikoyasi bir qarashda oddiy ko‘rinadi: viloyatda tug‘iladi, yaxshi o‘qiydi, izlanadi, keyin chet elga chiqadi. Ammo ayrim hayot yo‘llari bor — ularni diqqat bilan o‘qisangiz, bitta yo‘nalish emas, balki bir-biriga ulanib ketgan ko‘plab tajribalar, sinovlar va qarorlar zanjirini ko‘rasiz. Sardorjon Urinovning hikoyasi ham shunday.

Unda bolalikdan shakllangan tadbirkorlik ruhi bor, auditoriyada o‘qituvchilik qilgan yillar bor, davlat tizimida iqtisodchi bo‘lib ishlagan davr bor, qishloq xo‘jaligi logistikasi ichida toblangan amaliy tajriba bor, Amerikadagi o‘qish va izlanish bor, nihoyat, bugun transport texnologiyalari bilan bog‘liq katta maqsad ham bor.

U Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilib o‘sgan. Uning bolaligi kitoblardagi romantik tasvirlardan ko‘ra hayotga yaqinroq muhitda o‘tgan: oilada tadbirkorlik bor edi, qarindosh-urug‘lar biznes bilan shug‘ullanishardi, oila esa kichik restoran yuritardi. Sardorjonning o‘smirlik yillari aynan shu joy bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. U otasiga yordam berardi, mijozlar bilan gaplashardi, xizmatning sifati nimani anglatishini erta tushunib ulg‘ayardi. Tengqurlari maktabdan keyin o‘yin yoki bekorchilik ortidan yursa, u ko‘pincha tezroq uyga qaytib, oshxonadagi ishga qo‘l urishni xohlardi. Shu jihat uning xarakterini juda erta pishitgan: u vaqtni bekorga sarflashni yoqtirmaydigan, katta yoshdagilar bilan bemalol gaplasha oladigan, mas’uliyatni yoshiga qarab emas, vaziyatga qarab oladigan bolaga aylangan.

Keyinchalik uning o‘ziga xosligi maktabda ham bilinadi. Sardorjon faqat yaxshi o‘quvchi bo‘lib qolmagan, u maktab muhitida faol bo‘lishni yoqtirgan. Sinf sardori bo‘lgan, tadbirlarda boshlovchilik qilgan, sinfdoshlarini harakatga undagan, hatto Qizil Yarim oy jamiyati tadbirlariga ham sinfini jalb etgan. Bu oddiy “faol bola” hikoyasi emas edi. U o‘sha paytdanoq boshqaruvni, mas’uliyatni va odamlarni ortidan ergashtira olishni yoqtirgan. Ayniqsa iqtisodiyotga qiziqishi erta uyg‘ongan: bozor qanday ishlaydi, narxlar nimaga o‘zgaradi, savdo-sotiqning ichki mexanizmi nima — bular uni maktab yoshidan qiziqtirgan savollar edi.

Shuning uchun ham u o‘z yo‘lini tasodifan tanlamagan. 9-sinfdan keyin iqtisodiyot va moliya yo‘nalishidagi kollejga kiradi. U yerda bu qiziqish yanada mustahkamlanadi. So‘ng Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida biznes va iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qiydi, keyin Bangor universiteti dasturi orqali xalqaro diplom oladi. Uning ta’lim yo‘li qog‘ozdagi diplomlar yig‘indisi emas, balki bir maqsadga qarab qurilgan zanjirga o‘xshaydi: biznesni tushunish, raqamlar bilan ishlashni o‘rganish, boshqaruvni his qilish va kelajakda o‘z loyihasini qura olish uchun poydevor tayyorlash. Keyinchalik u AQShda Wright State University’da ijtimoiy va amaliy iqtisodiyot yo‘nalishida magistratura ham tamomlagan.

Ammo Sardorjonning hikoyasini qiziqarli qiladigan jihat shundaki, u faqat auditoriyada o‘tirib bilim olgan yigit emas. Talabalik yillaridayoq u ingliz tilidan dars bera boshlaydi, IELTS bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Bu ish unga pul topish yoki vaqt o‘tkazish uchun kerak bo‘lmagan. U buni ongli ravishda tanlagan, chunki o‘qituvchilik sabrni, odamlar bilan ishlashni, murakkab narsani sodda tushuntirishni o‘rgatadi. Keyinroq u shu tajribadan tadbirkorlik uchun muhim xulosa chiqarganini aytadi: agar natija chiqmayotgan bo‘lsa, har doim ham muammo odamda yoki bozorda bo‘lmaydi, ba’zan muammo usulda, yondashuvda bo‘ladi. Bu fikr oddiy ko‘rinsa-da, aslida u keyingi professional qarorlariga kuchli ta’sir qilgan.

Uning hayotida 2018-yil alohida eslanadigan davr bo‘lib qolgan. Aynan o‘sha yili u dunyodagi nufuzli talaba platformalaridan biri — Harvard Project for Asian and International Relations dasturida delegat sifatida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Profilida bu yutuq “to‘liq grant asosidagi delegat” sifatida qayd etilgan. Sardorjonning o‘zi ta’kidlashicha, bu oddiy qatnashuv emas, balki juda kuchli tanlovdan o‘tib qo‘lga kiritilgan imkoniyat bo‘lgan. U Garvarddagi bunday muhitga kirish, dunyoning turli nuqtalaridan kelgan faol yoshlar bilan bir sahnada bo‘lish orqali o‘zini yanada katta maydonga tayyorlayotganini his qilgan. Afsuski, konferensiya oldidan sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammo chiqib, operatsiya tufayli bu safarda qatnasha olmay qoladi. Lekin aynan shu voqea uning fe’lini yana bir bor ko‘rsatadi: yutqazilgan imkoniyatni fojiaga aylantirmasdan, uni o‘zini baholash mezoniga aylantirgan. Ya’ni, men bunday maydonga chiqishga loyiq ekanman, demak oldinda bundan kattaroq eshiklar ham ochilishi mumkin, degan ichki ishonch paydo bo‘lgan.

Amerika bilan uning aloqasi faqat shu bilan cheklanmagan. U 2018 va 2019-yillarda Work and Travel dasturi orqali AQShga borgan, Meyn shtatidagi Linekin Bay Resort’da ishlagan, ikkinchi yilida esa hatto yuqoriroq mas’uliyatli vazifaga ko‘tarilgan. Tashqaridan qaraganda bu logistika yoki iqtisodiyotga aloqasizdek tuyulishi mumkin. Aslida esa bu ham uning shakllanishidagi muhim bosqich edi: intizom, xizmat sifati, jamoaviy ish, tezkor qaror, bosim ostida ishlash — bularning barchasi keyinchalik katta tizimlar bilan ishlash uchun kerak bo‘lgan ko‘nikmalardir. Eng muhimi, AQSh unga kitobdagi tasavvur emas, yashab ko‘rilgan tajriba bo‘lib ko‘rinadi. U bu mamlakatdagi ish madaniyati, huquqiy muhit, yangilikka ochiqlik va tizimlilikni ichidan ko‘rgan. Bu esa unda Amerikaga faqat vaqtincha borib kelinadigan joy sifatida emas, balki jiddiy bilim va katta loyihalar makoni sifatida qarashni kuchaytirgan.

O‘zbekistonga qaytgach esa u nazariy bilimlarni real sektor bilan bog‘laydi. Avval Iqtisodiyot va moliya vazirligining Xorijiy investitsiyalar bo‘limida iqtisodchi bo‘lib ishlaydi. Bu ish unga investor qanday o‘ylashini, bozor qanday tahlil qilinishini, raqamlar ortidagi haqiqiy manzarani qanday ko‘rish kerakligini o‘rgatgan. U xorijiy investitsiyalar, bozor tahlili va risklarni tushunish bo‘yicha amaliy tajriba olganini ta’kidlaydi. Keyin esa Nurafshon Vodiy kompaniyasida logistika, ombor, savdo va yetkazib berish jarayonlarini boshqarish bilan shug‘ullanadi. U yerda kundalik operatsiyalarni muvofiqlashtirgan, yetkazib berish jadvalini tuzgan, ombor ishlarini nazorat qilgan, hamkorlar bilan shartnomalar bo‘yicha ishlagan va mavsumiy talabga mos ta’minotni tashkil etgan. Ana shu bosqich uning logistika haqidagi tasavvurini butunlay o‘zgartiradi. Logistika faqat yukni A nuqtadan B nuqtaga olib borish emasligini, u rejalashtirish, vaqt, xarajat, jamoa, xavf va ma’lumotlar bilan chambarchas bog‘liq murakkab mexanizm ekanini shu yerda chuqur his qiladi.

Shundan keyin uning yo‘li tobora aniqroq yo‘nalishga kiradi. AQShga qaytgach, u logistika va tashish sohasida bevosita ishlay boshlaydi. U One Ummah Logistics kompaniyasida biznes va operatsion tahlilchi sifatida faoliyat yuritgan. U yerda xarajatlarni tahlil qilish, kechikishlar va samarasizlik manbalarini topish, xavfsizlik va mijozlar qoniqishi ko‘rsatkichlarini kuzatish bilan shug‘ullangan. Bu tajriba unga bir narsani aniq ko‘rsatadi: AQSh yuk tashish bozorida eng katta firmalar bozordagi yuklarni faqatgina taxminan 10 foiz qismini tashiydi. Kichik firmalar bu tizimning asosiy qismini egallaydi va taxminan bozordagi 90 foiz yuklarni ushbu kichik kompaniyalar tashiydi. Ammo texnologiya, nazorat va xavfsizlik vositalariga kelganda aynan ular eng ko‘p qiynaladi. Kichik firmalardagi tizimning shakllanmaganligi, tartibsizliklar, xarajatlarning ko‘pligi va ularni nazoratga olinmaganligi, sug‘urta narxlarining ular uchun balandligi, havfsizlik va texnika nazorati yo‘qligi yoki sustligi, yuqori texnalogiyalardan raqamli qarorlarda foydalana olmaslik, yuk tashuvchi vositalardagi texnik nosozliklar va bir qancha boshqa sabablar tufayli ushbu turdagi kompaniyalar bozorda qolishga qiynalishadi.

Sardorjonning bugungi asosiy loyihasi — US Road ELD — aynan shu tizimdagi muammolarni kuzatuvlaridan kelib chiqib tug‘ilgan. Profilida u bu platformani AQSh yuk tashish kompaniyalari uchun yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, qoidabuzarliklarni kamaytirish va operatsion samaradorlikni yaxshilashga qaratilgan tizim sifatida tasvirlaydi. AQSh transport vazirligi yuk tashish bozoridagi firmalar va yuk tashuvchi haydovchilarni doimiy nazorat qilib boradi. Ushbu vazirlik tomonidan yuk tashish firmalari uchun maxsus xavfsizlik portali yaratilgan va u yerda har bir firma o‘z reytingi va xavfsizlik bahosiga ega agarda qaysidur firma haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzsa, yo‘l transport hodisasini sodir etsa yoki yo‘lda yurishga layoqatli bo‘lmagan yuk mashinasida harakatlansa tansport vazirligi inspectorlari tomonidan firma va haydovchi jarimaga tortilishlari mumkin. Bu jarimalar va havfli deb topilgan hodisalar firmaning xavflilik darajasini oshirib ularni vazirlikning xavfsizlik portalida bahosini tushirishi mumkin. Bu tabiiyki firmaning sug‘urta xarajatlarini oshiradi chunki sug‘urta firmalari ham vazirlikning xavfsizlik portalini tekshirib firmalarning reytinglarini kuzata oladi va past bahoga ega firmalarni sug‘urtalash ular uchun ham qimmatga tushadi.
Yana bu vazirlikning vakolatlaridan biri yuk tashuvchi haydovchilarning ishlash vaqtlarini yani yo‘lda harakatlanish soatlarini nazorat qilish va ularni dam olmasdan harakatlanishdan cheklash hisoblanadi. Qoidalarga ko‘ra haydovchi 14 soatlik xizmat davri ichida 11 soatgacha transport vositasini boshqarishi mumkin. Ushbu davrdan so‘ng kamida 10 soat uzluksiz dam olish talab etiladi. Bundan tashqari, 8 soatlik uzluksiz haydashdan keyin kamida 30 daqiqalik tanaffus olish majburiy hisoblanadi. Bu qonunlarni nazoratini taminlash maqsadida elektron haydovchi ish vaqti hisoblash qurilmasidan foydalaniladi va bu qurilmani har bir yuk tashuvchi vositaga ulanadi. Vazirlik tomonidan bunday qurilmalar va ularni tashkillab, nazorat qilib, xatosiz ishlashini taminlashda xususiy firmalarga ruhsat berilgan va ulardan talab qilingan narsa ushbu qurilmalardagi malumotlarni saqlab vazirlikka har doim yetkazib berish.

Sardorjon va uning jamoasi yaratgan platforma nafaqat yuqorida takidlangan vazifalarni bajaradi, balki unga qo‘shimcha tarzda juda ko‘plab innovatsion qurilmalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur platforma haydovchining ish va dam olish vaqtini nazorat qilish bilan cheklanib qolmay, transport vositasining texnik holatini kompleks monitoring qilish, harakat yo‘nalishini real vaqt rejimida kuzatish hamda videokuzatuv tizimlari orqali yo‘ldagi xavfli xatti-harakatlarni aniqlash imkoniyatlarini yagona integratsiyalashgan tizim doirasida ta’minlaydi. Sardorjonning ta’kidlashicha, yuk tashish bozoridagi kamchilik shundaki, tizimdagi ko‘plab muammolarga yirik texnologik yechimlar kichik kompaniyalar uchun juda qimmat hisoblanadi yoki juda qattiq shartlarga bog‘langan. Uning maqsadi esa aynan shu toifadagi kompaniyalarga hamyonbop, tushunarli va foydali texnologik vosita berish va ularni ish faoliyatini tizimlashtirib tartibga solishga yordamlashishdir.

Bu yerda yana bir muhim nuqta bor. Sardorjon faqat “men ham startap qildim” deydigan tadbirkorlardan emas. U ilmiy va tizimli tayyorgarlikdan ham o‘tgan. U University of Connecticut qoshidagi tadbirkorlik va innovatsiya markazida tadqiqotchi yordamchi sifatida ishlagan, shuningdek, AQSh Milliy fan fondi qo‘llab-quvvatlagan tadbirkorlik dasturida jamoasi bilan grant yutgan. Bu dastur doirasida mahsulot bozorini ilmiy usul bilan tekshirish, gipotezalarni test qilish va mijoz ehtiyojini amaliy suhbatlar orqali aniqlash ustida ishlagan. Bu esa uning bugungi qarashlarida yaqqol seziladi: u texnologiyani shunchaki moda deb emas, real muammoni aniq o‘lchab, keyin yechim qurish vositasi deb ko‘radi.

Sardorjon Urinovning hikoyasi bir jihatdan zamonaviy o‘zbekistonlik mutaxassisning yangi qiyofasini eslatadi. U viloyatdan chiqqan, lekin tor hududiy tafakkurda qolib ketmagan. Iqtisodiyot o‘qigan, lekin faqat nazariya bilan cheklanmagan. O‘qituvchilik qilgan, davlat idorasida ishlagan, qishloq xo‘jaligi logistikasi ichida yurgan, Amerikada oddiy ishlarni ham qilgan, keyin yana o‘qigan, yana tahlil qilgan, yana bozorga qaytgan. Bu yo‘lning har bir bosqichi alohida qaralganda turlicha ko‘rinishi mumkin. Ammo birlashtirib qaralsa, ularning bari bitta nuqtaga kelib ulanadi: katta tizimlarni tushunish va u yerda foydali yechim yaratish istagi.

Bugun u logistika, ma’lumotlar tahlili va zamonaviy transport texnologiyalari kesishgan nuqtada ishlamoqda. Ertaga uning loyihasi qanchalik katta bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Ammo hozirdanoq ayon bo‘lib turgan narsa shuki, Sardorjon Urinov o‘z yo‘lini tasodiflar bilan emas, bosqichma-bosqich yig‘ilgan tajriba bilan qurayotgan insonlardan. Farg‘onadagi oilaviy oshxonada boshlangan bu yo‘l endi AQShning murakkab logistika bozoriga chiqib borgan bo‘lsa, buning sababi omad emas. Buning ortida yillar davomida to‘plangan kuzatuv, mehnat, o‘qish, sinov va har safar biroz kattaroq maqsadni tanlash odati turibdi.

Adhamjon Qodirov suhbatlashdi



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version