Jamiyat
Farg‘onada suv ta’minoti xodimi kaltaklandi
Xonadondagi suv ta’minoti holatini o‘rganish davomida xizmat vazifasini bajarayotgan inspektor kaltaklandi. Unga tan jarohati yetkazgan fuqaro protsessual tartibda ushlandi.
Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan suv ta’minoti xodimi kaltaklandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Aniqlanishicha, 9 mart kuni «Farg‘ona suv ta’minoti» korxonasining O‘zbekiston tumani filiali inspektori D.S. Sochtepa ko‘chasida joylashgan xonadonlardan biriga borgan. Ushbu xonadonda suv ta’minoti holatini o‘rganish davomida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hisoblagich mavjudligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanilishi haqida ma’lum qilingan vaqtda shu xonadonda yashovchi F.P. xizmat vazifasini bajarayotgan inspektorga qarshilik qilib, janjallashgan. Janjal davomida F.P. yog‘och bo‘lagi bilan inspektorning boshiga urib, tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi F.P. protsessual tartibda ushlangan. Prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Navoiyda YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi
15 kun oldin Nexia yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan “Navoiy–Zarafshon–Uchquduq” yo‘lida yana inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu safar Kia va Chery mashinalari to‘qnashuvida 5 kishi vafot etdi. Ulardan 3 nafari bir oila a’zolari bo‘lgan.
Navoiyda yana bir ayanchli YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH 7 mart kuni soat 16:30 lar atrofida “Navoiy–Zarafshon–Uchquduq” avtomobil yo‘lining Konimex tumani hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. “Navoiy—Zarafshon” yo‘nalishida harakatlanib borayotgan Chery mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Kia bilan to‘qnashgan. To‘qnashuv paytida har ikki mashinaning harakat tezligi belgilangan cheklovdan yuqori bo‘lgani aytilmoqda.
YTH oqibatida Kia mashinasida bo‘lgan bir oilaning 3 a’zosi hamda Chery mashinasida bo‘lgan 2 kishi – haydovchi va bir yo‘lovchi vafot etgan. Ularning 3 nafari voqea joyida halok bo‘lgan.
“Akam NKMKda ishlardi. O‘sha kuni Zarafshon shahriga ketayotgan bo‘lgan. Afsuski, shu ko‘ngilsiz bo‘ldi. Juda mehribon, birovga yomonligi yo‘q yaxshi inson edi”, deydi Chery mashinasi haydovchisi bo‘lgan marhum Sanjar Nurmahmedovning yaqin qarindoshlaridan biri Kun.uz bilan suhbatda.
Karmana tumanida janoza xabarlarini berib boruvchi kanalda Sanjar Nurmahmedov 41 yoshida vafot etgani, u uzoq yillar NKMKda ishlagani haqida e’lon berilgan.
Shuningdek, halok bo‘lganlardan biri Zarafshon shahrida mahalliy xabarlarni yorituvchi Telegram’dagi “Zarafshon kanal” kanali admini 17 yoshli Umidjon To‘xtamurodov bo‘lgan. U bilan birga onasi va dadasi ham vafot etgani, ikki ukasi esa tirik qolgani aytilmoqda.
Ayni shu yo‘lda 22 fevral kuni ham ayanchli YTH sodir bo‘lgan, unda 4 kishi vafot etgandi.
Jamiyat
Onaning tushi orqali ochilgan Qo‘qondagi qotillik ishida hukm o‘qildi
Sud uch o‘smirga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ularning ikkisi qasddan odam o‘ldirish, murdani tahqirlash hamda o‘g‘rilik, biri esa qotillik jinoyati haqida xabar bermaslikda aybli deb topildi. Qo‘shimcha tergov harakatlarida qotillik sodir bo‘lgan vaqtda sudlanuvchilarga hamrohlik qilgan Abdulloh Sodiqov aybsiz deb topilib, ishning u va boshqalarga oid qismi harakatdan tugatilgan.
Qo‘qon shahrida 17 yoshli Xurshid Haydarovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qildi.
Kun.uz tanishgan hukmga ko‘ra, 2007 yilda tug‘ilgan Shohjahon G‘aniyev hamda 2009 yilda tug‘ilgan Murtozxon Mansurov 2025 yil 20 iyun kuni Xurshid Haydarovni Qo‘qon shahar Kichik Ganjiravon mahallasi hududidagi dala maydoniga taklif qilgan. Ular yog‘och so‘rida pivo ichishgan. So‘ng Shohjahon G‘aniyev o‘zi bilan olib kelgan siqma kleyni tayyorlab, Xurshid Haydarovga hidlatgan. Oqibatda Xurshid o‘zini-o‘zi himoya qila olmaydigan ojiz ahvolga tushib qolgan. Shunda Shohjahon uning orqa tomoniga o‘tib, bo‘ynidan bo‘g‘gan. Bu vaqtda Murtozxon Xurshidning oyoqlaridan ushlab, uning qarshilik qilish imkoniyatini cheklab turgan. Shohjahon shu yerdagi ip bilan Xurshidning bo‘ynidan qattiq tortib bog‘lab qo‘yib, uni qasddan o‘ldirgan.
So‘ngra sudlanuvchilar jinoyat izini yashirish va Xurshid go‘yoki o‘z joniga qasd qilganday qilib ko‘rsatish maqsadida uning murdasini temiryo‘lga chiqarib qo‘yishgan. 2025 yil 20 iyun kuni tunda “Qo‘qon–Pop” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi Xurshid Haydarovning murdasini bosib ketgan.
JIB Qo‘qon shahar sudining 2026 yil 26 fevraldagi hukmi bilan Shohjahon G‘aniyev qasddan odam o‘ldirish, qabrni tahqirlash va o‘g‘rilik, Murtozxon Mansurov odam o‘ldirish va o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan. Shohjahon G‘aniyevga 12 yil, Murtozxon Mansurovga 10,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish jinoyatida aybli deb topilgan Muhammadfayozxon Yoqubovga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u sud zalidan qamoqqa olingan.
Ma’lumot uchun, Muhammadfayozxon Yoqubov Xurshid Haydarovga nisbatan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgani holda bu haqida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar bermagan.
Jinoyat ishi avvalroq sud ajrimi bilan tergovga qaytarilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shimcha tergov harakatlari davomida voyaga yetmagan Abdulloh Sodiqovning qotillik jinoyatiga aloqadorligi aniqlanmagan va ishning unga oid qismi harakatdan tugatilgan.
Sudlanuvchilarning har ikkisi o‘z ko‘rsatmasida Abdulloh Sodiqov voqea joyida bo‘lganini tasdiqlagan. Murtozxon Mansurov esa o‘z ko‘rsatmasida Xurshid Haydarovning murdasini temiryo‘lga ko‘tarib borishda Abdulloh Sodiqov yordamlashgani, ya’ni u murdaning o‘ng oyog‘idan o‘zi, chap oyog‘idan Abdulloh Sodiqov hamda qo‘llaridan Shohjahon G‘aniyev ko‘tarib borganini aytgan.
Kun.uz avvalroq Xurshid Haydarovning o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan, unda marhumning onasi jinoyatga aloqador ayrim shaxslar “suvdan quruq chiqib ketish”ga urinayotganini aytgandi.
Jamiyat
Toshkentda yo‘llar, svetoforlar va bekatlarni yangilash ishlari kuchaytirildi
Poytaxtda ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining texnik holatini yaxshilash, harakat xavfsizligi va o‘tkazuvchanligini oshirishga qaratilgan ishlar rejali asosda davom ettirilmoqda.
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, 9 mart kuni Toshkent shahrida qator ta’mirlash va infratuzilmani yangilash ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, joriy ta’mirlash ishlari doirasida 4 413 kv m maydonda frezalash ishlari bajarildi. Ushbu ishlar Yangihayot tumanidagi Marg‘ib va Chortoq ko‘chalarida, Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on hamda Mo‘ynoq ko‘chalarida, shuningdek Buyuk ipak yo‘li, Osiyo, KHAY, Gavhar, Katta Xirmontepa va Zargarlik ko‘chalarida amalga oshirildi.
Shuningdek, 1 216 kv m maydonda asfaltlash ishlari bajarildi. Bu ishlar Sergeli tumanidagi Yangihayot va Zamaxshariy ko‘chalarida, shuningdek bir qator markaziy ko‘chalarda olib borildi.
Tungi vaqtda, soat 00:00 dan 06:00 gacha, yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari amalga oshirilib, jami 3 500 metr yo‘l yotiq chiziqlari chizildi. Ushbu ishlar Muqimiy hamda Farg‘ona yo‘li ko‘chalarida bajarildi.
Bundan tashqari, shahar bo‘ylab 32 ta yo‘l belgisi almashtirildi, 14 ta yangi belgi o‘rnatildi. Shu bilan birga, Bunyodkor, KHAY va Osiyo ko‘chalarida yo‘l belgilari uchun mo‘ljallangan 61 ta ustun ta’mirlanib, bo‘yaldi.
Aqlli svetoforlar tizimini joriy etish ishlari doirasida Buyuk ipak yo‘li, Sh.Burxonov va Botir Zokirov ko‘chalarida 8 ta yerosti ustuni o‘rnatilib, kabel yotqizish va montaj ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Qatortol–Taxtapul hamda Qatortol 1-tor–Qatortol chorrahalarida qurilish ishlari olib borildi. THAY–Dehqonobod va Chilonzor–Cho‘ponota chorrahalarida esa yangi svetoforlar o‘rnatildi.
Jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Botir Zokirov, Buyuk ipak yo‘li va Islom Karimov ko‘chalarida 3 ta yangi bekat o‘rnatildi. Shuningdek, Buyuk ipak yo‘li, Maxtumquli, Osiyo va KHAY hududlarida jami 6 ta zamonaviy bekatni yangilash ishlari davom etmoqda.
Poytaxt yo‘llarida harakat xavfsizligi va qulay infratuzilmani ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Ikki oyda 45 ta jinoiy guruh fosh etildi
O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar–fevral oylarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan 6025 ta maxsus tezkor tadbir davomida 45 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tadbirlar natijasida tovlamachilik, noqonuniy qurol saqlash, qimorxona tashkil etish, odam savdosi, orttirilgan immunitet virusi infeksiyasini tarqatish va fohishaxona saqlash bilan bog‘liq ko‘plab jinoyatlar fosh etildi.
Xususan, tezkor tadbirlar davomida 116 ta tovlamachilik, 315 ta noqonuniy qurol bilan bog‘liq, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi, shuningdek, 790 ta OIV infeksiyasini tarqatish va fohishaxona saqlash kabi jinoyat holatlari aniqlangan.
Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs ushlanib, ularga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan. Yanvar–fevral oylarida jami 3150 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 2934 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 980 nafariga nisbatan esa qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tadbir boshidan noqonuniy qurol saqlash bilan bog‘liq 315 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, natijada 4570 ta sovuq qurol olingan. Ular orasida 50 ta bita, 72 ta kastet, 4004 ta o‘tkir tig‘li jism va 444 ta boshqa turdagi qurollar bor.
Bundan tashqari, daliliy ashyo sifatida 5814 dona o‘q-dori va 3 kilogramm 715 gramm portlovchi modda musodara qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, yoshlar va aholi orasida buzg‘unchi yot g‘oyalar hamda jinoyat olami qarashlarini targ‘ib qilgan 47 ta akkaunt bloklangan.
Jamiyat
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi
2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash maqsadida Toshkent shahrida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar va xalq sayillari tashkil etiladi.
Prezidentning “2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bayram tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, Navro‘z bayramini munosib nishonlash uchun “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya asosida tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy va targ‘ibot tadbirlari dasturi ishlab chiqilib, uning amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Joriy yilda Navro‘z bayramining muborak Ramazon hayiti bilan hamohang tarzda nishonlanishi munosabati bilan insonparvarlik va saxovat tamoyillariga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar holidan xabar olish va ularga xayriya tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlari, “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi hamda umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.
Bayram munosabati bilan Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillari, madaniy dasturlar va turli ommaviy tadbirlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
-
Jamiyat3 days ago
Гидрометеорология хизмати қор кўчиш хавфидан огоҳлантирди
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Moʻgʻulistondagi istiqbolli uran konlarini kashf etadi
-
Dunyodan5 days ago
Sochida bir kunda ikki marta zilzila sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days agoSodiqlik kartasini skanerlash va xarid uchun to‘lov qilish — endi payme’da barchasi bir urinishda!
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi
-
Jamiyat4 days agoTurkiyada o‘zbekistonlik yana bir ayolning jasadi topildi
-
Dunyodan3 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat4 days agoQibrayda taqiqlangan dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
