Jamiyat
Farg‘onada “prava”siz ayol uch odamni urib yubordi, bir kishi to‘shakka mixlandi: jabrlanuvchilar sud hukmidan norozi
Tanishining Onix mashinasini boshqargan Xadichabonu Xabibullayeva sun’iy do‘nglik bilan ajratilgan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli ayolni ikki yosh bolasi bilan urib yuborgan. Oqibatda ayol og‘ir tan jarohati olib, to‘shakka mixlanib qolgan. Ruldagi ayolning haydovchilik guvohnomasi ham, avtomobilni boshqarishga ishonchnomasi ham bo‘lmagan. Sud esa yetkazilgan zarar uchun sudlanuvchidan jabrlanuvchilar foydasiga 280 ming so‘m undirishni belgilagan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Sun’iy do‘nglik shaklidagi piyodalar yo‘laklari avtomobilda odamlarni urib ketish hollari oldi olinishiga umid qilingandi. Ammo Farg‘onadagi bir holatda ayol va ikki go‘dakni o‘sha sun’iy do‘nglik ham qutqara olmadi.
Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan Xadichabonu Xabibullayeva 2025 yil 11 oktyabr kuni tanishining Onix mashinasini boshqargan. U Farg‘ona shahrining ko‘chalaridan birida sun’iy do‘nglik bilan ajratilgan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli Dilafruz Sayfullayeva, uning 3 yoshli o‘g‘li Yasinboy Abdurahmonov hamda 2,5 yoshli jiyani Hadiya Qodirovalarni urib yuborgan. Zarba kuchidan ayol va bolalar bir necha metrga uchib ketgan.
Dilafruz Sayfullayeva
Hadiya Qodirova
Yasinboy Abdurahmonov
Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan Dilafro‘z Sayfullayeva hamon to‘shakka mixlanib yotibdi. Ma’lum muddat shifoxonada davolanib chiqqaniga qaramay uning o‘g‘li va jiyanida “avtoavariya” asoratlari saqlanib qolgan.
“Mashina urgan paytda qizim, ikki nevaram uch tarafga uchib ketgan. Mashina boshqargan qizning “prava”si ham bo‘lmagan. Bir tanishining mashinasini beruxsat minib chiqqan ekan. Qizim shifoxonada davolanganiga qaramay haligacha to‘shakka mixlanib yotibdi. Yonidagi choyni ham olib icha olmaydigan holatda. Nevaralarimda ham “avariya” asoratlari qolgan, miyalari chayqalgan. Kechalari bezovta bo‘lib uxlay olmay tagini xo‘llab qo‘yishyapti. Ilgari undan holat kuzatilmagandi. Eng achinarlisi, qizim va nevaralarimni shu holga solgan haydovchi ayol yordam berish o‘rniga konsertlarda, to‘yu tomoshalarda mazza qilib o‘ynab yuribdi. Pinagini ham buzgani yo‘q. Sud hukmidan norozimiz. Holatga nisbatan juda yengil hukm chiqarildi.
Turmush o‘rtog‘im II guruh nogironi, o‘zim pensionerman. Topgan pulimizni qizimiz sog‘ligini tiklashga sarf qilyapmiz. O‘sha ayolga noilojlikdan qo‘ng‘iroq qilib dori-darmonga yordam so‘rasam vaqtim yo‘q, ishlarim ko‘p, deb bahonalar bilan telefonni qo‘yib qo‘yadi”, deydi Dilafro‘z Sayfullayevaning onasi Guljamol Qodirova.
Guljamol Qodirova
Holat yuzasidan tergov bo‘lib o‘tgan. Xadichabonu Xabibullayevaga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va ish sudga oshirilgan.
Xadichabonu Xabibullayeva sudda jabrlanuvchi tomonning davolanishi uchun tanishi, ya’ni u boshqargan mashina egasi tomonidan 20 mln so‘mdan ortiq, o‘zi tomonidan esa 18 mln 750 ming so‘m pul sarflanganini, qo‘shimcha yana 20 mln so‘m bermoqchi bo‘lgani, ammo Dilafro‘z Sayfullayeva hamda uning qonuniy vakili 100 mln so‘m so‘ragani haqida ko‘rsatma bergan.
Jabrlanuvchi Dilafro‘z Sayfullayeva esa o‘z ko‘rsatmasida shifoxonadan chiqqandan so‘ng sudlanuvchi holidan xabar olmay qo‘ygani bildirgan. Shuningdek, u uzoq muddat davolanishi lozimligi sababli Xadichabonu Xabibullayevadan 100 mln so‘m so‘rashganini, ammo sudlanuvchi ushbu mablag‘ni berishdan bosh tortayotgani aytib, suddan unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Farg‘ona shahar sudi hukmi bilan Hadichabonu Habibullayeva Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud hukmi bilan Xadichabonu Xabibullayevadan jabrlanuvchi foydasiga 280 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Sud hukmidan norozi bo‘lgan jabrlanuvchi va qonuniy vakil yuqori instansiya sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Dilafro‘z Sayfullayeva sud ish holati bo‘yicha Xadichabonu Xabibullayevaga yengil jazo tayinlagan, deb hisoblamoqda. Qolaversa, u yetkazilgan zarar sudlanuvchi tomonidan qoplanmaganini ta’kidlayapti.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismidagi qilmish, ya’ni transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lishi 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamiyat
1 iyuldan mahallalar boshqaruvida muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi
Prezidentning «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan mahallalar boshqaruvi tizimida qator yangiliklar joriy etiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga qo‘shimcha vakolatlar berilib, «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi belgilanadi.
Prezidentning 2026 yil 24 iyunda qabul qilingan PF–116-sonli farmoni bilan mahalla boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 1 iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududiy dasturlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi beriladi.
Shuningdek, mahallada birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan fuqarolarga nisbatan sud-tergov organlari yengillik qo‘llagan taqdirda, «mahalla yettiligi» ularni qayta tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va ta’limga yo‘naltirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Agar kafillikka olingan shaxs uch yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, uning ijobiy tarbiyasida faol ishtirok etgan «mahalla yettiligi» a’zolarini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Farmon bilan, shuningdek, mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga noqonuniy aralashuv yoki ularni xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari yuzasidan tuman (shahar) hokimlariga taqdimnoma kiritish vakolati ham berildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p hududlar qaysilar?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi qariyb 38,4 million nafarga yetgan. Shu bilan birga, mamlakatda aholi soni eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar reytingi ham ma’lum qilindi.
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil 1 aprel holatiga aholi soni eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Namangan shahri 731,3 ming aholi bilan birinchi o‘rinni egallagan. Ikkinchi o‘rinda 607,6 ming aholiga ega Samarqand shahri, uchinchi o‘rinda esa 588,6 ming kishi yashaydigan Urgut tumani qayd etilgan.
Reytingning keyingi o‘rinlaridan Andijon shahri (506 ming kishi), Denov tumani (442,7 ming kishi), Olmazor tumani (419,6 ming kishi), Pastdarg‘om tumani (401,5 ming kishi), Yunusobod tumani (395 ming kishi), Shayxontohur tumani (374,6 ming kishi) hamda Asaka tumani (369,6 ming kishi) joy olgan.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 aprel holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni qariyb 38,4 million nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
5 kilogrammdan ortiq gashish, marixuana va minglab dori vositalari aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda 5 kilogrammdan ortiq gashish, 7 kilogrammdan ziyod marixuana hamda minglab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina YPX maskanida tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning qo‘l sumkasidan jami 5 kilogramm 32 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Yana bir holatda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etildi. Shuningdek, uning xonadondan 7 kilogramm 79 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi ham olindi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon – Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi ikki yo‘lovchiga tegishli qoplardan 1200 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi.
Tadbir davomida ular bilan bog‘liq bo‘lgan yana uch nafar shaxs ushlanib, ulardan jami 345 dona «Tropikamid» hamda 15 dona «Regapen» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov davomida mazkur shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelib, sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi
Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hayot Davlatov 1979-yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1999-yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006-yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – menejment, iqtisodchi.
U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investisiya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, u 2021-2024-yillarda Kogon shahar hokimi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 2024-yildan ayni vaqtga qadar Peshku tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.
Jamiyat
3 oyda bolalar kontentiga oid 1068 ta qonunbuzilish aniqlandi
Bolalarning sog‘ligi va ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilish holati aniqlangan OAVlar ogohlantirilib, ko‘rsatmalar yuborilgan.
O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida internet nashrlari, telekanallar, bosma OAV va nashriyot mahsulotlarida bolalarning sog‘ligi hamda ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborot mahsulotlariga oid 1068 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularning aksariyati kontentni yoshga qarab tasniflash va markirovka qilish talablariga rioya etilmagani bilan bog‘liq.
Bu haqda 23 iyun kuni Axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi o‘tkazgan «Raqamli davrda bolalarning axborot xavfsizligi: OAV mas’uliyati, kiberhimoya va etik mezonlar» mavzusidagi treningda ma’lum qilindi.
Inspeksiya boshlig‘i maslahatchisi Asad Xo‘jayevning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan hozircha jazo choralari qo‘llanmagan.
«Bu qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan biz ko‘rsatma xatlari yubordik. Xatda har bitta holatni mutaxassislar ishtirokida tahlil qilib, takrorlanmasligi uchun profilaktika ishlari olib borishlarini so‘radik. Hozircha bu masalada jazolash bo‘yicha biror chora ko‘rmadik.
Maqsadimiz — bu zararli kontentlarni to‘g‘ri baholay oladigan ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish va malakasini oshirish. Agar shundan keyin ham shunday holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, ularga nisbatan chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi Asad Xo‘jayev.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat3 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport5 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Dunyodan4 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
