Iqtisodiyot
Farg‘onada joriy yilda 4,2 mlrd dollarlik loyihalar ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilish avvalida so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan tizimli islohotlarning natijalari tahlil qilindi. Yer va qazilma boyliklari cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, hududda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va axborot texnologiyalari sohalarida barqaror o‘sish ta’minlandi.
Jumladan, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yilda 7 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, 26,6 million so‘mga yetdi yoki 3,8 barobar o‘sdi. Bu iqtisodiy faollik va aholi daromadlari sezilarli oshganini ko‘rsatadi.
Bandlik va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham ijobiy sur’at qayd etildi. O‘tgan yilda 519 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, ularni daromadlari oshirildi va 53 ming oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Endilikda 2026 yil yakuniga qadar ishsizlikni 3 foizga, kambag‘allikni esa 2,7 foizga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Investitsiya va tashqi savdo sohasida ham sezilarli o‘sishga erishildi. Viloyatda 26 ta yirik, 357 ta o‘rta va kichik investitsiya loyihalari ishga tushirilib, salkam 3 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Eksport hajmi izchil oshdi, eksportchi korxonalarning soni kengaydi.
Qishloq xo‘jaligida o‘tgan yili 94,3 ming gektar maydonda 816,7 ming tonna g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 86,6 sentnerni tashkil etdi. Paxtachilikda 72 ming gektarda 324 ming tonna hosil olindi. Meva-sabzavot eksporti 403 million dollarga yetdi. Tomorqachilik va ixcham issiqxonalar orqali minglab xonadonlar barqaror qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Yig‘ilishda Farg‘ona viloyatini rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Qayd etilganidek, viloyatda investitsiya va eksport hajmlarini izchil oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga tizimli hamda manzilli yondashish talab etiladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyati uchun umumiy qiymati 8,2 milliard dollar bo‘lgan yangi yirik loyihalar paketi shakllantirilgan.
Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning 2,7 milliard dollari sanoat, 210 million dollari qishloq xo‘jaligi, 1,2 milliard dollari servis va turizm sohalariga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, o‘tgan yillarda sanoat maqsadlari uchun ajratilgan 2 ming 115 gektar yer maydonining 40 foizi haligacha auksionga chiqarilmagani qayd etildi. Qo‘shimcha yer ajratishdan oldin mavjud bo‘sh yerlar infratuzilmasini yaxshilash va ularni tadbirkorlarga taklif etish orqali investitsiya loyihalarini joylashtirish samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Joriy yilda jami 595 ming nafar, shundan 98 ming doimiy ish o‘rni yaratish, 423 ming aholini daromadli qilish hamda 74 ming ish o‘rnini “soya”dan chiqarish rejalashtirilgan.
Buvayda, Uchko‘prik, Quva, O‘zbekiston, Yozyovon tumanlari hamda Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘qon va Quvasoy shaharlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda 7 ta tuman va 132 ta “og‘ir” mahallada infratuzilmani yaxshilash orqali ishsizlik va kambag‘allikni ikki karra qisqartirish uchun 800 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, banklar tomonidan “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 1,4 trillion so‘mlik kredit resurslari yo‘naltiriladi.
Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot mahsulotlarini xom holda emas, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida sotish orqali eksport hajmini 510 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi. Shu bois, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 175 million dollar bo‘lgan agrologistika markazlari barpo etiladi.
O‘zbekiston, Beshariq va Oltiariq tumanlarida chorvachilik, sutni qayta ishlash va naslli jo‘ja yetishtirish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 21 million dollar bo‘lgan 4 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy infratuzilmani aholining o‘sishiga mos ravishda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Joriy yilda 33 ta maktab qurilishi va rekonstruksiyasi uchun 343 milliard so‘m ajratilmoqda. Hudud rahbarlariga qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish va xususiy sektorni jalb qilish orqali infratuzilmani yaxshilash vazifasi qo‘yildi.
Turizm salohiyatini kengaytirish maqsadida So‘x tumanida Ugam va Miraki tajribasi asosida turizm majmualari tashkil etiladi, Farg‘ona tumanida yirik turistik-rekreatsion zona barpo qilinadi. Qo‘qon shahrida yangi turizm maskanlari barpo etilib, madaniy meros ob’yektlari bo‘ylab sayohat marshrutlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida 17 ta davlat idorasini “Yangi O‘zbekiston” massiviga ko‘chirish orqali aholiga barcha davlat xizmatlarini bir joyda ko‘rsatadigan qulay va samarali tizimni shakllantirish vazifasi belgilandi.
Axborot texnologiyalari sohasida Farg‘ona viloyati iqtisodiyotining muhim drayveri sifatida AT yo‘nalishini jadal rivojlantirish rejalashtirilgan.
Hozirda viloyatda 139 ta IT-park rezidenti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda axborot texnologiyalari xizmatlarining hajmini 3,5 trillion so‘mga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Farg‘ona shahrida yangi IT-park va majmuasi, Marg‘ilon shahrida xalqaro IT oliygohi, shuningdek, Farg‘ona shahrida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida har bir loyihani aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan uzviy bog‘lab amalga oshirish, belgilangan vazifalar ijrosi uchun mutasaddilarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
-
Iqtisodiyot1 hour ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
