Jamiyat
Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
31 mart kuni avtokredit rasmiylashtirish uchun bankka borgan fuqaro bedarak yo‘qoldi. Ko‘p o‘tmay bank xodimi qo‘lga olindi, u o‘zaro janjal oqibatida mijozni o‘ldirib, jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan. Hozirda jasadni qidirish ishlari olib borilmoqda.
Foto: Wikimedia/Getty images
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro S.E joriy yilning 31 mart kuni avtokredit rasmiylashtirish maqsadida Qo‘qon shahridagi bankka borgan va shundan keyin bedarak yo‘qolgan. Uning yaqinlari Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, u bank binosini bank xodimi bilan birga tark etgan, ikki soat o‘tib xodim yolg‘iz qaytib kelgan.
Bosh prokuratura axborot xizmati tergovga qadar tekshiruv davomida Qo‘qon shahridagi banklardan birining kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinganini ma’lum qildi. U mijozni o‘ldirib, jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan.
U S.E. 31 mart kuni aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida filialga kelgani, u bilan filialda o‘zaro tortishib qolgani, Tracker rusumli avtomashinasida o‘zaro gaplashib olish uchun yo‘lga chiqib, O‘zbekiston tumani «Taraqqiyot» MFY hududiga kelgani, bu yerda mashina ichida oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yin sohasiga bir necha marta zarba berib o‘ldirganini aytgan.
U shundan so‘ng ish joyiga qaytib kelgan, murdani mashinasida qoldirgan, soat 19:00 larga qadar ishda bo‘lib, ishdan so‘ng, avtomashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumanidagi To‘lash mahallasi hududidan oqib o‘tgan qismiga borib, murdani kanalga tashlab yuborganini bildirgan.
Holat yuzasidan JKning 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.T. qo‘lga olingan. Ayni vaqtda jabrlanuvchining jasadi topilmagan, qidiruv ishlari davom etmoqda.
Qidiruvga FVVning Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari jalb etilgan. Shuningdek, mahalliy aholi vakillari ham qidiruv ishlarida ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida ham IIB xodimi tomonidan urib yuborilgan shaxsning jasadi Farhod kanalidan 80 kundan so‘ng topilgan edi.