Iqtisodiyot

Farg‘onada 4,2 mlrd dollarlik loyihalar ishga tushiriladi

Published

on


4 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilda hududda umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish rejalari muhokama qilindi. Loyihalar sanoat, qishloq xo‘jaligi, servis va turizm sohalarini qamrab oladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Farg‘ona viloyatida investitsiya va eksport hajmlarini izchil oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga manzilli yondashish talab etiladi. Shu maqsadda viloyat uchun umumiy qiymati 8,2 milliard dollar bo‘lgan yangi yirik loyihalar paketi shakllantirilgan.

Ma’lum qilingan rejalarga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 4,2 milliard dollarlik loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Ularning tarkibida: 2,7 milliard dollar — sanoat sohasiga, 210 million dollar — qishloq xo‘jaligiga, 1,2 milliard dollar — servis va turizm yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, sanoat maqsadlari uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, o‘tgan yillarda sanoat uchun ajratilgan 2 115 gektar yerning 40 foizi hali auksionga chiqarilmagani qayd etildi. Shu bois qo‘shimcha yer ajratishdan oldin mavjud bo‘sh yerlar infratuzilmasini yaxshilash va tadbirkorlarga taklif etish orqali loyihalarni joylashtirish samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari har bir loyihani aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan bog‘lab amalga oshirish, belgilangan vazifalar ijrosi uchun mutasaddilarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version