Jamiyat
Farg‘onada 1,5 mlrd so‘mlik hujjatsiz dori savdosi fosh etildi
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, o‘ziga tegishli noturar binoda hujjatlarsiz chakana dori savdosi bilan shug‘ullanayotgan paytida fosh etildi. Undan umumiy qiymati 1 mlrd 565 mln so‘mlik, asosan hujjatsiz dori vositalari topildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro tadbirkor sifatida rasman davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida joylashgan o‘ziga qarashli noto‘g‘ri maqsadda foydalanilayotgan noturar binoda tegishli ruxsat va hujjatlarsiz tibbiy dori vositalarini chakana sotib kelgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu manzil ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv natijasida binoda jami 66 turdagi 41 319 dona dori vositalari borligi aniqlandi, shulardan 56 turdagi 36 361 dona dori vositasining muvofiqlik sertifikatlari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi, dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 565 mln so‘m etib baholandi.
Dorilar tegishli sharoitlar talablariga to‘la javob bermaydigan holda saqlangani ham qayd etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi (sifat talablariga javob bermaydigan yoki belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalari bilan noqonuniy muomala) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
“Hokimiyatdan kelgan topshiriqni deb, bolamga kuyib o‘tiribman” – o‘lim bilan tugagan “Andijon polkasi” tafsilotlari
23 iyun kuni “Andijon polkasi” Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi: viloyat markaziy stadionida 20 ming odam bir vaqtda raqsga tushdi.
Raqsga tushganlar orasida Asaka tumanidagi 14-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 15 yoshli Farrux Ne’matov ham bor edi.
U o‘sha kuni tadbirdan qaytishda o‘zi o‘qiydigan maktab direktori boshqaruvidagi Damas’da avtohalokatga uchrab, shifoxonada vafot etdi.
Tafsilotlar – Kun.uz muxbiri reportajida.
Surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, “Andijon polkasi”ni Ginnes rekordlar kitobiga kirishi uchun stadionda katta tadbir uyushtirilgan va bunga maktab o‘quvchilari jalb qilingan. 23 iyun kuni boshqa maktablar qatori Asaka tumanidagi 14-maktabning o‘quvchilari ham tadbirda qatnashgan. O‘sha kuni YTH oqibatida vafot etgan 8-sinf o‘quvchisi Ne’matov Farrux ham maxsus avtobuslarda stadionga borgan. Tadbir tugagach u 5 nafar sinfdoshlari bilan maktab direktorining “Damas” avtomashinasiga o‘tirib uyga qaytayotgan bo‘lgan.
YTH sodir bo‘lgan chorraha
Maktab o‘quvchilari mingan mashina asosiy yo‘ldan kelib chapga qayrilmoqchi bo‘lgan paytda qarama qarshi tomondan kelayotgan “ZIL” yuk mashinasi “Damas”ning orqasiga kelib urilgan. Oqibatda “Damas” ag‘darilib ketgan.
“Sog‘lom o‘g‘limni o‘ldirib berishdi”…
“Bir kun avval o‘g‘limning sinf rahbari telefon qilib ertaga “Andijon polkasi” tadbiriga Farruxni jo‘nating iltimos deb qayta-qayta tayinladi. Xo‘p dedim. 15 yoshga kirib pul topadigan bo‘lib qolgandi o‘g‘lim. Chiroyli qilib kiyintirib maktabiga jo‘natdik. Chorsilarni beliga tugib xursand bo‘lib do‘sti bilan uydan chiqib ketdi.
marhum Farrux Ne’matov
Bir payt qo‘shnim yugurib kirdi. Durdonaxon, bolalarimiz “avariyaga” uchrabdi, qolgan bolalar yaxshi ekan, bitta sizning bolangizni boshi yorilibdi, tikishyapti ekan dedi. Viloyat shifoxonasiga qarab ketdik. Farruxbek besh-olti soatda chiqdi operatsiyadan. Amaliyot juda uzoq cho‘zildi.
O‘qituvchilarning o‘zi qon berdi o‘g‘limga. Ichki a’zolari majaqlanib ketgan ekan. O‘ziga kelmadi o‘sha kuni kechasi bilan ham. Ertasi kuni 24 iyunda joni uzildi-da bolamni. Farruxbek o‘g‘lim katta farzandim edi. Uydan soppa-sog‘ chiqib ketgan edi.
Aslida tadbirni tashkillagan tashkilotlar, hokimiyat o‘quvchilarni maxsus avtobusda olib borib, olib kelib qo‘yishlari kerak edi. O‘zboshimchalik bilan avtobusga chiqmay “Damas”ga chiqqan deb, endi aybni o‘g‘limga ag‘darib qo‘yishyapti. Aybdorlar qonun oldida javob bersin. Guldek o‘g‘limdan ayrildim”, deydi marhum Farrux Ne’matovning onasi Durdona Qosimova.
Durdona Qosimova, marhumning onasi
Avtobus ketib qolgach, direktorning “Damas”iga chiqishgan ekan…
“Jiyanim do‘stlari bilan tadbirga avtobusda borgan. Tadbirdan keyin bolalar ust-boshlarini almashtirib chiqqunicha, avtobus ketib qolgan ekan. Ko‘chada qolgan bolalar bizni olib ketinglar deb, domlasiga telefon qilgan. Shundan keyin maktab direktori o‘zining “Damas” mashinasida bolalarni olib ketayotgan bo‘lgan. Chorrahaga yetganlarida baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda.
Jiyanim Muhammadrizo Qambarovning holati og‘ir edi, endi hozir “operatsiyadan” keyin ancha o‘ziga kelib qoldi. “Damas”da 2011 yilda tug‘ilgan 6 nafar sinfdosh do‘stlar bo‘lgan”, deydi YTH oqibatida shifoxonaga tushib qolgan Muhammadrizo Qambarovning tog‘asi Oybek Ibragimov.
Oybek Ibragimov
2 o‘quvchi shifoxonada, qolganiga ruxsat berdik…
“23 iyun kuni Andijon-Asaka avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga olti nafar jabrlangan o‘quvchi olib kelindi. Olti nafardan biri o‘ta og‘ir holatda kelgan. Ertasi kuni o‘sha og‘ir bemor vafot etgan. Qolgan besh nafar bemor turli jarohatlar bilan davolangan. Ulardan uch nafariga holati yaxshilanganidan keyin uyiga ruxsat berildi. Hozirda ikki nafari shifoxonada davolanyapti” – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali direktori o‘rinbosari Abdumutalib Akbaraliyev.
Abdumutalib Akbaraliyev
Kun.uz muxbiri bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha tegishli idoralardan izoh olmoqchi bo‘ldi. Ammo biror bir tashkilot xodimi holatga munosabat bildirishni istamadi.
Ayni paytda YTH yuzasidan Asaka tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilyapti.
Ma’lumot o‘rnida, 24 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatildi.
Jamiyat
O‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talik ro‘yxatga kiritildi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti eng yuqori – 101–200 o‘rinlar bandida qayd etildi.
Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan “THE Sustainability Impact Ratings -2026” (avvalgi THE Impact Ratings) natijalari e’lon qilindi.
2026 yilgi reytingga O‘zbekistonning 50 ta oliy ta’lim tashkiloti kiritildi va ularning 24 tasi dunyoning top-1000 talik oliy ta’lim tashkilotlari qatoridan o‘rin oldi.
Ular orasidan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti eng yuqori — 101–200 o‘rinlar bandida qayd etildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti va «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti – 201-300-o‘rinlar bandiga kiritilgan bo‘lsa, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti 301-400-o‘rinlar bandidan joy oldi.
Foto: gov.uz
Shuningdek, top-1000 talikka Farg‘ona davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Termiz davlat universiteti, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti (401-600-o‘rinlar), International School of Finance Technology and Science, Navoiy davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (601-800-o‘rinlar), Farg‘ona davlat universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Toshkent farmatsevtika instituti (801-1000-o‘rinlar) kiritildi.
2021 yilda THE Impact Ratings reytingida O‘zbekistonning 12 ta, 2022 yilda 30 ta, 2023 yilda 47 ta, 2024 yilda 53 ta, 2025 yilda 59 ta oliy ta’lim tashkiloti o‘rin egallagan edi.
Jamiyat
Xatirchida 6 oylik o‘g‘lining og‘ziga paypoq tiqib o‘ldirgan ota 15 yilga qamaldi
Ota chaqalog‘i yig‘lagani uchun uni urgan va ovozi chiqmasin, deya og‘ziga paypoq tiqib qo‘ygan. Oqibatda bola nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. Ushbu bolaga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik haqida jamoatchilikni Kun.uz o‘z manbalariga tayanib xabardor qilgandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudida farzandini o‘ldirgan otaga hukm o‘qildi. Kun.uz mazkur hukm bilan tanishdi.
Hukmda yozilishicha, 2026 yil 9 yanvar kuni 1993 yilda tug‘ilgan F.N. dam olish maqsadida xonasiga kirganida 6 oylik o‘g‘li yig‘lab, xarxasha qilib unga xalal berganidan jahli chiqqan. Shunda u yaqinlarining ko‘z o‘ngida bolaning og‘ziga paypoq tiqib, bir necha marta ikki qo‘lidan ushlab siltab qo‘yib yuborishi oqibatida bolaning boshi divan yog‘ochiga tekkan va sog‘ligi yomonlashib klinik o‘lim qayd etiladi.
Sud tibbiy ekspertizasi xulosasida chaqaloqning o‘limi miya qattiq va yumshoq pardalari ostiga va miyachaga qizil qora qon quyilishi, miya va o‘pkalar shishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligidan kelib chiqqanligi aytilgan.
F.N. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni) va “j” (o‘ta shafqatsizlik bilan) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, 9 yanvar kungi ushbu qiynoq va zo‘ravonlik haqida jamoatchilikni Kun.uz o‘z manbalariga tayanib xabardor qilgandi. Jumladan, yig‘lagani uchun ota o‘zining 6 oylik o‘g‘il bola chaqalog‘iga tan jarohati yetkazgan va uning og‘ziga paypoq tiqqan. Shundan so‘ng chaqaloqning ahvoli og‘irlashib, ko‘kara boshlagan.
Chaqaloq onasi tomonidan zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qarama bola 14 yanvar kuni soat 11:30 lar atrofida shifoxonada vafot etgan.
Dastlab holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Jamiyat
Malayziyaga sayohatga borgan uch o‘zbekistonlik “aybsiz aybdor” bo‘lib o‘limga hukm qilingandi
Bundan 10–11 yil avval Malayziyada giyohvandlik moddalari bilan ushlangan o‘zbekistonliklar osib o‘ldirish jazosiga hukm qilingan. Ular o‘zlari tanimagan odamlarga tegishli giyohvand moddalarni olib kirgani uchun qo‘lgan olingan. E’tiborlisi ular jomadonlariga giyohvand modda yashirilganidan bexabar bo‘lgan. Bu haqda sobiq DXX xodimi o‘z xotiralari bilan bo‘lishgan.
Iste’fodagi DXX xodimi O‘ktam Suvonov Xavfsizlik YouTube kanaliga bergan intervyusida aytishicha, bundan 10-11 yil avval o‘zbekistonlik 2 ayol va 1 erkak sayohat maqsadida Malayziyaga borishadi. Ular o‘zlari tanimagan odamlarga tegishli giyohvand moddalarni olib kirishgani uchun qo‘lga olingan. E’tiborlisi ular jomadonlariga giyohvand modda yashirilganidan bexabar bo‘lgan. Suvonov xizmat faoliyati davomida mazkur ishga oydinlik kiritish maqsadida Malayziyaga borib, o‘lim jazosiga hukm qilingan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv tafsilotlarini shunday xotirlaydi:
“Bir o‘rmon ichida joylashgan qamoqxonaga bordim. Juda ayanchli, ayollar qamoqxonasi. Kameraga kirib, o‘lim jazosiga hukm qilingan o‘zimizning fuqarolarni kutdim. Eshik ochilib, bir onaxonni olib kelishdi: 56 yoshda, qo‘l-oyog‘ida kishanlar, boshi egilgan. Kiyim ham allambalo rangda. Olib kelganlar o‘zlarining tilida “to‘g‘ri qara” dedi. Ayol meni ko‘rdi-yu, ikki ko‘zidan duv yosh oqdi. “Mening hayotimda oxirgi ko‘rayotgan vatandosh o‘zbek siz bo‘lsangiz kerak.
O‘sha ayollardan birining qizi xorijlik fuqaroga erga tekkan, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin onasini Malayziyada tekinga dam olib ketishga taklif qilyapti. Onasi qo‘shnisini oladi, bu qo‘shni 54 yoshli, bir umr 25 yoshdagi nogiron qiziga qarab o‘tayotgan ayol edi. Uni olishgan, yana bir tanish yigitni olib uchovi xursand bo‘lib Toshkentga kelishgan. Uchib ketish oldidan aeroportda ularning oldiga bir notanish yigit kelib uchta bo‘sh chemodan bergan, “shu chemodanga narsalaringizni joylaysizlar, uchib ketasizlar” degan. Ular nima bo‘layotganiga tushunmay chemodanni olib narsalarini joylab, samolyotga kechikib borishgan va o‘tib ketishgan. Kuala-Lumpurda tushgandan keyin ularni hech kim kutib olmagan.
Aeroport xavfsizlik xizmati tekshiruvida ularning chemodanidan har biridan 4 kilogrammdan sintetik giyohvand modda (metamfetamin tabletkasi) chiqadi. So‘roqda ular buni kimdan olganini, kim olib kelib berganini ham ayta olishmagan va aybsiz aybdorga aylanishgan.
Ikkinchi ayol bilan gaplashganimda shunchalik ezilganmanki, tasavvur qiling u ayol 25 yil davomida uyda o‘tirib nogiron bolasini tarbiyalab-o‘stirgan. “Yuring, bir dam olib, havo almashtirib kelasiz, muammolaringizni sal unutasiz”, deb olib ketilib, o‘limga olib boryapti. Xayoliga ham kelmagan narsa”.
Sobiq DXX xodimi intervyu davomida mazkur safarni tashkil etgan shaxslarni, jumladan, onasini Malayziyaga taklif qilgan qiz ortida kim turganini aniqlashga harakat qilganini, biroq buning uddasidan chiqa olmaganini aytdi. Ayni paytda bu 3 nafar o‘zbekning keyingi taqdiri noma’lumligicha qolgan.
Jamiyat
Chirchiqda kanalga tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari tomonidan tezkorlik bilan qutqarildi. Jabrlanuvchiga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifokorlarga topshirildi.
26 iyun kuni soat 09:50 atrofida Chirchiq shahrining Do‘stlik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalida suv oqimida oqib ketayotgan fuqaro aniqlandi.
Dastlab uni Kamolot GES xodimlari payqab qolgan. Ular zudlik bilan holat haqida Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Xabardan so‘ng qutqaruvchilar qisqa vaqt ichida voqea joyiga yetib kelib, suvga sho‘ng‘igan holda fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Jabrlanuvchiga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u keyinchalik shifokorlar nazoratiga topshirilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda uning ahvoli yaxshi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ehtiyotsizligi sababli kanalga tushib ketgan. U suzishni bilmagani uchun kuchli suv oqimida oqib ketgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati fuqarolarni suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
-
Iqtisodiyot5 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat2 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Mahalliy5 days ago
Xavfsizlik kamaridan ozod qiluvchi ma’lumotnoma onlayn beriladi!
-
Dunyodan3 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
