Sport
Fantastik gol, bahsli penalti va so‘nggi daqiqalardagi drama. «Siti» g‘alabani ilib ketdi
«Enfild»dagi o‘yin voqealarga boy bo‘ldi: Husanov Donnarumma bilan to‘qnashuvdan keyin almashtirildi; mehmonlar qo‘shimcha daqiqalarda kambek amalga oshirdi; so‘nggi daqiqada esa noodatiy holat kuzatildi: arbitr Holandga ishlatilgan fol uchun «Siti»ning uchinchi golini bekor qildi – shu kuni uchrashuv qahramoni bo‘lishi kutilgan Soboslaiga esa qizil kartochka ko‘rsatildi.
«Siti» «Arsenal» bilan 6 ochkolik farqni tikladi
«Liverpul» – «Manchester Siti» 1:2
Gollar: Soboslai, 74 (1:0). Bernardu Silva, 84 (1:1). Holand, 90+3 – penalti (1:2)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez (Kiyeza, 90+4), Soboslai, Makallister, Gravenberh, Virs, Gakpo (Jons, 85), Saloh, Ekitike
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov (Ruben Diash, 61), Ayt Nuri, Mateus Nunes, Rodri, O`Rayli, Bernardu Silva, Marmush (Sherki, 61), Semenyo (Ake, 90+6), Holand
Ogohlantirishlar: van Deyk, 47. Alisson, 90 – Marmush, 42. Geyi, 69. Holand, 90. Bernardu Silva, 90
Chetlatish: Soboslai, 90
«Liverpul» va «Manchester Siti» uchrashuvi so‘nggi o‘n yillikda ingliz klasikosiga aylanib qoldi. Bular – kuchli tarkiblarga ega, yulduz murabbiylar ishlaydigan hamda butun yer yuzi bo‘ylab millionlab muxlislardan iborat armiyaga ega bo‘lgan ikki superklubdir. Ammo joriy mavsumda ikki jamoada ham pasayish yuzaga keldi.
Mersisaydliklar o‘tgan mavsumni a’lo darajada o‘tkazib, chempionlikni qo‘lga kiritgandi, ammo yozda keng ko‘lamli qayta qurishga qo‘l urildi va jamoa o‘z o‘yin uslubini yo‘qotdi. Yozgi transferlarda ajoyib ijrochilar jamoaga olib kelindi, ammo bu tarkib hali o‘z o‘yinini topib ololmayapti. Bu esa beqaror natijalarga sabab bo‘lmoqda. Jamoa 23-turda «Bornmut»ga yutqazgandi, keyin esa YeChLda «Qorabog‘» (6:0), APLda «Nyukasl» (4:1) yirik hisoblarda mag‘lub etildi.
«Siti»da natijalar bo‘yicha nisbatan yaxshiroq vaziyat – jamoa YeChLning so‘nggi turida kuchli sakkizlikka ilinib qoldi, APLda esa anchadan buyon ikkinchi o‘rinni hech kimga bermadi. Ammo «shaharliklar» o‘yinini ham «Liverpul»nikiga qaraganda barqarorroq deb bo‘lmaydi: «Enfild»dagi o‘yingacha Pep Gvardiola shogirdlari chempionatning so‘nggi olti turida atigi bir g‘alabaga erishgandi.
Arne Slot jamoasining mavsumdagi eng muhim o‘yinlaridan biriga o‘z ixtiyoridagi eng kuchli tarkibni tushirdi, Gvardiola esa o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan 4-4-2 sxemasini tanlab, bir vaqtning o‘zida Erling Holand va Omar Marmushga boshlang‘ich tarkibdan joy topib berdi. Natijada Foden, Sherki va Reynders zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi.
Ammo «Siti»ning bu sxemasi amalda klassik 4-4-2 ko‘rinishida emas, balki «romb»ni ifoda etardi. Unda Rodri tayanch zonasida qoldi, O’Rayli, Semenyo va Bernardu Silva muntazam ravishda raqib mudofaa chiziqlariga kirib, kombinatsiyalar uyushtirishdi. O‘yinning dastlabki qismida «Liverpul» faolroq bo‘lishga va bo‘sh hududlar topishga intildi, ammo o‘yinning 22-daqiqasiga kelib ekranda «Siti» bu vaqtgacha raqib jarima maydoni tomon 31 uzatma amalga oshirgani, mezbonlarda esa bunday uzatmalar soni atigi bitta bo‘lgani haqida titr chiqarildi.
Birinchi bo‘limda har ikki jamoa ham bir martadan penaltiga da’vogarlik qildi. Avvaliga Marmush jarima maydoniga yiqildi, ammo Kreyg Pouson bunga e’tibor qaratmadi.
Videotakror Konate raqib hujumchisi bilan kontaktni jarima maydoni tashqarisida boshlaganini ko‘rsatdi.
Bo‘lim oxirida esa Bernardu Silva jarima maydoni ichida Salohning qo‘lidan tortib qoldi. Ammo hakam bu vaziyatni ham e’tiborsiz qoldirdi, VAR yana aralashmadi.
Ikkinchi bo‘lim esa birinchisiga qaraganda intensivroq kechdi. 46-daqiqadayoq Saloh qulay pozitsiyaga chiqib bordi, ammo uning zarbasi o‘xshamadi. «Siti» darhol javob qaytardi, Alisson so‘nggi daqiqada to‘pni Marmushning oyoqlari ostidan olib qo‘yishga ulgurdi. Biroz o‘tib van Deyk Holandga ishlatilgan uchun sariq kartochka oldi.
Shundan keyin «Liverpul» tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga oldi. Mersisaydliklar to‘pni o‘zida ko‘proq vaqt davomida ushlab tura boshladi va hujumlar uyushtirdi. Ekitike ajralib turdi: fransuz hujumchisi bir necha vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo uning zarbalari darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Yana bir vaziyatda u Virsni qulay vaziyatga chiqardi, ammo Geyi zarba yo‘lini bloklab, jamoasini qutqardi.
O‘yinning bir soati ortda qolayotganida esa maydonda o‘zbekistonlik muxlislar uchun xavotirli vaziyat yuzaga keldi: Abduqodir Husanov o‘z jamoadoshi Janluijji Donnarumma bilan to‘qnashuvdan keyin shifokorlar yordamiga ehtiyoj sezdi.
Tibbiyot xodimlari unga bosh miya chayqalishi tashxisini qo‘yishdi va futbolchi maydonda qolishni istaganiga qaramay, unga o‘yinni davom ettirishga ruxsat berishmadi. Gvardiola uning o‘rniga Ruben Diashni maydonga tashladi.
O‘yinning 75-daqiqasida esa «Liverpul» raqib darvozasidan taxminan 30 metr masofada standart vaziyat ishladi. Ammo Donnarumma bu masofani uzoq deb hisobladi va «jonli devor»ga ikki kishi qo‘yish bilan kifoyalandi. Dominik Soboslai esa fantastik zarbasi bilan uni bu qarori uchun jazoladi. Darvozabon o‘rnidan qimirlashga ham ulgurmadi.
Vengriyalik yarimhimoyachi amalda mavsum boshida «Arsenal»ga urgan golini takrorladi. O‘shanda uning fantastik goli jamoasiga g‘alaba keltirgandi, ammo bu safar barchasi boshqacha kechdi.
«Liverpul»da hisobni saqlab qolish uchun o‘ynashga qaror qildi. Ammo Gvardiola shogirdlari o‘yinning so‘nggi qismida vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olishdi. 84-daqiqada Holand ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda Konatedan ustun keldi va to‘pni oldinga tashlab berdi, Bernardu Silva esa to‘pga Alisondan oldinroq yetib borib, bir teginishda darvozani aniq ishg‘ol etdi. Bu vaziyatda Soboslai ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ydi.
Hakam o‘yinga 7 daqiqa qo‘shib berdi, muxlislar o‘yin durang hisob bilan yakunlanishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi, ammo 90+1-daqiqada bosh hakam mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi. Bu ancha bahsli qaror edi, chunki Alison Nunes bilan to‘qnashganida raqib futbolchisi to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketib bo‘lgandi.
Holand esa bu sovg‘adan foydalandi va «Enfild»dagi ilk golini urdi.
Goldan keyin Gvardiola himoyani kuchaytirish uchun Akeni maydonga tashladi.
Shundan keyin maydonda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida alohida maqola yozsa bo‘ladi. Penalti tufayli qo‘shib berilgan daqiqalar uzaydi.
90+7-daqiqada Ayt-Nuri o‘yinga nuqta qo‘yishi mumkin edi, ammo Alison «Liverpul»ni o‘yinda qoldirdi. Bir daqiqa o‘tmay Donnarumma Makallisterning rikoshet bo‘lib kelgan zarbasini qaytarib qoldi.
So‘nggi daqiqada Alison raqib jarima maydoniga yetib bordi. «Liverpul» darvozaboni o‘z vaqtida qo‘shimcha daqiqalarda g‘alaba golini urgandi, ammo bu safar mehmonlar qarshi hujumga chiqib ketishdi.
100-daqiqada Sherki maydonning ikkinchi qismidan turib to‘pni yerlatib bo‘sh qolgan darvoza tomon tepdi.
E’tibor aniqlikka qaratilgani uchun zarba u qadar kuchli emasdi, Holand va Soboslai to‘pga yetib olish uchun poyga o‘ynashdi. Bu poygada ortda qola boshlagan Soboslai esa raqibini qo‘li bilan to‘xtatib, undan o‘tib ketdi.
«Liverpul» futbolchisi ham to‘pga yeta olmadi, unga endi Holand xalaqit berdi va to‘p darvoza to‘riga kirib ketdi.
Vaziyatga VAR aralashdi: Holand Soboslaiga to‘pga yetib borishga xalal qilgani uchun gol bekor qilindi, o‘z navbatida Soboslai Holandni ushlab qolgani uchun unga qizil kartochka ko‘rsatildi.
«Siti»ga g‘alaba uchun ikki gol ham yetarli bo‘ldi. «Liverpul» esa endi keyingi turda «Sanderlend»ga qarshi kechadigan o‘yinda Soboslaining xizmatlaridan foydalana olmaydi.
O‘z uyida yutqazgan mersisaydliklar to‘rtinchi o‘rindagi «Chelsi»dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda. Slot jamoasi APLning so‘nggi yetti o‘yinida atigi bir g‘alabaga erishgan. «Siti» esa hayot-mamot o‘yinidan uch ochko bilan qaytdi va «Arsenal» bilan poygani davom ettiradigan bo‘ldi – oradagi farq yana 6 ochkoni tashkil etmoqda.
Sport
Abduqodir Husanov oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi
«Manchester Siti» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Xusanov birinchi marta ota bo‘ldi. Uning oilasida o‘g‘il tug‘ildi, deb xabar beradi mahalliy OAVlar.
Bu 20 yoshli himoyachining ilk farzandi sanaladi.
Abduqodir Xusanov «Manchester Siti» va O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynaydi. U o‘z avlodining eng istiqbolli himoyachilaridan biri hisoblanadi va Yevropa futbolida raqobatlashishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, futbolchi 2025-yil 27-mayda — Angliya Premer-ligasi mavsumi tugaganidan so‘ng darhol turmush qurgandi.
Sport
«Siti» deyarli kurashdan chiqdi, Gulerdan shedevr gol. Kun o‘yinlari
«Arsenal» so‘nggi daqiqalarda muhim g‘alabaga erishdi, qatorasiga ikkinchi o‘yinda durang o‘ynagan «Siti» endi 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Chelsi» yana yutqazdi, «Real»da yirik g‘alaba.
«Arsenal» – «Everton» 2:0
Gollar: Yokeresh, 89 (1:0). Douman, 90+7 (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 74), Timber (Moskera, 38), Subimendi (Douman, 74), Rays, Eze, Madueke (Martinelli, 61), Saka, Havers (Yokeresh, 61)
«Everton»: Pikford, Kin, O`Brayyen, Mikolenko, Garner, Gana Guyye (Jorj, 90+5), Iroegbunam (Rel, 86), Dyusberi-Holl, Ndiay, Makneyl (Armstrong, 86), Betu (Barri, 69)
«Arsenal» o‘z maydonida kechgan o‘yinda to‘pga egalik qildi, ammo dastlabki 20 daqiqa ichida qarshi hujumlardan ikki bor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Birinchi holatda Rayyaning xatosidan keyin Maknilning zarbasidan keyin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni yotgan holatda oyog‘ini ko‘tarib qolish orqali to‘xtatib qoldi.
Maknilning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ndiay esa vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinroq Maknilning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi.
«Kanonirlar» esa tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay (birinchi bo‘limning o‘zida 13 zarba berildi), hisobni ocha olmadi. Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolgan vaziyat Havers jarima maydoni ichida yiqilishi bo‘ldi. Bu epizodda Kin avvaliga raqib hujumchisining oyog‘ini bosib oldi, keyin esa qo‘llari bilan turtib yiqitdi, ammo bosh hakam va VAR xonasidagilar kontakt penalti uchun yetarli emas deb topdi.
Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar uzoq masofadan zarba berishga e’tibor qarata boshladi, xususan, Ezening aylantirib yo‘llagan zarbasiga Pikford yetib bora olmadi, ammo to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urdi va tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi o‘rniga o‘ng qanot vingeri Doumanni maydonga tashladi. Aynan shu o‘zgarish o‘yinni hal qildi. Avvaliga ushbu yosh yarimhimoyachining o‘ng qanotdan uzatmasidan keyin Pikford to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Inkapiye esa to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga yetib kelgan Yokereshning oyoqlari ostiga tashlab berdi.
So‘nggi daqiqalarda mehmonlar hisobni tenglashtirish umidida to‘liq tarkib bilan oldinga tashlandi, Douman esa burchak zarbasidan keyin uyushtirilgan qarshi hujumda bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, APL tarixiga kirdi. Maks 16 yosh-u 73 kunligida liga tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu orqali u Jyeyms Von tomonidan 2005 yilda o‘rnatilgan rekordni (16 yosh-u 270 kun) yangiladi.
Shu tariqada, bu mavsumda zaxiradan tushgan futbolchilari 11 bor gol urgan Mikel Arteta jamoasi qiyinchilik bilan bo‘lsa-da muhim g‘alabaga erishdi.
«Chelsi» – «Nyukasl Yunayted» 0:1
Gol: Gordon, 18 (0:1)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana (Xato, 82), Kukurelya, Gyusto (Delap, 46), Jyeyms, Kaysedo (Lavia, 61), Fernandes, Garnacho, Palmer, Joao Pedro
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Tiau, Holl, Livramento, Uillok (Byorn, 77), Remsi, Voltemade (Joelinton, 67), Barns, Myorfi (Elanga, 78), Gordon
Ogohlantirishlar: Fofana, 23. Kaysedo, 25 – Ramsdeyl, 84. Holl, 89
«Chelsi» «qarg‘alar»ga qarshi Londonda o‘tgan oldingi 12 o‘yindan 11 tasida g‘alaba qozongandi va shanba oqshomidagi o‘yinni ushbu seriyani davom ettirish maqsadida hujumkorlik bilan boshladi. Ammo mezbonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. 18-daqiqada Palmer qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarganidan keyin «Nyukasl» muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirdi va Uillok Gordonni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib yubordi.
Tanaffusdan keyin Entoni dublga erishishi mumkin edi, ammo darvozaga qaytgan Sanches jamoasini qutqardi. U Liam Rosenior jamoasini o‘yinda qoldirdi, ammo jamoa mag‘lubiyatdan qutulib qolishni uddalay olmadi. «Chelsi» yana ochko yo‘qotib, raqobatchilarga imkon berdi: bugun «MYu» va «Aston Villa» o‘yinida g‘olib bo‘lgan jamoa ilgarilab ketadi, «Liverpul» esa «Chelsi»ni quvib o‘tib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin.
«Vest Hem» – «Manchester Siti» 1:1
Gollar: Bernardu Silva, 31 (0:1). Mavropanos, 35 (1:1)
«Vest Hem»: Hermansen, Mavropanos, Disasi, Todibo, Fernandesh, Souchek, Diuf, Van-Bissaka, Pablo (Magassa, 64), Bouen (Kante, 90+6), Kastelyanos (Traore, 75)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, Ayt Nuri (Sherki, 60), Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva (Reynders, 75), O`Rayli, Semenyo (Foden, 75), Marmush (Doku, 60), Holand
Ogohlantirishlar: Magassa, 76. Fernandesh, 89 – Marmush, 11. Bernardu Silva, 37
Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganida Bernardu Silvaning Holandga uzatmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbaga aylanib, hisob ochilganida ko‘pchilik bu o‘yin taqdiri hal bo‘lgani haqida o‘ylay boshlagandi. Ammo «Siti» bu mavsumda ishonchli o‘ynay olmayapti. Biroz o‘tib «Vest Hem» muvozanatni tikladi. Burchak zarbasidan keyin Donnarumma to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Mavropanos muvozanatni tikladi.
Bu mezbonlar uchun o‘yindagi ilk zarba edi va bu zarba chempionlik poygasida ishtirok etayotgan jamoaning oyog‘idan chalib qolish uchun yetarli bo‘ldi. Qolgan vaqt davomida «shaharliklar»ning hech qaysisi mezbonlar himoya devorida o‘tmadi, to‘p darvoza sohasiga yetib borganida esa darvozabon Hermansen ishonchli harakat qildi. Endilikda shu kuni o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli tribunada o‘tirib kuzatishga majbur bo‘lgan Gvardiola jamoasi «Arsenal»dan 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Siti»da bitta zaxira o‘yini borligiga qaramay, deyarli hech kim endi jamoa bu farqni yo‘qqa chiqara olishiga ishonmayapti.
Ispaniya: Molinaning zambarak zarbasi va tinim bilmas Valverde
«Atletiko» – «Xetafe» 1:0
Gol: Molina, 8 (1:0)
«Atletiko»: Musso, Ximenes, Langle, Pubil (Alvares, 66), Koke, Almada (Simeone, 66), Vargas (Liorente, 73), Gonsales, Molina, Baena (Grizmann, 73), Syorlot (Lukman, 66)
«Xetafe»: Soriya, Abkar, Duarte (Riko, 83), Romero, Iglesias, Kiko Femeniya (Birmanchevich, 46), Dakonam, Arambarri (Martin, 74), Milya (Munos, 90+2), Satriano, Vaskes (Liso, 74)
Ogohlantirishlar: Syorlot, 55. Vargas, 68. Molina, 90 –Romero, 60. Liso, 77. Satriano, 90
Chetlatish: Abkar, 55
Yaqinda «Real»ni mag‘lub eta olgan «Xetafe» «Atletiko»ga ham jiddiy muammolar tug‘dirdi. Shu kuni Oblak o‘rniga darvozaga turgan Musso olti seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi. Ammo mezbonlarning qariyb ikki yildan buyon gol urmayotgan himoyachisi Molina o‘yin startidayoq o‘yin taqdirini hal qildi. Argentinalik futbolchining jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘p olis «to‘qqizlik»ka borib tushdi.
Mehmonlar esa ancha osonroq vaziyatlardan gol ura olmadi. «Matraschilar»ni goh Musso qutqardi, goh «Xetafe» futbolchilari to‘g‘ri zarba bera olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Abkar qizil kartochka olib maydonni tark etganidan keyin esa amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Diyego Simeone jamoasi uchinchi o‘rinni yanada mustahkamladi.
«Real» – «Elche» 4:1
Gollar: Ryudiger, 39 (1:0). Valverde, 44 (2:0). Hausen, 66 (3:0). Manuel Anxel, 85 – avtogol (3:1). Arda Guler, 89 (4:1)
«Real»: Kurtua, Ryudiger (D. Aguado, 61), Hausen, F. Garsiya, Karvahal, Tshuameni (Arda Guler, 58), Pitarch (Palasios, 64), Kamavinga, Valverde (G. Garsiya, 58), Vinisius Junior (Yanez, 58), Dias (Manuel Anxel, 63)
«Elche»: Dituro, Petro (M. Aguado, 64), Affengryuber (Bigas, 74), Chust, Valera, Sangare (Pedrosa, 23), Redondo (Mir, 64), Febas, Sepeda (Xosan, 64), Andre Silva, Neto (Diangana, 74)
Ogohlantirishlar: Kamavinga, 55 – Valera, 62. Affengryuber, 66. Mir, 88
Hafta o‘rtasida YeChL o‘yinida katta kuch sarflagan «Real» futbolchilari ancha vaqtgacha autsayder darvozasi tomon yo‘l topa olmadi. Ammo yarimhimoyaga qaytganidan keyin yayrab o‘ynayotgan Valverdeda bu o‘yinga ham yetarli kuch qolgandi. «Selta» darvozasiga g‘alaba goli, «Siti»ga qarshi o‘yinda het-trik, shanba kuni esa uning seriyasi darvom etdi. Avvaliga Fedening zarbasidan keyin darvozabon to‘pni amallab qaytardi, qaytgan to‘pga esa Ryudiger birinchi bo‘lib yetib keldi va hisob ochildi. Bir necha daqiqa o‘tib esa barchasini Valverdening o‘zi bajardi. U jarima maydoniga yaqinlashib kelib, bir harakat bilan himoyachini yo‘lidan oldi va to‘pni to‘sin ortidan darvoza to‘riga kiritdi.
Alvaro Arbeloa 58-daqiqadayoq Vinisius Junior, Valverde va Tshuameni kabi yetakchi futolchilarini, biroz o‘tib Ryudigerni ham zaxiraga oldi, ular keyingi hafta o‘rtasida «Siti»ga qarshi javob o‘yinida kerak bo‘ladi. Ularning o‘rniga o‘yinni davom ettirgan futbolchilar ham ikkita gol urishdi. Avvaliga 18 yoshli Yanesning uzatmasidan keyin Hausen hisobdagi farqni oshirdi. O‘yin oxirlarida esa Guler maydonning ikkinchi qismidan turib fantastik gol muallifiga aylandi. U zarba bergan nuqtadan darvoza chizig‘igacha bo‘lgan masofa 68 metr chiqadi.
Yirik g‘alabadan keyin madridliklar turnir jadvalida yana «Barselona»ga bir ochkolik masofada yaqinlashib oldi, lekin kataloniyaliklar yakshanba kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yin natijasiga ko‘ra yana to‘rt ochkolik farqni tiklashi mumkin.
Sport
Shomurodov — asosiyda, Fayzullayev qaydnomada ham yo‘q
Bugun, Turkiya Superligasining 26-turi doirasida peshqadam «Galatasaroy» o‘z maydonida «Bashakshehir»ni qabul qiladi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da Istanbuldagi «RAMS Park» stadionida boshlanadi.
«Galatasaroy» 25 o‘yindan so‘ng 61 ochko bilan jadvalda 1-o‘rinda bormoqda. «Bashakshehir» esa 42 ochko bilan 5-pog‘onani egallab turibdi va yevrokuboklar uchun kurashmoqda.
«Istanbul Bashakshehir» bugungi o‘yin uchun asosiy tarkibni e’lon qildi. Eldor Shomurodov — asosiyda, Abbosbek Fayzullayev qaydnomaga ham kiritilmagan.
Sport
Osiyo Kubogi, ayollar. O‘zbekiston Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berdi
2026-yilgi Osiyo Kubogi chorak finalida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Janubiy Koreya ayollar terma jamoasidan mag‘lubiyatga uchradi. 6:0 hisobida g‘alaba qozongan koreyslar yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shunga qaramasdan, milliy jamoamiz Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. Bo‘lg‘usi raqib Yaponiya – Filippin uchrashuvida aniqlanadi — ushbu uchrashuvda yengilgan jamoa ustidan g‘alaba qozonsa, O‘zbekiston terma jamoasi 2027-yilda Braziliyada o‘tkaziladigan ayollar o‘rtasidagi JChga yo‘llanma oladi.
Agar jamoa ushbu o‘tish bahsida ham yengilsa, KXDR/Xitoy Taypeyi o‘rtasidagi o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu uchrashuv g‘olibi xalqaro pley-off o‘yinlari orqali mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi, mag‘lub musobaqani tark etadi.
2026-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida 12 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Ular uchta guruhga bo‘lingan holda bahs olib bordi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ikki nafar uchinchi o‘rin sohibi chorak final bosqichiga yo‘l oldi.
Chorak final g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Mag‘lub jamoalar esa oldindan aniqlangan setka asosida pley-off bosqichida ishtirok etadi. Pley-offda g‘alaba qozongan jamoalar Osiyoning 5 va 6-vakili sifatida mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
JCh-2027 yo‘llanmasi uchun pley-off o‘yinlari:
O‘zbekiston — Yaponiya/Filippin
KXDR — Xitoy Taypeyi
Yarim finalga yo‘l olgan Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalari allaqachon Jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishga ulgurdi. So‘nggi yarim finalchi nomi Yaponiya – Filippin uchrashuvidan keyin ma’lum bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: 2029-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Sport
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
Endi ular jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yaponiya – Filippin bahsida imkoniyatni boy bergan jamoa bilan kuch sinashishadi.
Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan ayollar o‘rtasida Osiyo kubogi chorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Janubiy koreyalik raqibalariga qarshi maydonga tushdi.
Bahs 6:0 hisobida Janubiy Koreya ayollar terma jamoasi g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘zbekistonlik ayol futbolchilar bangladeshlik raqibalarini 4:0 hisobida yengib chorak finalga chiqishgandi.
Endi ular 19 mart kuni jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yaponiya – Filippin bahsida imkoniyatni boy bergan jamoa bilan kuch sinashishadi.
Osiyo kubogida eng yaxshi natijaga erishgan olti jamoa 2027 yilgi ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
-
Jamiyat4 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat4 days agoRulda kamar taqmagan Sardor Mamadaliyev jarimaga tortildi
-
Dunyodan4 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Siyosat3 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Sport4 days agoAvstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan biri fikrini o‘zgartirdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Jamiyat1 day ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
