Jamiyat
Fanlar akademiyasi 190 gektar yeridan poytaxt hokimligi foydasiga voz kechgan. Holat yuzasidan tushuntirish berildi
Joriy yil 10-apreldagi Toshkent shahar hokimining 182-14-0-Q/26 qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek shaharchasi hududida joylashgan 190 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qabul qilingan.
Ushbu qarorning qabul qilinishiga, Fanlar akademiyasining 2026-yil 1-apreldagi «ixtiyoriy voz kechish va yer maydonini davlat zaxirasiga topshirish» to‘g‘risida xati asos bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat berib, bu 2026-yil 25-martdagi PF-46-sonli farmon ijrosi bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, farmonning 21-bandi «a» kichik bandiga asosan, poytaxtimizning ekologik holatini tubdan yaxshilash maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va unga tutash bo‘lgan jami 250 gektar maydonda zamonaviy Dendrologiya bog‘i barpo etiladi.
Farmonga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi tomonidan yer uchastkalari belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilib, Ekologiya qo‘mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi. Ekologiya qo‘mitasi hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos daraxt va butalar turlarini tanlab, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi. Mazkur loyiha asosida hududda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Fanlar akademiyasi, o‘z navbatida, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan mazkur ekologik ahamiyatga ega loyihani noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini, aholi o‘rtasida asossiz xavotirlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘ramoqda.
Jamiyat
Agentlik inspektori 20 mln so‘m bilan qo‘lga tushdi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi inspektori ushlandi. Inspektor o‘z xizmat mavqeini suiste’mol qilgan holda, noqonuniy boylik orttirmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.
Xususan, u Toshkent shahrida yashovchi, 1995-y.t. fuqaroga tegishli 7 turdagi, jami 187 dona qadoqda bo‘lgan mineral o‘g‘it mahsulotlarini «Navoiy» chegara bojxona posti orqali o‘tkazib berganligi evaziga 20 mln so‘m talab qilgan.
Mazkur noqonuniy harakat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi.
Inspektor so‘ralgan pul mablag‘ini poytaxtning Olmazor tumani hududida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahrida 2,5 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingandi.
Jamiyat
Toshkent aeroportida chet el fuqarosi giyohvand modda bilan ushlandi
Poytaxt aeroportida 6,3 kg «marixuana»ni olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
«Toshkent-Aero» IBKning «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari giyohvandlik vositalarini yashirincha olib o‘tishga uringan yo‘lovchini to‘xtatib qolishdi.
Bangkokdan uchib kelgan xorijiy yo‘lovchilardan biriga tegishli qo‘l yuki va bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, yuklar orasida turli qadoqlar ichida 12 dona polietilen o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi.
Belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu o‘ramlar ochib ko‘rilganida, ularning ichidagi yashil rangdagi o‘tkir hidli modda Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, 6,3 kgdan ziyod og‘irlikdagi quritilgan marixuanna ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur modda esa O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan giyohvandlik vositasi hisoblanadi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, «Toshkent-Aero» IBK tezkor tuzilmalari va bojxona postlari xodimlari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida aniqlangan 15 ta holatda salkam 30 kg og‘irlikdagi giyohvandlik vositalarining, shu jumladan sintetik narkotiklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.
Olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalari o‘tgan yilning shu davriga nisbata 18 kilogrammga oshgan.
Jamiyat
O‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish doirasida yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 13-aprelda qabul qilingan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment sifatida mazkur tizim amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, rezident va norezidentlar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron platformalar orqali sotish uchun bond omborlarida vaqtincha saqlaydi.
Qarorga muvofiq, bond omborlari litsenziya asosida tashkil etiladi. Ular erkin ombor faoliyati tartibida ish yuritadi. Tovarlarni sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Bunda platformalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan reyestrga kiritilgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, bond omborlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimida saqlanadi va ularni jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi. Eksperiment doirasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi. Xususan, tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, bond omboridan chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanmaydi.
Jamiyat
Ohangaron tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola tirik topildi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topildi.
Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu yerda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng aniqlangan.
Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining navbatchilik qismiga xabar bergan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.
Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan, tizzasigacha qor ichida jim holda turgan holda aniqlangan.
Bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u uyida bo‘lib, ahvoli yaxshi.
Jamiyat
O‘zbekiston va Rossiya neft-gaz hamkorligini kengaytirishga kelishdi
O‘zbekiston va Rossiya neft va gaz sohasidagi hamkorlikni davom ettirish hamda yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldi.
«Bu haqda Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin ma’lum qildi», – deb xabar qilmoqda TASS.
Rossiya hukumati rahbarining ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Rossiya mutaxassislari ishtirokida O‘zbekistonda yangi quduqlar burg‘ilanmoqda, qayta ishlash tizimlari modernizatsiya qilinmoqda va gaz transport infratuzilmasi takomillashtirilmoqda.
Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobarga oshirishni maqsad qilgan.
«Rossiya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12,5 foizga o‘sib, taxminan 1 trillion rublga yaqinlashdi. Davlat rahbarlari kelishuviga muvofiq, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni bir necha barobarga oshirishimiz kerak», – dedi u.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov esa o‘z navbatida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.
Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga oshgan va 2025-yil yakuniga ko‘ra 13 milliard dollardan oshgan.
«Joriy yilda ham ijobiy dinamika saqlanmoqda. Yilning dastlabki ikki oyida savdo hajmi yana 30 foizga o‘sdi», – dedi Aripov.
Mutaxassislar fikricha, energetika sohasidagi hamkorlikning kengayishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashi mumkin.
-
Iqtisodiyot5 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Sport5 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Sport3 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Dunyodan3 days ago
Kim Chen In Janubiy Koreya prezidentining kechirim so‘rashiga javob berdi
-
Jamiyat5 days ago
Qo‘riqlash xodimlariga ayrim qoidabuzarliklar uchun jarima yozish huquqi berilmoqda
-
Sport5 days ago
Jahon chempionatiga boradigan o‘zbekistonlik hakamlar ma’lum bo‘ldi
