Sport
Fabio Kannavaro: «Men hujumkor futbol tarafdoriman»
Milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi Kuvaytga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Temur Kapadze bilan birga ishlayotgani, ularning falsafasi o‘xshash ekani haqida gapirdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kuvaytga qarshi o‘tadigan o‘rtoqlik o‘yinidan oldin matbuot anjumanida ishtirok etib, savollarga javob qaytardi. Xususan, to‘liq himoyaviy o‘yin ko‘rsatmasligini ta’kidladi.
«Har bir uchrashuv men uchun futbolchilik davrimda ham, hozir ham qiyin. Hech qachon tayyor bo‘lmagan holda maydonga tusha olmaysiz. Shu sabab doimo futbolchilarga maksimal tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidlayman. Hattoki o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham.
Hozirda ikkita uchrashuv uchun, shu yig‘inga chaqirilgan futbolchilardan foydalanamiz, men hujumkor futbol tarafdoriman, biroq bu 90 daqiqa davomida hujum qilamiz degani emas.
Bu futbolchilar men tomonimdan chaqirilmagan bo‘lsa-da, hozirda eng yaxshi holatdagi o‘yinchilar shu yerda.
Biz murabbiylar shtabi bilan birgalikda o‘yin haqida muhokama qilamiz, bugun futbolchilar bilan ham gaplashamiz. Kim tayyor bo‘lsa, albatta, maydonga tushadi», – deya Kannavaroning so‘zlarini keltiradi O‘FA matbuot xizmati.
Italiyalik mutaxassis milliy jamoaning sobiq bosh murabbiyi, endilikda o‘ziga yordamchilik qilayotgan Timur Kapadze bilan hamkorlik to‘g‘risida ham gapirdi.
«Barcha uchrashuvlarni ko‘rib chiqdim va Turg‘unboyev hamda Eshmurodovni tarkibga chaqirish kerakligini aytib o‘tdim. Milliy jamoa har bir futbolchilar orzusi. Afsuski, tarkibda ikki nafar futbolchimiz ham jarohat oldi.
Albatta, Temur Kapadze biz bilan, har kuni ertalab to‘qqizdan kechqurun o‘ngacha birgalikda ish olib boryapmiz, o‘yin falsafalarimiz o‘xshash. U o‘zbek futbolida ulkan tajribaga ega. Menda mahalliy mutaxassis bilan ishlash borasida hech qanday muammo yo‘q. Balki shtabga yana boshqa mahalliy mutaxassislarni ham jalb etishimiz mumkin.
Taktik uslublar bu shunchaki raqamlar xolos. Uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash himoyaviy ko‘rinsa-da, aslida hujum boshlashda tezkorlikka erishishga imkon beradi. Men uchun muhimi – maydondagi 11 futbolchi bir-birini qanchalik tushuna olishi. Faoliyatim davomida buyuk murabbiylar bilan ishladim, ulardan ko‘p narsa o‘rgandim», – degan Kannavaro.
Mashg‘ulotlar chog‘ida jarohat olgan futbolchilar haqida keyinroq ma’lumot berilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston milliy jamoasi oktyabr oyidagi yig‘in davomida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi: 9 oktyabr kuni Toshkentda Kuvaytga qarshi, 13 oktyabr kuni Malayziyada Urugvayga qarshi.
Shuningdek, jamoa noyabr oyida Dubayda xalqaro turnirda ishtirok etishi mumkin.