Sport
Eronlik futbol rasmiylariga AQSh vizasi berilmadi
Eron futbol federatsiyasi rahbari Mahdi Toj va boshqa qator eronlik futbol rasmiylari 11 iyun kuni boshlanadigan jahon chempionatiga bora olmaydi. The New York Times xabariga ko‘ra, ularga Amerika vizasi berilmagan.
Mahdi Toj – Islom inqilobi muhofizlari korpusining sobiq zobiti hisoblanadi. Undan tashqari, Eron futbol federatsiyasi ijrochi direktori Mahdi Xarati, tashkilot bosh kotibi Hidoyat Mumbini va media bo‘limi direktori Muhsin Mutamedkiyaning ham viza olish bo‘yicha murojaatiga rad javobi berilgan.
Eron milliy jamoasi a’zolarining barchasiga viza chiqqan. Ularga «yordamchi xodimlar» ham biriktirilgan. Shu bilan birga, «terrorchilar tizimdan Qo‘shma Shtatlarga yashirincha kirish uchun foydalanishi»ga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.
Eron AQShni diskriminatsiyada ayblab, FIFAni vaziyatga aralashishga chaqirdi. Eron tomoni sport mulozimlari va «har qanday milliy jamoaning ajralmas qismi hisoblanadigan» texnik maslahatchilarning aksar qismiga viza bo‘yicha rad javobi berilganini qayd etgan.
Futbol bo‘yicha jahon chempionatiga AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi. Eron milliy jamoasi ilk o‘yinini 15 iyun kuni Los-Anjyelesda o‘tkaziladi.
Mart oyida Eron hukumati futbol bo‘yicha milliy jamoa AQShdagi jahon chempionatiga bormasligini ma’lum qilgan, ammo keyin bu qaror o‘zgartirilgandi.