Jamiyat
Endi jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi emas, himoyachining fikri bilan birga kiritiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksi hamda «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Asosiy yangiliklardan biri jinoyat ishini sudga yuborish tartibi bilan bog‘liq.
Loyihaga ko‘ra, endilikda jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining rasmiy fikri bilan birga kiritiladi.
Qonun loyihasida himoyachilarning protsessual huquqlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga muvofiq, dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin advokatga besh sutka ichida «himoya fikri»ni taqdim etish huquqi beriladi.
Ta’kidlanishicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar sud muhokamalarida haqiqiy tortishuv muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Sudya ishni ko‘rishdan avval nafaqat ayblov tomonining, balki himoya tomonining ham asoslangan pozitsiyasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Muhokamalar yakunlari bo‘yicha mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.