Jamiyat
Ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Joriy yilda mamlakatimiz hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish, ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlari qurilishiga 24 trillion so‘m budjet mablag‘larini yo‘naltirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida 300 trillion so‘mdan ziyod tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilgan. Bunday katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirishda ularni ekspertizadan o‘tkazish tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, amaldagi tartib mazkur talablarga to‘liq javob bermayotgani, tadbirkor va investorlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7 ming 750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta bo‘lmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.
Shu bois, Prezident farmoni bilan Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tuzilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligiga o‘tkazildi va uning faoliyatini transformatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.
Taqdimotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Markaz faoliyati raqamlashmagani va xavf-tahlil yondashuvining yo‘qligi uchun bitta xodimga to‘g‘ri keladigan operatsion yuklama ortib ketgani qayd etildi. Markazda 130 nafar xodim ishlasa-da, xavfi past va strategik ahamiyatli loyihalar bir-biridan ajratilmagani uchun har bir xodimga ikki kunda o‘rtacha bitta loyiha to‘g‘ri kelmoqda.
Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi qiymati nisbatan kichik bo‘lgan loyihalardan iborat. Shuningdek, ko‘plab hujjatlar avval ko‘rilgan loyihalarga o‘xshash bo‘lsa ham, ular qaytadan to‘liq tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va resurs sarfiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Taqdimotda markaz faoliyatiga ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi.
Xususan, loyihalarni ko‘rib chiqishda xavf darajasi va qiymatiga qarab, tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish taklifi bildirildi. Unga ko‘ra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazishda texnik topshiriqlar ko‘rib chiqilmaydi, faqat 15 million dollardan yuqori qiymatdagi korporativ va budjet loyihalari ko‘rib chiqiladi.
Yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan o‘tkazish, avvalgilariga o‘xshash loyiha kelib tushganda, tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish, jismonan va ma’nan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazish, benchmarking usulini qo‘llash tashabbuslari ilgari surildi. Bu ekspertiza jarayonini maqbullashtirib, markazning asosiy e’tiborini strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.
Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyihalar bo‘yicha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olinsa yoki loyiha bo‘yicha bildirilgan e’tirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, buyurtmachilarni rag‘batlantirish, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish kabi choralar taklif qilindi.
Markaz faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid ma’lumotlar bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi. Ushbu platforma orqali loyihalarga oid hujjatlar onlayn shakllantirilishi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik ko‘rsatkichlari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinishi belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihalar ekspertizasi investitsiya muhitining muhim bo‘g‘ini ekanini ta’kidlab, mazkur sohada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish, sifat va tezkorlikni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
