Jamiyat

Dunyoning navbatdagi jarohati – urushlar barchani mag‘lub qiladi / 5 daqiqa

Published

on


Bugun dunyo yana urush bilan yuzma-yuz keldi. Turli mintaqalarda davom etayotgan to‘qnashuvlar millionlab odamlarning hayotini izdan chiqarmoqda. Urush haqida gap ketganda siyosiy shiorlar, g‘alaba va mag‘lubiyat haqida ko‘p gapirilsa-da, uning haqiqiy yuzi hamisha oddiy odamlar taqdirida namoyon bo‘ladi. Urushdan manfaatdorlar esa hamisha soyada qoladi. Erix Mariya Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani aynan shu haqiqatni ochib bergan asarlardan biri hisoblanadi.

Asar Birinchi jahon urushi davridagi nemis yoshlari taqdiri haqida hikoya qiladi. Roman qahramoni Paul Boymer ismli yigit. U 20 yoshda, hayotga endi qadam qo‘yayotgan, orzular va katta rejalar bilan yashab kelayotgandi. Ammo o‘sha avlod to‘liq urush girdobiga tortiladi. Vatanni himoya qilyapman degan ishonch bilan Paul va uning do‘stlari frontga jo‘naydi.

Biroq front ular tasavvur qilgan romantik manzaralarni yo‘qqa chiqaradi. Urush doim ham qahramonlik emas, balki qon, qo‘rquv va azobga to‘la hayot ekanini ko‘rishadi. Atrof ochlik, tinimsiz portlayotgan snaryadlar va o‘lim xavfi bilan to‘la edi. Yosh yigitlar tez orada bolalik orzularidan ayriladi. Ular frontda bir necha oy ichida ruhan qarib ketadi.

Romanning boshidayoq o‘quvchi urushning dahshatli yuzini ko‘radi. Paulning sinfdoshlaridan biri – Kemmerix og‘ir yaralanadi va oyog‘i kesib tashlanadi. Uni ko‘rgani kelgan askarlardan biri Kemmerixning etiklarini so‘raydi. Bu holat bir qarashda shafqatsizdek tuyuladi, ammo front sharoitida bu mutlaqo oddiy hol edi. Yigit tez orada vafot etadi va uning joyi darhol boshqa yarador bilan to‘ldiriladi. Bu epizod urushda inson hayoti qanday arzonlashib ketishini ko‘rsatadi.

Frontda Paul va uning do‘stlari tirik qolish uchun bir-birlariga suyanadi. Ular orasida eng tajribalisi Katchinskiy edi. U ancha aqlli, uddaburon yigit bo‘lib, do‘stlari uchun hamisha fidoyilik qilardi. Biroq urush bunday do‘stlikni ham ayovsiz sindiradi. Har bir jangdan keyin kimdir qaytib kelmasdi.

Paul ta’tilda uyiga qaytganida yana bir haqiqatni anglaydi. Frontdan uzoqdagi odamlar urushni boshqacha tasavvur qilishardi. Ular gazetalarda yozilgan xabarlarga ishonar, askarlar yuqori kayfiyat bilan jang qilyapti, deb o‘ylashardi. Paul esa bu gaplarni eshitib, o‘zini begonadek his qiladi. Urush uni shu qadar o‘zgartirgandiki, u endi oldingi hayotiga qayta olmasligini tushunadi.

Paul tasodifan fransuz askarini o‘ldirib qo‘yadi. Raqibi sekin-asta jon berarkan, uning yonida soatlab qolib ketadi. U askarning cho‘ntagidan xotini va bolasining suratini topadi, maktublarini o‘qiydi. Shunda u dushman ham xuddi o‘zi kabi inson bo‘lib, u ham birovning o‘g‘li yoki otasi ekanini anglaydi.

Darhaqiqat shunday, aslida bir eronlikning hayoti amerikalikning, isroillikning hayotidan arzon ham, qimmat ham emas. Hamma ham inson!

Roman oxirida Paul ham halok bo‘ladi. Ammo uning o‘limi alohida qahramonlik sifatida qayd etilmaydi. Harbiy hisobotda o‘sha kuni shunchaki: “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”, deb yoziladi. Tasavvur qilyapsizmi, odamlar o‘lib ketaveradi, lekin hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Bir inson o‘limi urush mashinasi uchun zarracha ahamiyat kasb etmaydi.

Urushlardan hamisha qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilar, siyosiy raqobatda ustunlikka intilgan hukmdorlar foyda ko‘rishi mumkin. Ammo oddiy insonlar uchun urush har doim yo‘qotish demakdir. Taassufki, urushning qizil tugmasini bosayotganlarning o‘zi maydonda turib jang qilishmaydi.

Bugungi voqealar fonida negadir Remarkning shu asarini eslagimiz keldi. Chunki insoniyat ikkita jahon urushini boshidan kechirdi. Katta ehtimol bilan rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, uchinchi jahon urushida yashayapmiz. Ammo negadir insoniyat xulosa qilmayapti, dunyoni jarohatlashda davom etyapti.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version