Siyosat
Dunyo ahlini «dahshatga solgan» qonun
BMTning falastinlik qochqinlarga ko‘mak bo‘yicha agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini Isroil parlamenti qabul qilgan o‘lim jazosiga doir qonundan ko‘pchilik qatorida dahshatga tushganini ma’lum qildi.
Avval xabar berganimizdek, dushanba kuni Knesset qabul qilgan qonun loyihasi jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Filipp Lazzarini demokratik davlatlar o‘lim jazosiga qaytmasligini ta’kidlar ekan, Isroil parlamenti ma’qullagan hujjat diskriminatsiyaga xizmat qilishi, ya’ni falastinliklar huquqi poymol etilishiga olib kelishidan ogohlantirgan.
«Biz dunyo mamlakatlari o‘lim jazosini bekor qilishiga o‘rganib qolganmiz. Qolaversa, ushbu qonun aholining muayyan qismiga qaratilgani bois, u kuchli diskriminatsiyaga olib keladi», – degan BMTning falastinlik qochqinlarga ko‘mak bo‘yicha agentligi bosh komissari.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi ham falastinlik mahkumlarga qarshi qaratilgan qonunni zudlik bilan bekor qilishni talab etgan.
Terrorchilik aktida aybdor deb topilgan falastinliklarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashga doir qonun loyihasini Knessetning 62 a’zosi qo‘llab-quvvatlagan, 48 nafari esa qarshi chiqqan. Bosh vazir Binyamin Netanyahu ham bahsli qonun loyihasini yoqlagan.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri I.Ben-Gvir bahsli qonun qabul qilinishini nishonlamoqda. Foto: Reuters
Qonunga ko‘ra, ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda yashovchi falastinliklar Isroil mahkamasi tomonidan terrorchilik aktini sodir etishda aybdor deb topilsa, 90 kun davomida osish yo‘li bilan qatl etiladi.
Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya kabi Yevropa davlatlari ham ushbu qonun demokratik tamoyillariga zid ekanini aytmoqda.
Hatto Isroildagi yetakchi inson huquqlari tashkilotlari ushbu qonunni «falastinliklarga nisbatan diskriminatsiya va irqchilikka asoslangan zo‘ravonlik» deya qoralagan. Xususan, Isroildagi Fuqarolik huquqlari uyushmasi qonun ustidan mamlakat Oliy sudiga shikoyat kiritgan.
O‘tgan oyda BMT ekspertlari ushbu qonunni keskin tanqid qilgan va falastinliklar huquqi poymol etilishiga olib keluvchi hujjatni xalqaro huquqqa zid deb baholagan edi.
Yevropa Ittifoqi Diplomatik xizmati ham o‘lim jazosi yashash huquqiga zid ekani, yangi hujjat qiynoqqa oid taqiqni buzishini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda Isroil qamoqxonalarida 9300 nafardan ziyod falastinlik, jumladan, 350 nafar bolalar va 66 nafar xotin-qizlar ushlab turilibdi.
2000-2023-yillar mobaynida Isroil tomonidan qamoqqa olingan bolalar soni 13 mingga yetgan.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bong urishicha, Isroil qamoqxonalarida falastinlik bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy qiynoq qo‘llangan.
Amnesty International ham Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklarga nisbatan qiynoq, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgani yuzasidan xavotir bildirib keladi.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroil xavfsizlik vajidan falastinliklarni ayblov e’lon qilmagan holda qamoqda saqlab kelishini tanqid qiladi. Bu amaliyot, ayniqsa, 2023-yil 7-oktyabrdan keyin kuchaygan.
BMT hisobotida qayd etilishicha, Isroil 1967-2023-yillarda 800 mingdan ziyod falastinlikni asossiz ravishda yoki arzimas shubha-gumon bilan hibsga olgan.
«Isroil harbiy okkupatsion ma’muriyati Falastinning bosib olingan hududlarini ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga aylantirgan», – deydi BMTning maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze.