Jamiyat

Dovonlarda ko‘paygan qor ko‘chkilari. Ehtiyotkorlik talab etiladi

Published

on


Qamchiq dovonida bu yil qishda ortiqcha qor yog‘ishi oqibatida qor ko‘chkisi xavfi yuzaga keldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi va qator idoralar tomonidan tez-tez transport harakati vaqtincha to‘xtatilib, aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Haydovchilar va yo‘lovchilardan ogohlantirishlarga amal qilish va ehtiyotkorlikni saqlash talab etiladi, chunki qish mavsumi hali davom etmoqda.

Bu yilgi qish mavsumida ko‘plab hududlarda qor miqdori me’yordan ortiq yog‘di, tog‘li mintaqalarda esa qalin qor qatlami shakllandi. Shu bilan birga, dovonlarda harakatning vaqtincha cheklanishi va qor ko‘chkisi xavfi haqidagi ogohlantirishlar ham keskin ko‘paydi. Ayniqsa Qamchiq dovonida.

Mavsumiy ko‘chkilar xavfi ortidagi omillar va dovonlardagi haqiqiy vaziyat masalasida mas’ul tashkilotlardan biri Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kun.uz’ga izoh berdi.

«Toshkent viloyati, Namangan, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog‘li hududlari mavsumga xos gidrometeorologik xavfli jarayonlarning sodir bo‘lish ehtimolliklari yuqori. Dekabr, yanvar oylari va fevral oyining birinchi 10 kunligida tog‘ qiyaliklarida yaxshigina qor yog‘di. Bu bizni quvontiradi, lekin ko‘p miqdorda to‘plangan qor o‘ziga yarasha tabiiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qamchiq dovonining 137- va 162-kilometrlari oraliqlarida 50 dan ortiq 45 darajadagi tog‘ qiyaliklarida qor ko‘chish ehtimoli mavjud.

Ogohlantirish xati asosida Qamchiq dovonida xavfning oldini olishga kirishildi. IIV, Milliy gvardiya, Transport vazirligi va Qamchiqavtoyo‘l bilan birgalikda tadbirlar amalga oshirildi. Bu yerda xavfning oldini olish maqsadida transport harakatiga cheklov qo‘yildi. O‘sha paytda ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatildi: juda ko‘p joylarda qor massasi ko‘chib tushdi. Yo‘lga ta’sir qilmasa ham xavf mavjud edi. 30 ga yaqin hududlarda qor massalari majburiy ko‘chirildi.

Aynan xavf yuqori bo‘lgan joylardan 955 ta yengil avtomashina hamda 28 ta yuk avtomobillari, ularda harakatlangan 2800 ortiq aholi xavfsiz hududga ko‘chirildi. Qamchiq dovonidagi qorning ko‘chishiga asosiy sabab – oxirgi oylarda yog‘gan qor juda ko‘p massani tashkil qilgan. Aynan 9-10 fevral kunlari yog‘gan qorning ustiga yomg‘ir yog‘gan. Natijada qorning ustki qismida muzlama hosil bo‘lgan. 11-12 fevral kunlari esa bu hududlarga ko‘p miqdorda qor yog‘di. Avval yog‘gan yomg‘irlar hisobiga qiyalikda to‘plangan qor massasi ortib ketishi natijasida o‘sha joylarda qor ko‘chkisi xavflari vujudga keldi. Bu qor ko‘chishi xavfi borligi sababli Gidrometeorologiya xizmati tomonidan bizga byulleten berildi, xavf e’lon qilindi va o‘sha hududlarda aholini evakuatsiya qilish ishlari amalga oshirildi», deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

Qor ko‘chkisi – tabiat hodisasi. Uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Ammo uning oqibatlarini kamaytirish mumkin. Bu har bir haydovchi va yo‘lovchining ham mas’uliyati. Ogohlantirishlarga amal qilish, tavakkalchilikdan voz kechish va xavfsizlik qoidalariga rioya etish o‘zimizning zimmamizda. Qish davom etmoqda – demak dovonlardagi sinov ham hali tugagani yo‘q.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version