Siyosat
Deputat Qozog‘iston bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishini aytdi
O‘zbekiston Qozog‘iston bilan ko‘plab sohalar qatori sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida samarali hamkorlik qilishi mumkin, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhsinjon Xolmuhammedov.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning joriy yil 8 sentyabr kuni mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatiga munosabat bildirgan qonun ijodkori mazkur murojaatda nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar ko‘tarilgani, binobarin, ushbu strategik hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida hamkorlikning yangi ufqlarini ochishi mumkin ekanini aytadi.
“Qozog‘iston prezidenti o‘z murojaatida raqamlashtirishni yaqin yillarda mamlakat taraqqiyotining asosiy vektori o‘laroq belgilagan. Bu nafaqat yangi yuqori texnologiyalar sohasini shakllantirish, ayni choqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi an’anaviy iqtisodiy sohalarda qayta taqsimotni taqozo etadi. O‘zbekiston ham raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va iqtisodiyotga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga intilmoqda. Demak, bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro faol tajriba almashishi mumkin. Sun’iy intellekt, ulkan ma’lumotlar bazasi, bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda hamkorlikda loyihalarni amalga tatbiq etish iqtisodiy o‘sishni ta’minlab qolmay, ikki mamlakatning global bozordagi raqobatbardoshligini ham oshiradi”, – deydi Muhsinjon Xolmuhammedov.
Qozog‘iston prezidenti murojaatida davlat boshqaruvi tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalasi ham ko‘tarilgan.
“E-government yo‘nalishida faol ravishda loyihalarni amalga joriy etayotgan O‘zbekiston Qozog‘iston bilan tajriba almashishi, davlat raqamli infratuzilmalarini takomillashtirish bo‘yicha birgalikda yangi yechimlar ishlab chiqishi mumkin. Shuningdek, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni oshirish bo‘yicha ham hamkorlik istiqboli porloq”, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi.
Deputatning fikricha, ikki qardosh davlat raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt tizimlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham yaqindan hamkorlik o‘rnatishi maqsadga muvofiqdir. Bu esa davlatlararo robitalarni mustahkamlab qolmay, fuqarolar va ishbilarmon doiralar uchun ham yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadi.
Avval xabar berganimizdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov ham ikki qardosh mamlakat sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi zarur ekanini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 14 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 iyul kuni raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimotida bu bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab bergan edi.
O‘zbekiston prezidenti joriy yil 21 avgust kuni imzolagan PF-140-sonli farmonda ham sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari belgilangan.
Siyosat
Qirg‘iziston va Tojikiston bosh vazirlari Toshkentda qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida savdo-iqtisodiyot, transport, suv-energetika sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar dasturlar va hududlararo almashinuvlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro hamkorlik va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar kun tartibini boyitish maqsadida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari davomida hamda boshqa sheriklik mexanizmlari doirasida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama sheriklikning barcha yo‘nalishlaridagi yuqori sur’at mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol bosqichda.
Yangi tashabbuslarni, jumladan, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar doirasida ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Siyosat
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi Elke Byudenbender hamrohligida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Germaniya delegatsiyasini “Toshkent-Xumo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ashirbay Ramatov boshqa hukumat vakillari bilan birga kutib oldi.
Tashrif dasturiga koʻra, davlat rahbarlarining oliy darajadagi muzokaralari tor va kengaytirilgan tarkibda boʻlib oʻtadi. Bo‘lajak muhokamalarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni chuqurlashtirish va strategik hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Muzokaralarda savdo, sanoat sherikliklari, transport, logistika va qishloq xo‘jaligi kabi muhim iqtisodiy sohalar bo‘yicha ikki tomonlama mazmunli hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ikki mamlakat farmatsevtika, kimyo va energetika sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga, ayniqsa yashil texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratish niyatida.
Bundan tashqari, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish bilan birga, taʼlim va gumanitar almashinuvlarni kuchaytirish imkoniyatlarini oʻrganadilar.
Rasmiy tashrif doirasida bir qator yangi qo‘shma loyihalar va rivojlanish dasturlari amalga oshiriladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda to‘xtab o‘tgan Malayziya bosh vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda to‘xtab o‘tgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, ularni amaliy mazmun bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida mamlakatlarimiz hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni esa 50 taga yetdi. Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ayni kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi delegatsiyasi bilan muzokaralarning ahamiyatiga to‘xtalib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida strategik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligini qayd etdi.
Jumladan, neft-kimyo, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalardagi loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida islom moliyasi, hududlararo aloqalar, ziyorat turizmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish hamda madaniyat almashinuvlari yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi
Siyosat
TXIF-2026 doirasida Markaziy Osiyoning eng yirik sanoat ko‘rgazmasi ochildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat global iqtisodiy muloqotlar maydoni, balki istiqbolli shartnomalar pishib yetiladigan yirik amaliy platformaga aylandi. Anjumanning markaziy va eng kutiladigan voqealaridan biri sifatida, «CAEx» ko‘rgazma majmuasida O‘zbekiston Respublikasining investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatini namoyish etishga qaratilgan keng ko‘lamli xalqaro ko‘rgazma o‘z ish faoliyatini boshladi.
Qarib 6 ming kvadrat metrlik ulkan maydonni qamrab olgan ko‘rgazmada mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari, davlat idoralari va yirik ishlab chiqarish birlashmalari o‘zlarining eng zamonaviy texnologiyalari va tayyor loyiha paketlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma pavilonlaridan joy olgan neft-gaz-kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari O‘zbekistonda ishlab chiqarish modellari to‘liq transformatsiya bo‘lganini namoyish etmoqda.
Bugungi kunda asosiy urg‘u xomashyo eksportiga emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni mahalliylashtirish, yangi texnik ish o‘rinlarini yaratish va global bozorlarga raqobatbardosh tovarlar bilan chiqishga qaratilgani xalqaro ekspertlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Bu yilgi ko‘rgazma shunchaki mahsulotlar namoyishidan iborat bo‘lmay, balki biznes vakillari, xalqaro moliyaviy institutlar hamda davlat organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatuvchi jonli «B2B» va «G2B» muloqot maydoniga aylandi.
Forum doirasida rejalashtirilgan panel muhokamalari, tarmoq va hududiy taqdimotlar hamda pitch-sessiyalar xorijlik hamkorlarga O‘zbekistonning investitsiya muhitini ichkaridan turib, aniq raqamlar va amaliy natijalar misolida baholash imkonini bermoqda.
Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 9 mingdan ziyod yuqori martabali delegat, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va global investorlar jam bo‘lgan TXIF-2026 doirasidagi ushbu ko‘rgazma, shubhasiz, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi bosh iqtisodiy va texnologik xab maqomini uzil-kesil mustahkamlaydi.
Ko‘rgazma davomida bo‘lib o‘tadigan qizg‘in muzokaralar yakunida mamlakatimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiquvchi ko‘p milliardlik yirik qo‘shma loyihalar va strategik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘z maktubida Si Szinpinni Xitoy va Xitoy Kommunistik partiyasining yirik siyosiy arbobi sifatida e’tirof etib, uning rahbarligi ostida mamlakat modernizatsiyasi izchil davom etayotganini ta’kidladi.
«Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda», – deyiladi tabrikda.
Maktubda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani, do‘stlik, o‘zaro ishonch va har tomonlama strategik sheriklik izchil mustahkamlanayotgani qayd etilgan.
Prezident Mirziyoyev, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda Xitoyning doimiy qo‘llab-quvvatlovi muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tabrik yakunida davlat rahbari Si Szinpinga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days ago16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
