Jamiyat

Davlat organlari formasiga o‘xshash kiyimlardan foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Published

on


Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, davlat organlari, vazirlik va idoralar xodimlari uchun tasdiqlangan formali kiyim-bosh muayyan davlat organi vakili ekanini anglatadi, fuqarolarda ishonch uyg‘otadi hamda uni kiygan shaxs qonun bilan belgilangan vakolat va mas’uliyatga ega ekanini bildiradi. Shu bois bunday forma davlat xizmatining muhim ramzlaridan biri hisoblanadi.

Biroq keyingi yillarda ayrim tashkilotlar va shaxslar tomonidan davlat organlarining tasdiqlangan formasiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyimlardan foydalanish yoki shunday formalarni joriy etish holatlari kuzatilayotgani qayd etildi. Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat idoralari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va ayrim shaxslarga o‘zini davlat xodimi sifatida tanishtirib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkonini berishi mumkin.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va yoki ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur normalar, avvalo, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash hamda davlat xizmati obro‘sini muhofaza qilishga xizmat qiladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version