Siyosat

Davlat boshqaruvida yagona raqamli platforma joriy etiladi

Published

on


Davlat boshqaruvida yagona integratsiyalashgan raqamli platformani joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish va telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilashga bag‘ishlangan taqdimot Prezident Shavkat Mirziyoyevga namoyish etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatda raqamli davlat xizmatlari kengayib, davlat idoralarida zamonaviy axborot tizimlari joriy etildi. Buning natijasida O‘zbekiston BMTning «Elektron hukumat» reytingida 24 pog‘ona yuqoriladi. 2030-yilga qadar mamlakatni mazkur reytingning eng kuchli 30 davlati qatoriga olib chiqish maqsad qilingan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. 2024-yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 525 ta xizmat va 4 million foydalanuvchini tashkil etgan.

Taqdimotda davlat organlaridagi ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlari tarqoq holda shakllangani, bu esa tahlil va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuvning yetishmasligiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Tizimda hududlar iqtisodiyoti, investitsiyalar, ekologiya, xavfsizlik, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalar farovonligi, fazoviy ma’lumotlar hamda obyektlar yagona raqamli muhitda jamlanadi.

Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni tahlil qilib, hududlardagi muammolarni erta aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni samarali taqsimlash va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish imkonini beradi. Prezident joriy yilda ushbu tizimni Toshkent shahrida, 2027-yildan esa barcha hududlarda joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Taqdimotda tovar va xizmatlarning yagona milliy tasniflash tizimini ishga tushirish ham taklif etildi. Bu tadbirkorlar uchun byurokratik jarayonlarni qisqartirish, davlat idoralari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini soddalashtirish va statistik hisobotlar aniqligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish, 2030-yilga qadar AT eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 5 mingta startap tashkil etish va 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalari taqdim etildi. Telekommunikatsiya sohasida litsenziyalash tartibini soddalashtirish, yangi uylarni yuqori tezlikdagi internet infratuzilmasi bilan loyihalash hamda sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator takliflar ma’qullandi.

Prezident mutasaddilarga davlat idoralari ma’lumotlarini integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash, shuningdek, xususiy sektor uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version