Jamiyat

davlat bog‘chasida bir oilaning ikki farzandi ham zo‘ravonlikka uchragani aytilmoqda

Published

on


Tahririyatga murojaat qilgan onaning iddaosiga ko‘ra, Olmazor tumanidagi davlat bog‘chasida egizak farzandlaridan biri og‘ir ahvolda komaga tushgan, ikkinchisi esa ko‘ziga jarohat yetgan holda uyga qaytgan. Vaziyatga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari esa har ikki holatda ham taqdim etilmagan.

Rayyan kids xususiy bog‘chasidagi bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar jamoatchilikni larzaga soldi. Ammo tahririyatga murojaat qilgan ona bunday xavotirlar faqat xususiy bog‘chalar bilan cheklanmasligini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat bog‘chasida egizak farzandlaridan biri komaga tushgan, ikkinchisi esa ko‘kargan ko‘ziga pudra surtilgan holda uyga qaytgan. Har ikki holatda ham voqeaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari taqdim etilmagan.

Bog‘chaga sog‘lom ketgan bola komaga tushdi

Shahnoza Qurbonovaning egizak farzandlari Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga boradi.

“Bog‘cha opasi telefon qilib kelayotganimni so‘rab, “Umar yaxshimidi, negadir mazasi bo‘lmayapti, og‘irlashib qoldi”, dedi. Yaxshiligini aytib, nima bo‘lganini so‘radim. Yonida ovozlar eshitilyapti: “Bolaning yuragi to‘xtab qolyapti, nafas beringlar” deb baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Menga yana boshqa bog‘cha opa chiqib baqiryapti “qanaqa onasanlar, kasal bolangni uyda qarasang bo‘lmaydimi? Nogiron bolalaringniyam bog‘chaga berasanlar”, deb. Bu menga yomon ta’sir qildi. Bir tomonda bolamning o‘layotganini eshitib turibman. Bolam kasal emasdi, tushunmay shok holatda qoldim. Tez yordam chaqirib turinglar desam “bog‘chamizning obro‘yiga to‘g‘ri kelmaydi. Bizga gap tegadi, chunki bolang bog‘cha yoshida emas deb telefonni o‘chirishdi. Kelsam bolamni bog‘chadan olib chiqib, ro‘paradagi xonadonga olib kirishgan. Bolam bitta nuqtaga qarab gapirmayapti. O‘lib qoldi deb o‘yladim. Odeyalga o‘rab qo‘yishgan. Menga suv berishdi, bog‘cha opa tinimsiz mendan kechirim so‘rayapti.

Bolam shifoxonada uch kun komada yotdi, 10 kun jonlantirish bo‘limida yotdik. Juda og‘ir ahvolga tushib qoldi, hozirgi kunda bolamning nutqiga ta’sir qilgan bu narsa. Yaxshi gapira olmaydi. Ko‘zini juda ko‘p pirpiratadi. U holatda nima bo‘lganini bilmaymiz, lekin shifokorlar bola sog‘lom, shok holatida, yurak yorilish darajasiga yetib kelgan deb tashxis qo‘yishdi. Bolani yoki qattiq qo‘rqitishgan, yoki qattiq yiqitishgan, yoki qattiq baqirishgan deyishdi”.

Darhaqiqat, Kun.uz’ga taqdim etilgan shifokor xulosalarida bolaning ahvoli juda og‘ir bo‘lgani aytilgan, lekin ikkala tomon uchun ham oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari o‘chirib yuborilgan. Holat yuzasidan ona hech qayerga shikoyat qilmagan.

Bolaning ko‘ziga ayollar “tonalniy” pudrasi surtilgan

Shahnoza Qurbonovaning aytishicha, oradan ko‘p o‘tmay ikkinchi farzandi ham jarohat bilan uyga qaytgan.

“12 may kuni egizaklarimning kichkinasi sog‘lom holda bog‘chaga ketdi. 18:00 larda uyga kelganda bitta ko‘zi shishib ketgan, ochilmayapti, ovozi chiqmayapti, gapira olmayapti. Nima bo‘lganini so‘rasam zo‘rg‘a “bog‘cha opam urdi”, dedi. Shifokorga olib borsak, bolaga katta inson tarafidan yaxshigina zarba bo‘lganini aytdi. Chunki qovoqlari bilan shishib ketgandi. Ko‘zini ichini ko‘raman deb yaxshiroq ochsam, bolani ko‘ziga ayollar “tonalniy” pudrasi surtilgan.

Ular qilar ishni qilishyapti, har doimgiday kamera yozuvlari yo‘q. Doim bola jarohatlansa, kamera yozuvlari bo‘lmaydi. Bu 6- yoki 7- holat bo‘ldi bizda. O‘rtada tirnog‘i uzilib chiqdi bir marta, “eshikka siqib oldi, uzr”, deyishdi. Bog‘chaga borib baqir-chaqir qilib yomon ko‘rinmay dedim, bolalarim shu bog‘chaga o‘rgandi deb ko‘p joyda yuz-xotir qilganman. Chunki o‘sha hududda yashaymiz, bog‘cha yonimizda. Ertaga “onasi shallaqi”, degan gapni olmaslik uchun yuz-xotir qilib keldim”.

Shu holatdan keyin ona kamera yozuvlari talab qilgan, biroq o‘sha paytda bog‘chada “svet” o‘chganligini aytib yozuvni berishmagan. Ammo tuman elektr tarmoqlari bu paytda hududda elektr uzilishlar bo‘lmaganini aytgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tarbiyachiga intizomiy jazo qo‘llangan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham muassasa faoliyati o‘rganilganini va onaning vajlari qisman o‘z tasdig‘ini topganligini ma’lum qilgan.

“Bolangiz tirikligiga shukur qiling”

Onaning aytishicha, u vaziyat yuzasidan bir qator davlat idoralariga murojaat qilgan.

“Boshimga tushib, ko‘p joyga yugurdim: Ta’lim vazirligi, RAYONO, guno, ko‘p joylarga bordim. Yaxshi ishlaydigan odamlar ham bordir, lekin ko‘p joyda tanish-bilish rol o‘ynarkan. Ona sifatida bordim, hech kim eshitmadi. “Bolam komaga tushdi, kaltaklanib chiqdi, kamera yozuvlarini berishmayapti” desam, RAYONOdagi xodim bolam tirikligiga shukur qilishim kerakligini aytyapti. Qachongacha bog‘chalarda bu holat davom etadi, bola o‘lsa keyin chora ko‘riladimi?

Biz bog‘chaga bolamizni majburlikdan beramiz, men majburlikdan berganman: ishlaganim uchun, uyda qaraydigan odamim yo‘qligi uchun. Hech kim bekorchilikdan bermaydi. Ota-onalar kamerani ko‘rib nazorat qilib turishlarini xohlardim. Bolamizning nima bo‘lganini bilishimiz uchun, kerak bo‘lganda shunga qarab davolatish uchun”.

Oxirgi yillarda davlat bog‘chalarida videokuzatuv tizimlari bosqichma-bosqich joriy etildi. Ammo bola jarohat olganida aynan shu tizimlar haqiqatni aniqlash vositasiga aylanishi kerak bo‘lgan bir paytda, ota-onalar ko‘p hollarda yozuvlarni ololmayotganini aytmoqda. Xo‘sh, agar kameralar voqeani yoritib bermasa, ularning mavjudligidan maqsad nima?

O‘zbekistonda minglab ota-onalar farzandlarini har kuni bog‘chaga ishonch bilan topshiradi. Ular bolalari bog‘chada xavfsiz bo‘lishini xohlaydi.

Eslatib o‘tamiz, maktab va bog‘chalarda bolalarga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachi-pedagoglar 1 yilgacha bu muassasalarda ishlashdan mahrum qilinadi. Mazkur qonun Senatda tasdiqlandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version