Sport
«Davlat beradigan 35 mlrdning 2/3 qismi Rivaldoga ketadi» – «Bunyodkor»ning moliyaviy holati yomonlashdi
«O‘zbekneftgaz» homiylikni to‘xtatishi fonida Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida jiddiy moliyaviy muammolar kuzatilyapti. «Yetib kelganimiz shu bo‘lsa kerak, «Bunyodkor» stadioni, akademiyasida 2 oydan beri issiq suv yo‘q edi, oylik oxirgi marta dekabrda olganmiz. Bugun butun akademiya va stadion hududida elektrni o‘chirishibdi», deya yozdi klub matbuot xizmati vakili. Shuningdek, braziliyalik futbolchi Rivaldo oldidagi qarzdorlik to‘lovlari ham jiddiy muammoga aylangan.
Foto: Facebook / Furqatbek Nishonov
Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida moliyaviy muammolar kuzatilyapti. Jamoa matbuot xizmati vakili Furqatbek Nishonovning ma’lum qilishicha, kommunal to‘lovlardan qarzdorlik sabab «Bunyodkor» stadioni va akademiyasi issiq va sovuq suv, shuningdek, elektrdan uzilgan.
«Yetib kelganimiz shu bo‘lsa kerak, «Bunyodkor» stadioni, akademiyasida 2 oydan beri issiq suv yo‘q edi, oylik oxirgi marta dekabrda olganmiz, mana bugun butun akademiya va stadion hududida elektrni o‘chirishibdi. Aytgancha, bu yil O‘zbekiston tarixda birinchi marta Jahon chempionatida qatnashadi! Omad yor bo‘lsin!» – deya yozdi Nishonov Facebook’dagi sahifasida.
Kun.uz bilan bog‘langan klub vakilining so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» homiylik qilishni to‘xtatgach, Rivaldo oldidagi qarzdorlik to‘lovlari ham katta muammoga aylangan.
«Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘laniladigan qarzining 2026 yilgisi 15 aprelgacha berilishi kerak edi, to‘lanmadi. Endi unga ham katta penyalar qo‘shiladi. Davlat beradigan 35 mlrdning 2/3 qismi Rivaldoga ketadi», deydi u.
Avvalroq, bir qator yirik davlat kompaniyalari futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgani xabar qilingandi. Masalan, «O‘zbekneftgaz» yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf» va «Buxoro» klublariga homiylik qilishdan voz kechdi. Shuningdek, bir qator boshqa klublar ham davlat kompaniyalari homiyligidan ajraldi. Oqibatda, «Bunyodkor», «Dinamo» va «Surxon» kabi klublarda moliyaviy muammolar kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
35 mlrd so‘mlik moliyalashtirish tizimi
Bu yilgi mavsumdan boshlab O‘zbekistonda futbol klublari to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjetidan ham pul oladigan bo‘ldi. 27 mart kuni imzolangan qaror bilan, Superliga klublarining har biriga davlat budjetidan 2026 yilda 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda esa 25 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Joriy yilda 16 ta klubga ajratilayotgan jami mablag‘ 560 mlrd so‘m bo‘lib, bu – 45 mln dollardan ortiqroq summa demakdir.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan boshlab Superliga va Pro liga klublarining futbolchilari 3 yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. Bu imtiyozlar nafaqat futbolchilar, balki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida milliy terma jamoalarga jalb etiladigan barcha trenerlarga ham tegishli.
Shuningdek, futbol klublari va turli sport federatsiyalariga homiylik qilgan tadbirkorlarga ham soliq imtiyozi belgilab qo‘yildi. Bunday tadbirkorlar davlat telekanallarining sportga doir efirlari vaqtida yarim narxida reklama joylashtirish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Klub xarajatlarining kamida 20 foizini zimmasiga olgan tadbirkorlar klubni ishonchli boshqaruvga olishi mumkin. Agar tadbirkor klubni birato‘la sotib olmoqchi bo‘lsa, davlat unga imtiyozli kredit berishini ham e’lon qildi.
Qaror bilan, yil oxirigacha futbol klublarining bozor narxini aniqlash va ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish topshirig‘i berildi. Lekin “falon sanagacha bittayam klubda davlat ulushi qolmasin” degan mazmundagi vazifa belgilanmagan.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik
Bundan ikki yil oldin FIFAning intizomiy qo‘mitasi «Bunyodkor» klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga salkam 9,5 mln yevro to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargandi. Klubning Rivaldo oldidagi qarzdorligi 8,1 mln yevro, Denilson oldidagi qarzdorligi 1,1 mln yevroga baholangan. Bu summalar ichiga vaqtida to‘lanmagan mukofot pullari, to‘lash kechiktirilgani uchun hisoblangan foizlar, shartnoma bekor qilingani uchun belgilangan tovon pullari va futbolchilarning sud xarajatlari kiradi.
Keyinchalik «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchilar bilan qo‘shimcha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bunda kelishilgan summa Denilsonga 2026 yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanishi, Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028 yilga qadar har yili bir martadan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Rivaldo 2008-2010 yillar davomida «Bunyodkor» klubi sharafini himoya qilib, uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Denilson esa 2010 yil Toshkent klubi safida chempionlikka erishgan, Oliy Ligada 14 o‘yinda 4 ta gol, OChLda esa 6 o‘yinda 5 ta golga mualliflik qilgandi.