Jamiyat
Daraxt va butalarni kesish, shakl berish hamda ko‘chirib o‘tqazish tartibi belgilandi
Daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida – o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi va tana diametri 15 santimetrgacha bo‘lgan daraxtlar hamda tana ildiz bo‘g‘zi diametri 10 santimetrgacha bo‘lgan butalar ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tqaziladi.
Shuningdek, daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida — o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Daraxt va butalar ularning ildiz tuprog‘ini saqlagan holda ko‘chirib o‘tqaziladi, buning uchun ruxsatnomalar har bir ko‘chirilgan daraxt va butani uch yil davomida parvarish qilish sharti bilan beriladi.
Jamiyat
Prezident Sergelidagi zamonaviy tibbiyot markazini ko‘zdan kechirdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak», — dedi davlatimiz rahbari.
Jamiyat
Kommunal xo‘jaligi xodimlari uchun faxriy unvon ta’sis etilmoqda
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Senatga yuborildi.
Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi — kommunal xo‘jaligi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sohada yuqori kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi xodimlarning kasbiy faoliyatini munosib qo‘llab-quvvatlash, yosh va malakali kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kommunal xo‘jaligi tizimida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Toshkent viloyatida 12 ming, Quvasoy shahrida 11 ming va Paxtaobod tumanida 4945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. ikki nafar fuqaroni Koreyaga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Quvasoy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.R. fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish va viza olib berishni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 200 dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.M. ikki nafar fuqaroni Kanada va Koreya davlatlariga ketishlari uchun hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 4 945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olish uchun subsidiya beriladi
Subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin. Ariza beruvchini baholashda amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart.
Vazirlar Mahkamasining 4 iyul kuni kuchga kirgan qarori bilan “Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, subsidiya fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan hudud doirasida ajratiladi. Fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’i nazar, istalgan hududdan subsidiya dasturi doirasida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olishi mumkin.
Ariza beruvchi subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin. Ariza beruvchini baholashda amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega ekanligi tasdiqlanishi shart.
Subsidiya bir oilaga (eri yoki xotiniga) faqat bir marta beriladi
Sog‘liqni saqlash vazirligi subsidiya.mf.uz axborot dasturiy ta’minot tizimi orqali avtomatik tekshirish, reyestrlarni shakllantirish va qarorlar/xabarnomalarni elektron tarzda yetkazish hamda subsidiya to‘lovlarini amalga oshirishni ta’minlashi lozim.
Quyidagi hollarda ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladi:
taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar mezonga mos kelmaganda;
taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
boshqa uy-joy subsidiya dasturlari doirasida ariza beruvchining yoki uning turmush o‘rtog‘ining subsidiyadan foydalangani aniqlanganda (avval olingan subsidiyali ipoteka kreditini so‘ndirgan va uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham);
ariza beruvchi davlat dasturlari doirasida ajratilgan ipoteka kreditlaridan foydalangani aniqlanganda (qarz oluvchi tomonidan 2024 yil 1 mayga qadar olingan kreditlar hisobga olinmaydi).
Subsidiya g‘oliblari reyestr asosida tasodifiy tarzda tanlash orqali aniqlanadi
Subsidiya ajratish xabarnomasini olgan g‘olib uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.
Jamiyat
Afg‘onistondan dronda narkotik olib o‘tishning oldi olindi
O‘zbekistonga Amudaryo orqali dronda narkotik olib o‘tishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi. Afg‘onistonlik noma’lum shaxslar uchuvchisiz uchish apparatiga 2 kg 32 gr opiy moddasini mahkamlagan bo‘lgan.
Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatida narkotik moddalar kontrabandasiga chek qo‘yildi.
Afg‘onistonlik noma’lum shaxslar Amudaryo orqali giyohvandlik vositalarini dron qurilmasi yordamida O‘zbekiston hududiga o‘tkazishga uringan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu noqonuniy harakat fosh etilib, uchuvchisiz uchish apparatiga mahkamlangan 2 kilogramm 32 gramm miqdoridagi opiy moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Jamiyat5 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Jamiyat5 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
