Jamiyat
Dam olish kunlari harorat 28 darajagacha ko‘tariladi
«O‘zgidromet» dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotini taqdim etdi.
Bugun Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 13-18 daraja iliq bo‘ladi.
Shanba va yakshanba kunlari mamlakatning ko‘plab hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba, 19-aprel kuni Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida ham biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Yakshanba, 19-aprel kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha shamol esishi kutilmoqda, chang to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Dam olish kunlari harorat asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni kunduzgi harorat 20-25 darajaga, janubda esa 26-28 darajaga ko‘tariladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida 17-19-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda: Bugun va dam olish kunlari davomida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Bugun harorat 14-16 daraja, shanba kuni 19-21 daraja va yakshanba kuni 21-23 daraja iliq bo‘ladi.
Sharqiy shamollar biroz esib turadi.
Jamiyat
MIB qarzdorning 1,3 mlrd so‘mlik avtomashinasini auksionga chiqarmoqchi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2026-yil 27-fevraldagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor P.K.dan undiruvchi «Asakabank» AJ foydasiga jami 614 mln 833 ming so‘m undirish hamda undiruvni garovda bo‘lgan «BMW X3» rusumli avtotransport vositasiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati yuzasidan ijro ishi qo‘zg‘atildi.
Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi Alohida muhim ijro ishlarni ijro etish sho‘’basi ish yurituviga kelib tushgan mazkur «ish» doirasida, qonun talablariga muvofiq, qarzdorga qarzni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun muddat berilgan. Biroq belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi.
Garov mulki sifatida qayd etilgan avtomashina aniqlanib, belgilangan tartibda xatlandi hamda 1 mlrd 34 mln 600 ming so‘mga baholandi.
«Ayni paytda ushbu avtotransport vositasini «E-auksion» elektron savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Savdodan tushgan pul mablag‘lari undiruvchi bank foydasiga yo‘naltiriladi, ortiqcha qismi esa qarzdorning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi», – deyiladi MIB xabarida.
Jamiyat
Afg‘onistonda farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga imtiyoz beriladi
Afg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari halok bo‘lgan ota-onalarga kommunal to‘lovlarning bir qismi qoplab beriladi.
Prezident Farmoni (PF–62-son, 16.04.2026-y.) bilan ayrim Prezident hujjatlariga o‘zgartirishlar kirtildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi harbiy harakatlar chog‘ida farzandlari (er yoki xotin) halok bo‘lgan ota-onalarga (bevalarga) uy-joy kommunal–xizmatlar to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya pul to‘lovini joriy etish belgilandi.
Jamiyat
O‘qituvchilarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi
Pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 50 foiz chegirma beriladi.
Vazirlar Mahkamasi qarori (175-son, 16.04.2026-y.) bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ta’lim tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagog shaxslar uchun quyidagi davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini tashkil qilishi belgilandi:
– ko‘chmas mulk ob’yektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari;
– muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha davlat xizmatlari;
– umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish bo‘yicha davlat xizmatlari;
– traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish byo‘icha davlat xizmatlari;
– rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari va boshqalar.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktor va direktor o‘rinbosarlari 5 yilda 1 marotaba ishdan ajralgan holda, Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil qilinadigan menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitilishi belgilandi.
Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlardagi o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirish, boshqa yo‘nalishga o‘tkazish va o‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish tartibi belgilandi.
Jamiyat
Sirdaryo qirg‘og‘ida 55 kg narkotik topildi, egalari qidirilmoqda
DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Farg‘ona viloyatida yirik kontrabanda harakatiga chek qo‘yishdi. Beshariq tumani, «Shodiqoziq» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo qirg‘og‘ida shubhali to‘rtta polietilen qop topildi.
Qoplardan qo‘shni davlatdan noqonuniy olib o‘tilgan ulkan miqdordagi «ajal urug‘lari» va dori vositalari chiqdi:
47 kg 113 gr «gashish» (48 ta o‘ramda);
7 kg 779 gr «opiy» (15 ta o‘ramda);
10 710 dona «Lidaza» va 756 dona «Tenoksikam» dori vositalari.
Kontrabandachilar «yuklar»ni qirg‘oqda qoldirib, voqea joyidan yashirinishga ulgurishgan. Hozirda ushbu zaharli moddalar kimga tegishli ekanligini aniqlash bo‘yicha keng qamrovli qidiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Dunyoni o‘zgartirishga bo‘lgan so‘nggi urinish
Haqiqiy telbalik – dunyoni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilib, uni o‘zgartirishga urinmaslikdir, deydi Servantes. Ammo hayotimizda borini boricha qabul qilishni bilmaganlar telba hisoblanadi. Bugun biz 5 daqiqa’da “Don Kixot” romani orqali kulrang haqiqatning rangli orzular ustidan qozongan g‘alabasi haqida gaplashamiz. Ushbu asar bugungacha yozilgan romanlarning eng mashhuri bo‘lib, dunyoda eng ko‘p tarjima qilingan, o‘qilgan kitoblardan biridir.
Asar voqealari kichik bir qishloqda yashovchi kambag‘al aslzoda Alonso Kixanoning hayoti bilan boshlanadi. U ritsarlik haqidagi kitoblarga shu qadar sho‘ng‘ib ketadiki, oxir-oqibat atrofidagi kulrang va zerikarli haqiqatni qabul qila olmay qoladi. Uning uchun dunyo – adolatsizlik, zulm va yovuzlik uyasi emas, balki mard ritsarlar malikalarni qutqaradigan, zaiflarga yordam beriladigan va insonning sharafi hamma narsadan ustun turadigan maydon bo‘lishi kerak edi. Shunday qilib, u o‘zini Don Kixot deb e’lon qiladi va zanglagan sovutlarini kiyib, olamni yovuzlikdan xalos qilish uchun yo‘lga chiqadi.
Bu sayohatda unga hamrohlik qilgan soddadil dehqon Sancho Pansa obrazi asarning eng muhim tirgaklaridan biri. Agar Don Kixot yulduzlarga tikilib xayol suradigan ruh bo‘lsa, Sancho yerda mustahkam turgan, faqat qornini va va’da qilingan orolni o‘ylaydigan jismdir. Servantes bu ikki qahramon orqali insoniyatning ikkiga bo‘lingan tabiatini ko‘rsatib beradi. Biroq safar davomida kuzatiladigan eng qiziqarli jarayon shundaki, bu ikki ziddiyatli dunyo bir-biriga singib boradi.
Asar qahramoni shamol tegirmonlari bilan jang qiladi. Don Kixot uchun ular ulkan va vahshiy devlar bo‘lib ko‘rinadi. Ritsarning yiqilishi va mag‘lubiyati – bu moddiy dunyoning g‘olibligidir. Lekin ma’naviy jihatdan Don Kixot g‘olib bo‘ladi, chunki u qo‘rquvni yengib, yovuzlikka qarshi turishga o‘zida jur’at topadi.
Asarda Don Kixotning atrofdagilar tomonidan masxara qilinishi, kaltaklanishi va kulgiga qolganini ko‘ramiz. Ammo diqqat bilan qarasak, aslida kim telba ekanligi shubha ostida qoladi. O‘z nafsi uchun birovlarni aldaydigan, faqat qornini o‘ylab vijdonini sotadigan va o‘zgalarning tuyg‘ulari ustidan kuladigan “sog‘lom” odamlar Don Kixotning yonida ma’naviy jihatdan ancha qashshoq bo‘lib qoladi. Ritsarning qalbidagi Dulsineya aslida oddiy qishloq ayoli bo‘lishi mumkin, lekin Don Kixotning nigohida u go‘zallik va poklikning oliy timsolidir. Bu esa insonning nigohi olamni qanchalik go‘zallashtira olishiga isbotdir.
Don Kixot uyiga qaytadi va uzoq davom etgan «xayoliy hayot»dan so‘ng, to‘satdan sog‘ayadi. U aqlini yig‘ib, o‘z ismini – Alonso Kixanoni qaytarib oladi va ritsarlik kitoblarini la’natlaydi. Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun bu xayrli yakundek tuyulishi mumkin, lekin aslida bu asarning eng og‘riqli qismidir. Sog‘aygan Alonso Kixano uchun dunyo o‘z ranglarini yo‘qotadi. U endi adolatni, malikalarni va sehrli sarguzashtlarni ko‘rmaydi. Orzularidan voz kechgan inson uchun yashashning hech qanday ma’nosi qolmaydi. U o‘z karavotida yotganida, uning yaqinlari xursand bo‘lishadi, lekin faqat bir kishi chin dildan yig‘laydi – bu Sancho Pansa edi.
Aynan shu yerda Servantes keskin burilish qiladi. Safar boshida faqat moddiy foydani ko‘zlagan Sancho, endi o‘z xo‘jayinining oyoqlariga yiqilib, undan yana Don Kixot bo‘lishini so‘raydi. Sancho endi orolni emas, balki o‘sha go‘zal xayollarni sog‘inayotgan edi. Bu – g‘oyaning o‘lmasligidir. Bir inson o‘lishi mumkin, lekin u uyg‘otgan orzu va e’tiqod uchquni boshqa qalbda yashashda davom etadi, deganidir.
Nima uchun biz bu kitobni bugun, XXI asrda ham o‘qishimiz kerak deysizmi? Chunki biz hozir har qachongidan ham ko‘proq «sog‘ayib» ketganmiz. Biz har bir ishimizni raqamlar bilan o‘lchaymiz, muhabbatni biologiyaga, do‘stlikni ijtimoiy tarmoqlarga, jasoratni esa ehtiyotkorlikka almashtirib yubordik.
Darvoqe, Servantes asar so‘ngida bir ogohlantirish qoldirgan. U yerda Don Kixotning o‘z merosxo‘rlariga qo‘ygan bir sharti bor. Ushbu shartni buzish – insonning eng katta fojiasi sifatida talqin qilinadi. Agar siz o‘sha «so‘nggi vasiyatdagi sirli shart» nima ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz, kitobning so‘nggi sahifalarini oching. Chunki aynan o‘sha yerda siz o‘zingizning asl ismingizni va hayotdagi haqiqiy maqsadingizni topishingiz mumkin.
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Dunyodan4 days agoKreml Vengriya muxolifati yetakchisini tabriklashdan bosh tortmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Hormuz blokadasi bilan bog‘liq tahdidli so‘zlarni aytdi
-
Dunyodan4 days ago
Dunyo “dahshatli” ish taqchilligiga duch kelmoqda
-
Siyosat4 days ago
Shahboz Saidxanov Turizm qo‘mitasi raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi
-
Jamiyat2 days ago
Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi
