Jamiyat
Bu texnik xato emas, bu – savodsizlik
Sahnada millatning buyuk ma’rifatparvari, o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyondasi Abdulhamid Cho‘lpon va Abdulla Avloniy haqida gap ketmoqda. Ammo, ularning nomi «Abdulla Cho‘lpon», «Abdulhamid Avloniy» deb yozib qo‘yilgan.
Ayrimlar buni oddiy texnik xatolik, deb baholashi mumkin. Yo‘q. Texnik xato – harf tushib qolishi yoki biror belgining adashib ketishidir. Lekin, millat tarixi va adabiyotining eng yirik siymolarining ismini noto‘g‘ri yozish, bu – savodsizlik, beparvolik va mas’uliyatsizlikdir.
Eng og‘riqlisi, bu xatoni hali sahna yuzini ko‘rmasidan ko‘pchilik ko‘rgan. Tayyorlovchilar ko‘rgan, tashkilotchilar ko‘rgan, sahnaga chiquvchilar ko‘rgan. Ammo, hech kim: «Ey, to‘xta, bu yerda Cho‘lpon va Avloniy ismi noto‘g‘ri yozilibdi»,—demagan. Vaholanki, shu so‘zni aytishga yetarlicha bilimning o‘zi bo‘lmagan ko‘rinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat juda keng muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilardan biri: «Buyuk allomalarimiz ismini bilmaydigan odam ma’rifat haqida qanday tadbir o‘tkazishi mumkin?»— deya yozgan. Yana biri: «Biz tarixiy shaxslarga haykal qo‘yish bilan emas, avvalo, ularning ismini to‘g‘ri yozishdan boshlashimiz kerak»,—deya munosabat bildirgan.
Haqiqatan ham bu masala birgina familiya yoki ism xatosi haqida emas. Bu umumiy munosabat haqida. Agar biz millatning eng buyuk farzandlaridan birining ismini sahnaga chiqarishdan oldin tekshirib ko‘rishga ehtiyoj sezmasak, demak, muammo yanayam chuqurroq.
Abdulhamid Cho‘lpon-u, Abdulla Avloniy — oddiy ijodkorlar emas. Ular millatning dardini kuylagan, erkinlik va ma’rifat uchun kurashgan jadidlar safining eng yorqin vakillaridan. Ularning nomi kitoblarda, ilmiy tadqiqotlarda, maktab darsliklarida bor. Demak, bu xatoni e’tibor yetishmasligi bilan emas, bilim yetishmasligi bilan baholash o‘rinli.
Bugun jamiyatda ko‘p gapirayotgan ma’naviyat va milliy qadriyatlarga hurmat, avvalo, shunday mayda tuyulgan, ammo, mazmunan katta masalada namoyon bo‘ladi.
Ularning ismini adashtirish – bir-ikki shaxsning ismini adashtirish emas, bu – o‘z tarixiga munosabatni ko‘rsatuvchi oynadir.
Shuning uchun ham tarmoqlarda bildirilayotgan tanqidlarni o‘rinli, deb bilaman. Millatning buyuk farzandlari haqida gap ketganda, beparvolikka o‘rin bo‘lmasligi kerak. Zero, bu texnik xatolik emas, bu –savodsizlik, bu – ma’naviyatsizlik. Tarixiy xotiralarga nisbatan ehtiromsizlikdir.
Laylo Hayitova