Jamiyat
Bozorlarda QR-kod orqali to‘lov tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini raqamlashtirish doirasida avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylari uchun to‘lovlarni yagona QR-kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, E-bozor yagona raqamli platformasi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Hukumatning «Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 oktyabrga qadar E-bozor yagona raqamli bozor platformasi sinov tariqasida, 2027 yil 1 martga qadar esa to‘liq joriy etiladi.
Platforma orqali bozorlar va savdo komplekslarining pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari hamda savdo o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi. Shuningdek, fuqarolar bozorlar faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan tanishish, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yuborish va unga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
E-bozor platformasi «Soliq» axborot tizimlari kompleksi tarkibida ishlaydi. Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq organlari xodimlari biriktirilib, ularning faoliyati samaradorligi kunlik tahlil qilib boriladi.
Qarorga ko‘ra, bozorlar hududida va ularga tutash avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlar yagona QR-kod orqali qabul qilinadi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 avgustdan boshlab transport vositalarini jarima maydonchasidan chiqarishga ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali QR-kod bilan tasdiqlangan elektron shaklda rasmiylashtiriladi.