Jamiyat
Bolalar ombudsmani yuqori kuchlanishli obektlarda xavfsizlik ta’minlanishini talab qildi
Namanganning Davlatobod va Mingbuloq tumanlarida hamda Farg‘ona shahrida transformator punktida bolalarni tok urishi ularning o‘limiga yoki nogiron bo‘lib qolishiga olib keldi. Bolalar ombudsmani vakolatli organga ta’sir hujjati kiritib, respublikaning barcha hududlarida bunday holatlarning oldini olish uchun choralar ko‘rishni talab qildi.
Davlatobod tumanidagi hodisa haqidagi “Millar” dasturi reportajidan kadr
So‘nggi paytlarda elektr transformatordan tok urishi natijasida bolalar halok bo‘lishi yoki nogiron bo‘lib qolishi holatlari kuzatilmoqda. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Namangandagi ana shunday holatdan keyin, tegishli idoraga ta’sir hujjati kiritdi.
5 may kuni Davlatobod tumanida 13 yoshli bola atrofi ochiq holatda turgan transformator ustiga chiqishi oqibatida bola tok urib vafot etgan edi. Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
“Yuqori kuchlanishdagi tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish aholi uchun, ayniqsa bolalar uchun doimiy xavfsiz bo‘lishi choralari mutasaddilar tomonidan ta’minlanishi shart.
Respublikaning barcha hududlarida yuqoridagi fojiali holatlarni oldini olish maqsadida bola xavfsizligini ta’minlashga oid belgilangan standartlarga rioya etishni nazorat qilish va zarur choralarni ko‘rish yuzasidan Bolalar ombudsmani tomonidan vakolatli davlat organiga tegishli ta’sir hujjati kiritildi”, – deyiladi Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganning boshqa bir tumani – Mingbuloqda ham 4 yoshli bola hojatxona izlab, ochiq qoldirilgan transformator ichiga kirib, ikki qo‘lidan ayrilgan edi. Tergov va sud organlari bu jinoyat oqibati bo‘lganini tasdiqlab, mas’ul xodimni javobgarlikka tortgan.
Bundan tashqari, fevral oyida Farg‘ona shahridagi xususiy bog‘chalardan birida transformator ochiq qoldirilishi oqibatida 6 yashar bolaning tana a’zolari kuyib ketdi. Bu holat bo‘yicha ham jinoyat ishi ochilgan.