Iqtisodiyot
Bojlar yordamida monopoliya yaratmaslik kerak
Xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar shaxsiy ehtiyoji uchun olib kelayotgan iPhone’lari uchun boj to‘lashga majburlanayotgani haqidagi muhokamalar ortidan, “Yuksalish” umummilliy harakati dadil bayonot bilan chiqib, qator takliflarni ilgari surdi. Harakat pozitsiyasiga ko‘ra, bojlar va limitlar qonun bilan belgilanishi hamda monopoliya yaratish quroliga aylanmasligi kerak.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
“Yuksalish” umummilliy harakati jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga shaxsiy foydalanish uchun bojsiz tovar olib kirish limitlari pasaytirilganini tanqid qilib, bu borada qator takliflarni ilgari surdi.
“Boj to‘lovlari monopoliyaga sabab bo‘lmasligi kerak”, deyiladi harakat tarqatgan bayonot sarlavhasida.
Ma’lumki, 2025 yil 1 maydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha yangi bojsiz normalar kuchga kirdi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun limit quyidagicha belgilangan: havo transporti orqali kelishda – 1000 dollar, temir yo‘l va daryo transportida – 500 dollar, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida – 300 dollar, xalqaro kurerlik jo‘natmalarida – 200 dollar, pochta orqali esa – 100 dollar.
“Yuksalish” harakatiga ko‘ra, bu me’yorlar amalda fuqarolarga qo‘shimcha moliyaviy xarajat yuklayapti, qolaversa, bozordagi raqobatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Bojxona to‘lovlari monopoliya xavfini kuchaytirmoqda. O‘zbekistonda rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni, tabiiyki, fuqarolar chetdan olib kelishga majbur. Ammo, 30 foizlik boj bu tovarlarni sun’iy qimmatlashtirib, iste’molchi tanlovining cheklanishi va yirik importchilarning mavqeyi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Natijada, raqobat pasayishi, narxlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda o‘rta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Buning oqibatida iste’molchilar tanlov huquqidan mahrum bo‘ladi va sog‘lom bozor rivojlanishi to‘xtaydi.
Shuning uchun yashirin iqtisodiyotga qarshi boshqacha, samarali hamda inson huquqlariga daxl qilmaydigan mexanizmlar haqida o‘ylash maqsadga muvofiq”, – deyiladi harakat 7 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotda.
Yuqoridagi muammolarga yechim sifatida, “Yuksalish” quyidagilarni taklif qildi:
jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘llaniladigan boj to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida belgilanishi lozim;
tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlardan aniq ajratish mexanizmini ishlab chiqqan holda, normadan oshgan qismiga nisbatan 30 foiz o‘rniga pastroq, mutanosib va progressiv stavkalarni qo‘llash;
bojxona tariflarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida monopoliyani shakllantirish vositasi emas, balki faqat haqiqiy kontrabandaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish vositasi sifatida qo‘llash;
ichki bozorda yetarlicha raqobat shakllanmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
ro‘yxatga olish jarayonini soddalashtirish va boj to‘lovi talab qilinmagan hollarda (masalan, 1-2 dona shaxsiy qurilma) UzIMEI orqali ro‘yxatga olishni bepul qilish.
“Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, shaxsiy tovarlarga yuqori bojlar qo‘yish – oddiy fuqarolarning mulk huquqiga zarar yetkazadi. Boj siyosati adolatli va iqtisodiy erkinlikni qo‘llab-quvvatlovchi bo‘lishi kerak”, – deya xulosa qildi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga asoslanib, Kun.uz bajarib ko‘rgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Dubaydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoji uchun iPhone 17 Pro Max 512 smartfonini olib kirayotgan fuqarolar davlat boji, bojxona yig‘imi va IMEI-registratsiyasi uchun jami 2,5 mln so‘mdan ortiq xarajat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot20 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
