Jamiyat
Bog‘chaga imtiyozli navbat endi onlayn rasmiylashtiriladi
Farzandini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli navbat asosida joylashtirish huquqiga ega oilalar endi barcha jarayonni my.gov.uz portali orqali onlayn amalga oshirishi mumkin. Tizim imtiyoz huquqini davlat idoralari axborot bazalari orqali avtomatik tekshiradi.
Yangi tartibga ko‘ra, davlat bog‘chasiga imtiyozli navbatga qo‘yish uchun endi turli idoralarga borish yoki hujjatlar to‘plash talab etilmaydi.
Ariza beruvchi my.gov.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, «Bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish» xizmatini tanlashi hamda o‘ziga tegishli imtiyoz toifasini ko‘rsatishi kifoya.
Shundan so‘ng tizim ma’lumotlarni tegishli vazirlik va idoralarning axborot bazalari orqali avtomatik ravishda tekshirib, imtiyoz huquqini tasdiqlaydi.
Onlayn xizmatdan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, «Ayollar daftari»ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning farzandlari, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarning bolalari, talabalar hamda ta’lim muassasalari pedagoglarining farzandlari va qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar foydalanishi mumkin.
Ariza yuborish uchun fuqaro my.gov.uz portali yoki mobil ilovasiga kirib, xizmatni tanlaydi, zarur ma’lumotlarni to‘ldiradi, davlat bog‘chasini hamda mavjud imtiyoz turini ko‘rsatgan holda arizani elektron shaklda yuborishi mumkin.