Jamiyat
BMT Farg‘ona vodiysini zilzila xavfi yuqori hududlar qatoriga kiritdi
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yirik zilzilalardan olinadigan asosiy saboq shundan iboratki, navbatdagi falokat yuz berguniga qadar unga tayyor turish zarur.
O‘zbekistonning ayrim tumanlari Janubiy Kavkaz mamlakatlari bilan bir qatorda juda yuqori seysmik xavfli hududlarga kiradi. Bu haqda BMT tomonidan e’lon qilingan maqolada aytiladi.
Qayd etilishicha, zilzilalar barcha tabiiy ofatlar ichida eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lib qolmoqda. 2000 yildan 2023 yilgacha tabiiy ofatlar bilan bog‘liq barcha o‘limlarning yarmidan ko‘pi aynan zilzilalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Yevropa mintaqasida millionlab odamlar kuchli yer silkinishlariga bardosh bera olmaydigan binolarda yashaydi va tibbiy yordam oladi.
Maqolada ta’kidlanishi, ayniqsa, Turkiyaning Istanbul shahri katta xavotir uyg‘otmoqda. Aholisi 15 milliondan ortiq bo‘lgan bu shahar dunyodagi eng faol yoriqlaridan biri – Shimoliy Anadolu yorig‘i yaqinida joylashgan. 2025 yilda e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, Marmar dengizi ostida taxminan yetti magnitudali zilzila keltirib chiqarishga qodir yoriq qismi o‘tgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda Istanbul hududida bunday hodisaning yuz berish ehtimoli 40-60 foizni tashkil etadi.
Biroq xavfli hudud faqat Turkiya bilangina cheklanib qolmaydi. Yevropa mintaqasida dunyoning ikkita eng yirik seysmik belbog‘i joylashgan. Qirg‘iziston va Tojikistonning deyarli butun hududi, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim tumanlari Janubiy Kavkaz mamlakatlari bilan bir qatorda juda yuqori seysmik xavfli zonalarga kiradi. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida uch davlat – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududida joylashgan va qariyb 11 million kishi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysi «o‘ta zaif» hisoblanadi.
2023 yili Turkiya va Suriyadagi vayronkor zilzilalar tajribasi falokatdan keyin shifoxonalarning o‘z faoliyatini davom ettirishi naqadar muhim ekanini ko‘rsatdi. Agar tabiiy ofat zarbasidan keyingi ilk daqiqalardayoq tibbiyot muassasalari ishdan chiqsa, minglab jabrlanganlar hayotiy zarur yordamsiz qolishi mumkin, deb hisoblamoqda BMT.
JSST ekspertlari tayyorgarlik ko‘rish oqibatlarni bartaraf etishdan ko‘ra ancha arzon tushishini ta’kidlamoqda. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, seysmik mustahkamlik talablarini hisobga olgan holda yangi shifoxona qurish loyiha qiymatini to‘rt foizdan kamroqqa oshiradi, mavjud binolarni modernizatsiya qilish esa ularning qiymatining taxminan bir foiziga tushishi mumkin. Bu esa zilziladan keyin ularning faoliyatini davom ettirish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Mutaxassislar tibbiy infratuzilmani mustahkamlash bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam brigadalarini doimiy shay holatda saqlashni, muntazam o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni, xalqaro hamkorlikni takomillashtirishni hamda aholining eng zaif qatlamlari – keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va majburiy ko‘chirilganlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etadi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yirik zilzilalardan olinadigan asosiy saboq shundan iboratki, navbatdagi falokat yuz berguniga qadar unga tayyor turish zarur.
Jamiyat
Ish haqi kechikkanda ish beruvchining kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanadi
Qonunchilik palatasida ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilgan qonun loyihasi qabul qilindi.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasi deputatlari mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, hujjat mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Qonunchilik palatasi xabariga ko‘ra, loyihada ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda. Ammo xabarda bu qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida ish haqini kechiktirgani uchun avtomatik hisoblanadigan yagona kunlik penya me’yori belgilanmagan. Kompensatsiya masalasi Mehnat kodeksi, jamoa shartnomasi, mehnat shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatlarga qarab hal qilinadi.
Qayd etilishicha, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati ham qisqartirilmoqda. Ya’ni, taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Endi elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtiriladi.
Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qonun kuchga kirishi uchun Senat tomonidan ma’qullanishi, prezident tomonidan imzolanishi lozim.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar 5 oyda tibbiyotga 9 trln so‘m sarfladi
2026-yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 9,1 trln so‘mni tashkil qildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,7 foizga o‘sgan.
Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash xizmatlari tarkibida eng katta ulush boshqa turdagi tibbiy xizmatlarga to‘g‘ri kelgan. Ular umumiy xizmatlar hajmining 63,2 foizini tashkil etgan. Shuningdek, shifoxona muassasalari xizmatlari 20 foiz, tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlari esa 16,8 foizni tashkil qildi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda besh oy davomida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 4,2 trln so‘mga yetgan.
Toshkent viloyati 862,1 mlrd so‘m bilan ikkinchi, Samarqand viloyati 694,1 mlrd so‘m bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 593 mlrd so‘m, Andijon viloyati — 428,9 mlrd so‘m va Namangan viloyati — 415 mlrd so‘m qayd etildi.
Shuningdek, Buxoro viloyatida xizmatlar hajmi 353,9 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 335,9 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida 332,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Qolgan hududlar orasida Surxondaryo viloyatida 238,4 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida 221,3 mlrd so‘m, Sirdaryo viloyatida 169,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 158,6 mlrd so‘m va Navoiy viloyatida 157,9 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Jamiyat
Barcha viloyat sudlarida advokatlar bilan hamkorlik uchun maxsus guruhlar ochildi
Yangi tashkil etilgan Telegram guruhlari faqat advokatlar uchun mo‘ljallangan. Advokatlik litsenziyasiga ega bo‘lmaganlarga nisbatan guruhga a’zo bo‘lishda cheklov o‘rnatilgan.
Barcha viloyatlar sudlarida advokatlar bilan hamkorlik qilish uchun maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu orqali viloyat sudlarida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish hamda sud ishlarini tashkil etish bilan bog‘liq muammo va tushunmovchiliklarning oldini olishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Yangi tashkil etilgan Telegram guruhlari faqat advokatlar uchun mo‘ljallangan. Advokatlik litsenziyasiga ega bo‘lmaganlarga nisbatan guruhga a’zo bo‘lishda cheklov o‘rnatilgan.
Advokatlar quyidagi havolalar orqali Telegram guruhlariga a’zo bo‘lishlari mumkin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari
Andijon viloyati sudlari
Buxoro viloyati sudlari
Jizzax viloyati sudlari
Qashqadaryo viloyati sudlari
Navoiy viloyati sudlari
Namangan viloyati sudlari
Samarqand viloyati sudlari
Sirdaryo viloyati sudlari
Surxondaryo viloyati sudlari
Toshkent viloyati sudlari
Toshkent shahar sudlari
Farg‘ona viloyati sudlari
Xorazm viloyati sudlari
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining rasmiy Telegram kanallari ham faoliyat yuritmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonga juda kuchli issiq havo oqimlari kirib keladi
«O‘zgidromet» kuchli issiq bo‘yicha xabar btlan chiqdi.
Joriy yilning 13-17-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda.
Havo harorati eng issiq kunlarda respublikaning katta qismida 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 44-46 darajagacha ko‘tariladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Jamiyat
8 tilni biladigan 25 yoshli Hojimurod hikoyasi
Surxondaryolik Hojimurod Shoymardonov yetti yildan beri xorijda yashab, turli mamlakatlarda ishlab kelmoqda. Rossiyadan Bolgariyagacha, Turkiyadan Malayziyagacha bo‘lgan ish tajribasi unga xizmat ko‘rsatish sohasi, mehnat migratsiyasi va ta’lim haqida o‘z qarashlarini shakllantirish imkonini bergan. Kun.uz muxbiri suhbatda u chet yeldagi hayotning past-balandliklari va Malayziyadagi faoliyati haqida gapirib berdi.
Bugun minglab o‘zbekistonliklar xorijga yaxshi daromad izlab ketmoqda. Kimdir qurilishda, kimdir ishlab chiqarish, yana kimdir xizmat ko‘rsatish sohasida mehnat qiladi. Ammo ko‘p hollarda odamlar faqat topilgan pulni ko‘radi. O‘sha mablag‘ ortidagi mas’uliyat, ruhiy bosim va tajriba zaruriyati ko‘zga tashlanmaydi. Hojimurodning hikoyasi esa ana shunday qarashlarni biroz o‘zgartirishi mumkin.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan 25 yoshli Hojimurod maktabni tamomlagach oliy ta’limga kira olmaydi. Bir muddat san’at yo‘nalishida faoliyat yuritib, ovozlashtirish ishlari bilan shug‘ullanadi. Biroq uning aytishicha, mazkur sohada o‘sha paytda barqaror daromad topish qiyin bo‘lgan.
“San’atga qiziqishim kuchli edi, dublyaj bilan shug‘ullanardim. Ammo vaqt o‘tgani sari faqat qiziqish bilan yashab bo‘lmasligini tushundim. Oilaga tayanch bo‘lish, barqaror daromad topish kerak edi. Shu sabab o‘zimni boshqa sohada sinab ko‘rishni boshladim”, – deydi u.
Shundan so‘ng, Hojimurod o‘zi qiziqqan boshqa yo‘nalishda ishlashni boshlaydi. Ammo mahalliy mehnat bozoridagi maoshlar uning kutilmalariga javob bermaydi. Oqibatda xorijda ishlashga qaror qiladi. Ilk manzili Rossiya bo‘ladi. Dastlab oddiy ishchi sifatida mehnat qilgan Hojimurod rus tilini yaxshi bilgani tufayli keyinchalik logistika kompaniyasiga ishga taklif etiladi.
“Dastlab boshqa migrantlar singari oddiy jismoniy mehnatdan boshladim. O‘sha davr menga intizom va mas’uliyatning ahamiyatini o‘rgatdi. Ish jarayonida rus tilini erkin bilishim e’tiborga tushdi va ko‘p o‘tmay logistika kompaniyasidan taklif oldim. Bu yerda hujjatlar bilan ishlash, yuk tashish zanjirini muvofiqlashtirish, turli millat vakillari bilan muloqot qilish kabi vazifalarni bajardim. O‘shanda bir narsani aniq angladim: xorijda faqat mehnatkash bo‘lishning o‘zi yetarli emas, til bilish va yangi ko‘nikmalarni egallash insonni oddiy ishchidan mutaxassis darajasiga olib chiqadigan eng muhim omillardan biri ekan”, – deydi u.
Rossiyadagi faoliyatidan so‘ng, Hojimurod Bolgariya, Ozarboyjon, BAA va Turkiyada ham ishlab, turli sohalarda tajriba orttiradi. Bugun esa Malayziyada xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda. Uning aytishicha, turli mamlakatlarda ishlash kasbiy tajriba bilan bir qatorda, odamlar, madaniyat va mehnatga bo‘lgan munosabatni chuqurroq anglash imkonini ham bergan.
Hozirda Hojimurod o‘zbek, rus, tojik, arab, fors, ingliz, hind va urdu tillarida erkin muloqot qila oladi. Biroq bu qobiliyat bir kunda shakllanmagan. Har bir tilni o‘rganish ortida yuzlab soatlik mehnat, xatolar va muntazam mashq yotadi. Aynan shu mehnat keyinchalik unga turli mamlakatlarda bemalol ishlash, yangi odamlar bilan tez til topishish va kasbiy faoliyatida o‘sish imkonini bergan.
“Ko‘pchilik tilni shunchaki gaplashish vositasi deb o‘ylaydi. Aslida esa u yangi imkoniyatlar kaliti. Til bilsangiz, odamlar sizga boshqacha qaraydi, ishonch bildiradi. Ishda ham mas’uliyatingiz ortadi, chunki turli davlatlardan kelgan mijozlar yoki hamkasblar bilan bemalol ishlay olasiz”, – deydi u.
Hojimurod ayni vaqtda Malayziyada restoran boshqaruvi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ishlaydi. Yigitning aytishicha, xorijda mazkur kasbga oddiy ish emas, mas’uliyat va professionallik talab qiladigan soha sifatida qaraladi.
“Bu yerda ofitsiant yoki servis xodimi shunchaki buyurtma olib keladigan odam emas. U restoran obro‘yini shakllantiradigan asosiy insonlardan biri hisoblanadi. Mijoz bilan muloqot, muammoni hal qilish, jamoa bilan ishlash – bularning barchasi yuqori darajada baholanadi. Faoliyatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bir kunning o‘zida malay, xitoy, hind va Yaqin Sharq davlatlaridan kelgan odamlar bilan ishlashingiz mumkin. Shuning uchun nafaqat til bilish, balki odamlar mentalitetini tushunish ham juda muhim”, – deydi u.
Suhbat davomida Hojimurod yoshlar orasida keng tarqalgan “avval diplom, keyin ish” degan qarashga ham munosabat bildirdi. Uning fikricha, zamonaviy mehnat bozorida diplom muhim bo‘lsa-da, ish beruvchilar uchun amaliy tajriba hamda ko‘nikmalar ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda.
“Men oliy ta’limni tamomlamaganman. Lekin shu paytgacha ishlagan joylarimning deyarli hech birida mendan diplom so‘rashmagan. Ularni qiziqtirgan narsa qanday ishlashim, muammolarni hal qila olishim va jamoaga foyda bera olishim bo‘lgan. Diplom, albatta, kerak, lekin u tajribaning o‘rnini bosa olmaydi. Bugungi dunyoda inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, imkoniyatlar baribir topiladi”, – deydi u.
Intervyuni to‘liq shaklda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
-
Jamiyat5 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport3 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Jamiyat3 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat3 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
