Iqtisodiyot
Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligini ogohlantirdi
O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning tom qismiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Idora reklama pasportlari qonuniy kuchida bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Reklama joyi pasportidan namuna
Nizoli holat yuzasidan avvalroq Kun.uz tarqatgan xabarda aytilganidek, poytaxt hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan dizayn kod kuchga kirishi bilan ko‘p kvartirali uylar tomidagi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish borasida talabnoma yuborilgan.
Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkor hokimlik tomonidan 2030 va 2034 yilgacha muddatga berilgan reklama pasportlarining bekor qilinishi noto‘g‘ri ekanini aytgandi.
14 iyul kuni Biznes-ombudsman ushbu masalani nazoratga olganini ma’lum qildi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi.
Qolaversa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi”, – deyiladi Biznes-ombudsman bayonotida.
Tashkilot Toshkent shahar hokimligiga reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish yuzasidan xulosa kiritgan.
Agar bu jarayonda tadbirkorlarning mulkiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, Biznes ombudsman o‘z vakolatlari doirasida ularning huquqlarini, jumladan, sudlarda ham himoya qilishini bildirdi.
Vaziyat bo‘yicha poytaxt hokimligi va Adliya vazirligining izohi bilan Kun.uz’ning avvalgi materialida tanishishingiz mumkin.