Jamiyat
Biz 34 yil kutgan voqea
Soyib Xo‘jayev, Ergash Karimov, Husan Sharipov, Murod Rajabov.
Ularni nima birlashtiradi?
To‘g‘ri topdingiz, ular o‘zbek futbol fanatlari aks etgan film(lar) bosh qahramonlari. «Yor-yor» filmida sport sharhlovchisining «futbolchilarimizga nimadir yetishmayapti», degan gapiga Soyib Xo‘jayev «men yetishmayapman, men» degan so‘zlari yodingizdami?
Yoki «Uchrashuv» da Ergash Karimovning xotiniga shisha o‘qtalib «O‘ynay olmasang nima qilasan?» degan gapi-chi?
«Suyunchi»da futbol jamoasi tuzish maqsadidagi Husan Sharipovning fidoyiligi, «Faqat g‘alaba» filmida Murod Rajabovning futbolga qiziqmaydigan qassobdan go‘sht olmay, tarozini uloqtirib yuborgani-chi? 1955-yilda suratga olingan «Stadionda uchrashamiz» filmida ozgina bo‘lsada o‘sha zamon mafkurasi aks etganiga qaramay qishloqda futbolni targ‘ib qilishga qaratilgan kino ekanini tan olish kerak.
Bu filmlarda birorta mubolag‘a yo‘q. Ulug‘ aktyorlarimiz o‘zbek futbol fanatlari rolini qoyilmaqom tarzda maromiga yetkazib o‘ynashgan.
Futbolga ishqibozlik masalasida jahonda oldingi o‘rinlarda turadigan xalqlar safida ekanligimizdan faxrlanamiz.
Qishlog‘imiz(Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi Turbat)da Rixsivoy aka G‘oybaliyev ismli qo‘shnimiz bo‘lardi. Ismlarini aytmay Polvon aka deyishardi. Yaqinda salkam 90 yoshda vafot etdilar. O‘tgan asrning 70-yillarida Markaziy Osiyodan oliy va birinchi ligada O‘zbekistonning «Paxtakor» i va Qozog‘istonning «Qayrat»i ishtirok etardi. Gohida Tojikistonning «Pomir»i ham ko‘zga tashlanib turardi. Qishlog‘imizning yarmi «Paxtakor»ga, yarmi «Qayrat»ga muxlislik qilardi. Bir kuni kolxozimiz raisi daladan qaytayotsa yo‘lda mexanizator Polvon akani ko‘rib qoladi. «Qayoqqa ketayapsan?» deb so‘raydi.«Uyga, bugun “Qayrat” va “Paxtakor” o‘ynaydi», deydi Polvon aka. Shunda rais «ishni tashlab ketishga nima haqqing bor? Seni masalangni raykom byurosiga qo‘yaman», deb po‘pisa qiladi va Polvon akani «UAZik» mashinasiga o‘tqazib uyigacha olib borib qo‘yadi hamda “bir soatdan keyin kiyinib turishni, rayonga borishlarini», aytadi. Bir soatdan keyin ular uchrashib tumanga yo‘l olishadi. Ammo nima uchundir raykom binosiga kirmay Toshkentga yo‘l olishadi. Aslida rais ham o‘sha kuni futbol ko‘rish uchun Toshkentga ketayotgan bo‘lgan. Niyat xolisligini qarang, Polvon aka televizorda futbol ko‘rmoqchi edi, ammo rais hamrohligida jonli futbol ko‘rib qaytishdi.
Eng qizig‘i, Polvon aka «Paxtakor»ga, rais «Qayrat»ga ishqibozlik qilardi. Qarang, futbol xalqlar o‘rtasidagi samimiy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga hizmat qilgan. Soyib Xo‘jayev, Ergash Karimov, Husan Sharipov, Murod Rajabov ijro etgan rollarda men Polvon akani ko‘rganman.
Tan olish kerak, so‘nggi yillarda futbolga katta ahamiyat berilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, Jahon chempionatida ishtirok etayapmiz. Bizning bu muvaffaqiyatimizni qo‘shni davlatlarning vakillari ham xursandchilik bilan qabul qilayotganini ko‘rib, qalblarimiz quvonchga to‘lmoqda.
Ilk o‘yinni uzoq kutdik. To‘g‘ri, mag‘lub bo‘ldik. Ammo bu mag‘lubiyatmikan? Aslida g‘alabaga teng mag‘lubiyat bo‘ldi-ku!
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Qozog‘iston futbol ishqibozlarining fikrlariga ko‘zim tushdi. Ular bir ovozdan O‘zbekiston tarix yozganini aytishmoqda.
Bir vaqtlar Hojiboy Tojiboyev armon bilan «muzqaymoq yeb kelsak ham mayliydi», degan edi. Uning hazil gapini to‘g‘ri ma’noda tushunish kerak emas. U orzusini hazil tariqasida bildirgandi.
Kolumbiyaga mag‘lub bo‘lganimizdan keyin terma jamoamizni tanqid qiluvchilar, kinoyachilar ham bo‘ldi. Mayli, bu ularning shahsiy fikri.
Ammo men tanqid qiluvchilarning fikriga qo‘shila olmayman. Shaxsan men oddiy tomoshabin sifatida futbolni ko‘rdim. Balki professional futbol ishqibozlari singari yo‘l qo‘yilgan xatolarga ko‘zim tushmagandir. Nima bo‘lganda ham «Oq bo‘rilar» qo‘ldan kelganicha o‘yin ko‘rsatishdi. Hadeb ularni tanqid qilaverish adolatdan emas.
To‘g‘ri, ular ijtimoiy tarmoqlardagi maqtovlarni ham, tanqidlarni ham o‘qishmaydi. Va to‘g‘ri qilishadi. Chunki bu fikrlar keyingi o‘yinlarga ta’sir qilishi mumkin.
Tanqidiy fikrlar boshqalarga salbiy ta’sir qilishi va asabiga tegishi mumkin.
Axir biz bu kunni 35 yil kutmadikmi?
Birinchi o‘yindayoq, jamoamizni tanqid qilaversak, ularni sovitib qo‘ymasmikanmiz?
To‘g‘ri, haddan ziyod maqtamaylik, ammo haddan ziyod tanqid ham qilmaylik!
Uyg‘onayotgan umidni so‘ndirish kerak emas.
To‘g‘risini aytaman, Mexikoda futbol bo‘layotgan bir paytda Toshkentda yomg‘ir yog‘di. Mag‘lubiyatni ko‘rib, Oxunjon Madaliyevning bir qo‘shig‘idagi «Yig‘lagan osmon emas, mening qalbim yig‘lagan» satrlarni xirgoyi qila boshladim. Oradan ko‘p o‘tmay, shu qo‘shiqdagi “Falakning ko‘z yoshlari Jilo bo‘ldi zaminda. Mening oshiq yuragim Zor intizor taskinga” degan satrlarni esladim. Taskin uzoq kutirmadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi yig‘ilishida aytgan so‘zlarini ruhimizni ko‘tardi, deya olaman.
«O‘zbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizg‘in kechgan o‘yinda futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Oson emas, birinchi marta 34 yil biz kutgan voqea bo‘ldi. Shuning uchun kuchli xarakteri, jismoniy tayyorgarligi va irodasini yaqqol namoyon etdi desak, bu ham to‘g‘ri. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz — bu ham g‘alaba», — dedi Prezidentimiz. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev fidoyi yoshlar O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari ekanini qayd etdi.
«Bir narsani aytmoqchimanki, biz vatanparvar va fidoiy yoshlarimiz bilan faxrlanamiz va ular hozirgi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari. Hali oldimizda juda ko‘p imkoniyatlar borligini o‘zlaring ko‘rdilaring. Farzandlarim, qahramonlarim ko‘p narsaga qodir ekanliklarini ham bildirdi. Shuning uchun faqat omad tilaymiz biz. Olg‘a, O‘zbekiston», — dedi O‘zbekiston rahbari.
Endi, o‘yin natijalari qanday tugashidan qatiy nazar nafaqat O‘zbekistonni, balki butun Markaziy Osiyoni birlashtiradigan navbatdagi o‘yinlarni orziqib kutamiz.
Sharofidin To‘laganov