Iqtisodiyot
Birjada un va sement narxlari arzonladi
15–21-iyun kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida jami 32 ming 132 ta bitim tuzildi. Bu ko‘rsatkich bundan avvalgi haftaga nisbatan 45,9 foizga kamaygan.
Hafta davomida ochiq birja savdolari orqali 23 ming 548 ta bitim tuzildi. Sement savdolariga jami 621 ming 800 tonna mahsulot qo‘yilgan bo‘lib, uning 245 ming 975 tonnasi sotildi. Bu taklif qilingan hajmning 48,2 foizini tashkil etdi.
Sementning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 49 ming 195 tonnaga yetgan. Savdolarda har kuni o‘rtacha 87 nafar xaridor ishtirok etgan.
Un bozorida esa jami 11 ming 856 tonna mahsulot sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmi 2 ming 371 tonnani tashkil qildi. Bu segmentda har kuni o‘rtacha 146 nafar xaridor qatnashgan.
Hisobot davrida sementning kunlik o‘rtacha narxi bir tonna uchun 637,4 ming so‘mdan 625,3 ming so‘mgacha pasaydi. Bu qurilish materiallari bozorida taklifning yuqoriligi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Un mahsulotida esa pasayish yanada sezilarli bo‘ldi. Bir tonna unning o‘rtacha narxi 3 million 895,2 ming so‘mdan 3 million 750,9 ming so‘mgacha tushdi.