Iqtisodiyot
Beshta shaharda zamonaviy klinikalar quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Iqtisodiyotda davlat ulushini keskin qisqartirish bo‘yicha mamlakatimizda katta islohotlar olib borilmoqda. 2019 yilda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida” qonun qabul qilingani bunga keng yo‘l ochdi.
Bunday sheriklik ijtimoiy sohalarda yaxshi natijalar berayapti. Masalan, 1 million 200 ming o‘rinli xususiy bog‘chalar ochilgani tufayli qamrov darajasi 77 foizga chiqdi. Oliy ta’lim tizimida 57 ta loyiha samarasida 29 ming talaba yotoqxona bilan ta’minlandi. Tibbiyotda otolaringologiya, diagnostika, laboratoriya kabi xizmatlarda xususiy sektor ulushi ancha yuqori.
Shunga qaramay, bu borada hali imkoniyat ham, talab ham ko‘p. Taqdimotda tibbiyot, ta’lim, madaniyat va sport yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 5 ta, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida 745 million dollarlik 6 ta hamda oliy ta’lim sohasida 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish choralari belgilab olindi.
Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlar xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan bo‘lib, yana qo‘shimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan.
Shu kabi bo‘sh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sog‘lomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy sohadagi vazirliklar hamda mahalliy hokimliklarga tegishli ob’yektlar kesimida “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlab, ijrosini ta’minlash, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
