Iqtisodiyot
Berlinda O‘zbekiston turizmini rivojlantirish bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazildi
Berlin shahrida (Germaniya) bo‘lib o‘tgan “ITB Berlin” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan UN Tourism turizm vazirlari sammitida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi yurtimizning turizm salohiyatini xalqaro maydonlarda keng targ‘ib qilish va mamlakatga turistlar oqimini oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar hamda biznes vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Germaniya Federal hukumati iqtisodiyot va turizm masalalari bo‘yicha vakili, Bundestag deputati Kristof Ploss bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasida institutsional hamkorlikni rivojlantirish, turistik almashinuvlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek nemis turistik kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yevropa hududidagi Turk-islom birligi tashkiloti rahbari Ali Pasha Akbash bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini Yevropa mamlakatlaridagi musulmon jamoalari orasida keng targ‘ib qilish, mamlakatning islomiy va madaniy merosini ommalashtirish hamda tashkilotning madaniy markazlarida O‘zbekistonga bag‘ishlangan tematik tadbirlar va taqdimotlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Yevropa davlatlaridan ziyorat turizmi yo‘nalishidagi turistlar oqimini oshirish, qo‘shma tadbirlar tashkil etish hamda tashkilot a’zolari va OAV vakillari uchun O‘zbekistonga press-tur uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Private Palace Hotels & Resorts” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi direktori Jino Leonard bilan uchrashuvda O‘zbekistonda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirishga xalqaro operatorlarni jalb qilish, jumladan premium va kurort turizmi segmentlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi tarixiy binolarni butik-mehmonxonalar sifatida renovatsiya qilish hamda vellness va tibbiy turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Turkish Airlines” aviakompaniyasi vitse-prezidenti Ahmet Harun Basturk bilan uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, mamlakatga kiruvchi turistik oqimni oshirish hamda aviaqatnovlar orqali turizmni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “Turkish Airlines” xalqaro kommunikatsiya kanallari orqali yo‘nalishni qo‘shma targ‘ib qilish, turistik biznes bilan hamkorlikni kuchaytirish, marshrutlar tarmog‘ini kengaytirish va parvozlar chastotasini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida, Turizm qo‘mitasi va “Turkish Airlines” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash, shuningdek Yevropa, AQSh, Lotin Amerikasi va Avstraliya mamlakatlarida O‘zbekiston uchun ustuvor hisoblangan bozorlarda turoperatorlar, sohaviy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari ishtirokida roud-shoular hamda B2B uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Iqtisodiyot
Toshkentda yuzdan ortiq quvvat-stansiya tarmoqdan uzildi. Muammo nimada?
Poytaxtda elektromobillarni tezkor quvvatlash stansiyalari faoliyati bo‘yicha keng ko‘lamli taftish boshlandi. Taftishning dastlabki ikki kunida 100 dan ortiq stansiyalar hujjatlardagi kamchilik sabab elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Kun.uz muammo yuzasidan sharh tayyorladi.
Toshkent shahrida boshlangan taftish doirasida hozirgacha yuzdan ortiq elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektr tarmog‘idan uzib qo‘yildi.
Kun.uz bu masala yuzasidan tadbirkorlar va hukumat vakillarining izohlarini taqdim etadi.
Umuman olganda, vaziyatni quyidagicha ta’riflash mumkin:
Elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatgan aksar tadbirkorlar hududiy elektr tarmoqlari bilan bevosita shartnomaga ega emas, ular HETK bilan shartnomaga ega birlamchi iste’molchilar (yuridik shaxslar)ning transformatoriga ulangan va shu sabab subiste’molchi hisoblanadi.
Tadbirkorlar o‘rtasidagi bunday shartnomaviy munosabatlar noqonuniy emas (har holda, hozirgacha hech qaysi idora buni noqonuniy demadi). Shunday bo‘lsa-da, rasmiylar bunday ulanishni “noto‘g‘ri” demoqda: hisobga olinmagan yuklama tarmoqda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunga javoban stansiyalar egalari birlamchi iste’molchiga berilgan texnik shartda ko‘rsatilgan quvvatdan chetga chiqmayotganini aytmoqda.
Shunisi e’tiborliki, quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish, elektr tarmog‘iga ulash va shu kabi boshqa masalalarning qonuniy tartibini belgilash topshirig‘i 2022 yilgi prezident farmonida ko‘rsatilganiga qaramay, bu topshiriq haligacha bajarilmagan.
Hokimlik: Texnik shartlarsiz ulangan stansiyalar – tarmoqqa ortiqcha yuk
Toshkent shahar hokimligining 5 mart kungi bayonotiga ko‘ra, shaharda 20 kWdan yuqori quvvatli 1300 ga yaqin tezkor quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tkazilayotgan xatlovdan maqsad – “ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish”dan iborat.
“Shahar hokimligi tashabbusi bilan 3 mart kuni 12 ta ishchi guruh tuzilib, ular xatlov ishlarini boshladi. Bugungi kunga qadar 300 dan ortiq shoxobcha xatlovdan o‘tkazildi, bu esa ulanishlar holatini va tarmoqqa tushayotgan amaldagi yuklamani baholash imkonini bermoqda.
Xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi: 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo‘qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzildi, shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Izohlanishicha, quvvati 20 kWdan yuqori tezkor quvvatlantirish – bu elektr tarmoqlari uchun jiddiy yuklamadir: bitta avtomobil qisqa vaqt ichida o‘nlab kW energiya iste’mol qilishi mumkin.
“Agar ulanish hisob-kitoblarsiz va texnik shartlarsiz amalga oshirilsa, turar joy binolarining elektr ta’minotida haddan tashqari yuklama va uzilishlar xavfi ortadi”, – deyiladi hokimlik bayonotida.
Biznes-ombudsman: Qonunda belgilangan tartibga rioya etilishi kerak
Holatga 6 mart kuni Biznes-ombudsman munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Vakolatli organlarning asossiz xatti-harakatlari aniqlangan taqdirda, Biznes-ombudsman aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rishga va’da berdi.
“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki ularga tegishli bo‘lgan mulkdan foydalanishni cheklash faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda, zarur hollarda esa faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi lozim.
Har qanday inventarizatsiya yoki tartibga solish choralari tadbirkorlarning huquqlarini kamsitmasligi, ularga zarar yetkazmasligi hamda oldindan xabardor qilingan holda, muvofiqlashtirish uchun yetarli vaqt berilgan tartibda o‘tkazilishi zarur. Tadbirkorning mulkini asossiz tarzda tarmoqdan uzish yoki buzish holatlari biznes yuritish kafolatlarining buzilishi deb baholanadi”, – deyiladi Biznes-ombudsman axborotida.
Qayd etilishicha, tadbirkorlar bunday holatlarda Biznes-ombudsmanning 1100 qisqa telefon raqami yoki @biznesombudsman_bot Telegram-boti orqali murojaat qilishi mumkin.
3 yil oldingi topshiriq bajarilmagan
Kun.uz’ning e’tibor qaratishicha, 2022 yil 19 dekabr kuni imzolangan “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga asosan, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini elektr quvvatiga ulash hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha umumiy talablar va yagona standartlarni belgilash topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish, ekspluatatsiya qilish va davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasi 2 oy muddatda ishlab chiqilishi belgilangan.
Kun.uz ochiq manbalardan bunday qaror qabul qilingani haqida ma’lumot topa olmadi.
Tadbirkor: Tartib-qoida ishlab chiqilmay turib, yoppasiga o‘chirib ketishi noto‘g‘ri
Tokbor kompaniyasi vakili / Savdo-sanoat palatasi YouTube-sahifasidagi translatsiyadan kadr
Savdo-sanoat palatasining ma’lum qilishicha, 28 fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tadbirkorlar bilan o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqotida Tokbor kompaniyasi vakili ayni shu muammoni ko‘targan (2:09:38).
“Biz O‘zbekiston bo‘ylab mingtaga yaqin quvvatlash stansiyalarini o‘rnatganmiz. Shundan 600 dan ortig‘i Toshkent shahrida joylashgan. Toshkentdagi stansiyalarimizning 90 foizini o‘sha joyning egalari bilan tuzilgan ijara shartnomasi asosida, joy egalarining transformatoriga ulanish orqali o‘rnatganmiz.
Biz tushunamiz, hozircha tartib-qoidalar o‘rnatilmagan, lekin tartib-qoida ishlab chiqilgunga qadar ogohlantirishsiz, shunchaki kelib stansiyalarimizni yoppasiga o‘chirib ketilishi noto‘g‘ri deb o‘ylaymiz”, – degan Tokbor vakili.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev masala energetika tizimiga yuklama bilan bog‘liqligini aytgan.
“Gap shundaki, Energetika vazirligi sizlar [quvvatlash stansiyalarini] ishlatayotgan joylarda elektr energiyaga bunchalik ko‘p talab bo‘lishini o‘zining transformatorida, liniyalarida nazarda tutmagan. Shundan qo‘rqadi bular. Ertaga transformator kuyadi, qanaqadir liniyalar o‘chadi, tekshirsa, o‘sha yerda juda katta hajmda elektr energiya ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Sizlar shunchaki yuridik shaxsning parkovkasini, lokatsiyasini ko‘rgansizlar, yuridik shaxs ham shu joydan pul qilaman deb sizlarga ijaraga bergan. Lekin energetika nuqtayi nazaridan u yuklama hisobga olinmagan-ku?” – degan Xo‘jayev.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev / Foto: Hukumat komissiyasi
Ochiq-muloqotda qatnashayotgan rasmiylardan biri bu masala qonunchilik bilan tartibga solinmaganini qayd etgan.
Shundan keyin “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Islomov izoh bergan.
“Bular bilan yig‘ilishdan oldin ham anchagina gaplashib oldik. Iste’molchining tarmog‘iga ulangan: iste’molchi biz bilan shartnoma tuzib, elektr energiya uchun to‘lov qilyapti, bular esa subiste’molchi sifatida quvvatlash uskunasini yo uning hududiga, yo uning hududidan tashqari kadastri yo‘q obektga joylashtirib olyapti.
Birinchidan, aytilganidek, bizning tarmog‘imizga yuklama oshib ketyapti. Ular aytishyaptiki: “Biz iste’molchiga texnik shart asosida berilgan quvvatdan chiqmayapmiz, shuning doirasida ishlatyapmiz”, deyishyapti. Lekin bizga ariza bergan vaqti qanaqadir makaron sexi deb, yoki nima ishlab chiqarsa, shuni ko‘rsatadi, lekin keyin faoliyat turini o‘zgartirib, zaryadlash stansiyasini o‘rnatyapti. Bu noto‘g‘ri”, – degan HETK rasmiysi.
Jamshid Xo‘jayev barcha mas’ul idoralardan vakillar jalb qilgan holda ishchi guruh tuzib, masalani ham texnik, ham qonuniy tomondan hal etish bo‘yicha 2 hafta muddatda taklif kiritish topshirig‘ini bergan.
Metan yo‘q paytda…
Iqtisodchi Otabek Bakirov quvvatlash stansiyalarini taftish qilish uchun rasmiylar nojoiz paytni tanlaganini ta’kidladi.
“Zaryadlash stansiyalariga qarshi yangi kampaniya yana svet o‘chishlar ko‘paygan va metan gaz ta’minotidagi uzilishlar avjiga chiqqan kunlarga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratmaslik mumkin emas.
[…] Kadastr kelib bir gapni, energetiklar kelib ikkinchi gapni, hokimiyat kelib uchinchi gapni aytmasligi kerak. Avval o‘sha tartib-qoidalarni ishlab chiqinglar, e’lon qilinglar, muvofiqlik uchun vaqt beringlar, keyin jazolanglar ana”, – deya yozdi Bakirov.
Birinchi marta emas
O‘zbekistonda elektromobil stansiyalarini keng ko‘lamda tarmoqdan uzib qo‘yish 2024 yil dekabr oyida ham kuzatilgan, natijada ayrim stansiyalarda uzun navbatlar paydo bo‘lgandi. Stansiyalar hech qanday huquqiy asos ko‘rsatmagan holda o‘chirib qo‘yilgan, quyi bo‘g‘indagi mas’ullar holatni “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” deya izohlagan edi.
Energetika vazirligi o‘sha vaqtda quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini ma’lum qilgan. Ammo tarmoqdan uzish aynan shu vazirlik tizimiga kiruvchi HETKlar tomonidan amalga oshirilgandi.
Ko‘p o‘tmay, Kadastr agentligi to‘satdan tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalarini demontaj qilishni talab qilib xatlar yubora boshlagan edi. Xususiy sektor barcha stansiyalarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa ham, agentlik ularga hech qanday yechim taklif qilmagandi.
2025 yil yanvar oyiga kelib, energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulanganini ma’lum qilgandi (kamchilikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, nega uzilgan?). Ko‘p o‘tmay vazirlikda quvvatlash stansiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Shveysariyasi — Zomin!
O‘zbekistonning Shveysariyasi — Zomin!
Source link
Iqtisodiyot
AQShga Erondagi urush qanchaga tushyapti?
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, Eronga hujumning dastlabki 100 soati davomida AQShning harbiy xarajatlari 3,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu kuniga o‘rtacha 891,4 mln dollarga teng. Fiskal tahlilchi Kent Smetters umumiy iqtisodiy zarar 210 mlrd dollargacha yetishi mumkinligi haqida yozdi. Urush davomiyligi ham Tramp aytgandek 4 hafta emas, balki sentabrgacha cho‘zilishi mumkin.
Foto: U.S. Navy photo via DVIDS
Har qanday siyosiy ziddiyat, qurolli to‘qnashuv va urushlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelib, insoniyat taraqqiyotining bir necha yillar ortda qolishiga sabab bo‘ladi. Xususan, AQSh va Isroilning Eronga hujumi ham har ikki tomon uchun jiddiy moliyaviy zarar keltiryapti. Hali rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, amerikalik tahlilchilar harbiy harakatlarning mamlakat iqtisodiyotiga qanchaga tushayotganini hisoblashni boshladi.
Urush AQShga qanchaga tushyapti?
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, harbiy operatsiyaning dastlabki 100 soati davomida AQSh 3,7 milliard dollar sarflagan. Bu kuniga o‘rtacha 891,4 million dollarni tashkil etadi. Muammo faqat summaning kattaligida emas. Asosiy masala bu xarajatlarning katta qismi davlat budjetida ko‘zda tutilmagan. Taxminan 3,5 milliard dollar budjetdan tashqari xarajatlarga to‘g‘ri keladi.
«AQSh qo‘shinlari arzonroq o‘q-dorilarga o‘ta boshlagani hamda Eron tomonidan dron va raketa hujumlari keskin kamaygani sabab xarajatlar pasayishi mumkin. Biroq kelajakdagi xarajatlar asosan operatsiyalar intensivligi va Eronning javob zarbalari samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi», deya qayd etgan CSIS ekspertlari.
Mutaxassislar dastlabki 100 soatdagi xarajatlarni uchta asosiy kategoriya bo‘yicha baholagan:
Operatsion xarajatlar – taxminan 196 million dollar. Shundan 178 million dollari budjetdan, qolgan qismi budjetdan tashqari xarajatlar;
O‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish – taxminan 3,1 milliard dollar. Ushbu xarajatlarning bir senti ham budjetda ko‘zda tutilmagan;
Jangovar yo‘qotishlarni qoplash va infratuzilmani ta’mirlash – qariyb 350 million dollar. Bu ham budjetda ko‘zda tutilmagan xarajat.
AQSh Mudofaa vazirligi davom etayotgan operatsiyalar haqida juda kam tafsilotlarni oshkor qilyapti. Avvalgi Yaqin Sharq kampaniyalarida har kuni zarbalar haqida hisobot berilgan yoki muntazam statistik ma’lumotlar e’lon qilib borilgan. Ayni paytda Mudofaa vazirligi kunlik operatsiyada qatnashayotgan texnika va taxminiy zarba nishonlari sonini taqdim etadi, ammo batafsil tafsilotlar cheklangan.
Umumiy zarar 210 mlrd dollarga yetishi mumkin
AQShning Eron bilan urushi mamlakat iqtisodiyotiga 210 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda Penn Wharton Budget Model rahbari, fiskal tahlilchi Kent Smetters ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, harbiy mojaro allaqachon xalqaro savdo, global energiya bozorlari va benzin narxlarini beqarorlashtira boshlagan.
Ayni paytdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, urush AQSh iqtisodiyotiga taxminan 115 milliard dollar zarar yetkazishi prognoz qilinyapti. Ammo mojaroning davomiyligi va ko‘lamiga qarab umumiy yo‘qotishlar miqdori 50 milliard dollardan 210 milliard dollargacha yetishi mumkin.
Donald Tramp ham urush iqtisodiyot uchun xavf tug‘dirayotganini tan olgan. U Fors ko‘rfazidagi muhim o‘tish yo‘llari orqali harakatlanayotgan energiya tankerlari uchun hukumat tomonidan kafolatlangan sug‘urta va harbiy-dengiz kuzatuvini taklif qilyapti.
Iqtisodiy yo‘qotishlardan tashqari, harbiy kampaniyaning o‘zi yana 65 milliard dollargacha mablag‘ talab qilishi mumkin.
Urush qancha davom etadi?
Iqtisodiy zarar miqdori birinchi navbatda harbiy harakatlar qancha muddat davom etishiga bog‘liq bo‘ladi. Tramp o‘z bayonotida urush 4 hafta davom etishi mumkinligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt Eronning asosiy raketa tizimlari va harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Oq uy qisqa muddat haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, Politico nashrining ichki hujjatlarga tayanib yozishicha, urush uzoqroq vaqtga cho‘zilishi mumkin. AQSh Markaziy qo‘mondonligi Pentagondan Eronga qarshi operatsiyalarni kamida 100 kun va ehtimol sentabrgacha qo‘llab-quvvatlash uchun Florida shtatidagi shtab-kvartirasiga qo‘shimcha harbiy razvedka xodimlarini yuborishni so‘ragan.
Shuningdek, Pentagon mintaqaga ko‘proq havo hujumidan mudofaa vositalarini yuborishga harakat qilyapti. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ishlab chiqilgan kichik hajmli va nisbatan arzon dronlarga qarshi tizimlar jo‘natilishi rejalashtirilyapti, degan Politico gaplashgan AQSh rasmiysi. Tramp jamoasi Erondagi urushning keng ko‘lamli oqibatlarini «to‘liq oldindan ko‘ra olmagan». Nashr yana bir belgi sifatida Yaqin Sharqdan diplomatik xodimlarni evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha resurslar ajratayotganini keltiradi.
Iqtisodiyot
10-martdan dollar kursi ko‘tariladi
Markaziy bank 2025-yil 10-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 15,72 so‘mga oshib, 12 191,25 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 40,25 so‘mga tushdi va 14 111,37 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 243,62 so‘m (-16,08).
Rossiya rubli 154,20 so‘m etib belgilandi (-0,88).
Iqtisodiyot
Suv yo‘qotilishi yuqori kanallar rekonstruksiya qilinadi va betonlashtiriladi
Prezidentning “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 km kanallar rekonstruksiya qilinadi va betonlashtiriladi.
Bunda yiliga o‘rtacha 206 mln metr kub suv resurslari hamda 26 mln kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi, sug‘oriladigan 158,4 ming gektar yerlarning suv ta’minoti yaxshilanadi hamda suv tanqisligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish choralari ko‘riladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar uchun respublika budjetining 2026 yil 1 chorak yakuni bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 600 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Joriy yilda kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 480 mlrd so‘m va suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
-
Iqtisodiyot3 days agoAQSh Eronga zarbalarni qo‘llab-quvvatlamagan Ispaniya bilan savdoni to‘xtatadi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Iqtisodiyot3 days agoYevropada gaz narxi so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga yetdi
-
Dunyodan2 days ago
Sochida bir kunda ikki marta zilzila sodir bo‘ldi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev pedofillarga umrbod qamoq jazosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
-
Iqtisodiyot1 day agoSodiqlik kartasini skanerlash va xarid uchun to‘lov qilish — endi payme’da barchasi bir urinishda!
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi
