Connect with us

Sport

«Barsa» ochko yo‘qotdi, «Siti»da yirik g‘alaba. YeChLda kun o‘yinlari

Published

on


«Qorabog‘» sensatsiya ko‘tarishda davom etdi, «Qayrat» «Inter»ning seriyasini buzdi, «Pafos»da tarixiy g‘alaba. Chorshanba oqshomida YeChLning 4-turi doirasida bo‘lib o‘tgan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

VAR «Barselona»ni Bryuggedagi sharmandalikdan qutqarib qoldi

«Bryugge» – «Barselona» 3:3

Gollar: Tresoldi, 6 (1:0). Torres, 8 (1:1). Borjyesh, 17 (2:1). Yamal, 61 (2:2). Borjyesh, 63 (3:2). Tzolis, 77 – avtogol (3:3)

«Bryugge»: Yakkers, Ordones, Mexele, Seys, Sabbe, Onedika (Audor, 84, Vetlesen, 87), Stankovich, Vanaken, Tzolis, Borjyesh (Verman, 78), Tresoldi (Dyakon, 78)

«Barselona»: Shchensni, Arauxo, Garsiya (Kubarsi, 90+3), Balde (Martin, 90+3), Kunde, Kasado (Olmo, 58), de Yong, Fermin Lopes, Reshford (Barji, 83), Yamal, Torres (Levandovski, 58)

Ogohlantirishlar: Onedika, 32. Dyakon, 81 – Kunde, 47. Yamal, 81. Fermin Lopes, 85

«Bryugge» va «Barselona» muxlislar uchun haqiqiy shou namoyish etib berishdi – 3:3. Belgiyaliklar qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi.

Bu vaziyatda Voychex Shchensni negadir raqibni aldab o‘tishga harakat qildi va to‘pni oldirib qo‘ydi – kataloniyaliklar baxtiga Entoni Teylorni monitor qarshisiga chaqirishdi, u esa darvozabonga nisbatan fol qayd etib, golni bekor qildi.

Bu VAR o‘yinga ikkinchi bor aralashishi edi: 71-daqiqada Teylorni «Barsa» darvozasiga belgilangan penaltini bekor qilishi uchun monitor qarshisiga chaqirishgandi. Bu vaziyatda Aleks Balde chindan ham fol ishlatmagandi.

Jamoalar o‘yinning sakkizinchi daqiqasidayoq bittadan gol urishgandi: o‘shandayoq o‘yin quvnoq o‘tishi ko‘rinib turgandi. Yakunda belgiyaliklar uch marta hisobda oldinda borishdi – va har safar kataloniyaliklarni himoya chizig‘ini juda yuqori joylashtirgani uchun jazolashdi.

«Barsa» safida Fernan Torres va Lamin Yamal bittadan gol urishdi, yana bir vaziyatda Yamalning jonbozligi raqib futbolchisining avtogoliga sabab bo‘ldi.

Xansi Flik jamoasi uchun o‘yin faqat hisobda ortda quvish bilan kechdi, jamoa faqat omad tufayli safardan ochko bilan qaytadigan bo‘ldi.

«Barselona» bungacha YeChLda 17-daqiqagacha gol o‘tkazmagandi, Bryuggeda esa tarixiy voqea sodir bo‘ldi.

Kataloniyaliklar qatorasiga to‘qqizinchi uchrashuvda gol o‘tkazmoqda, jamoada sentabrdan buyon quruq o‘yin bo‘lgani yo‘q.

«Barsa» keyingi turda «Chelsi» mehmoni bo‘ladi – bu jamoalar 2018 yildan buyon o‘zaro to‘qnashmagan. «Bryugge»ni «Sporting»ga qarshi safar o‘yini kutmoqda.

Gvardiola himoyadan o‘ynamoqda va g‘alaba qozonmoqda

«Manchester Siti» – «Borussiya» D 4:1

Gollar: Foden, 22 (1:0). Holand, 29 (2:0). Foden, 57 (3:0). Anton, 72 (3:1). Sherki, 90+1 (4:1)

«Manchester Siti»: Donnarumma, Stouns, Gvardiol, O`Rayli (Ait Nuri, 86), Mateus Nunes, Gonsales, Reynders (Ruben Diash, 79), Foden, Doku (Bernardu Silva, 79), Savio (Sherki, 79), Holand (Marmush, 86)

«Borussiya» D: Kobel, Shlotterbek, Bensebaini (Bellinghem, 66), Anton, Nmecha, Zabitser (Gros, 66), Svensson, Ryuerson, Bayyer (Chukvuemeka, 66), Adeyyemi (Silva, 81), Girassi (Emre Jan, 66)

Ogohlantirishlar: Savio, 78. O`Rayli, 85 – Svensson, 15

«Manchester Siti» «Borussiya» Dortmundni yirik hisobda mag‘lub etdi – 4:1. Ortiqcha kuch ishlatilmadi, intrigaga o‘rin qoldirilmadi.

Ajablanarlisi, o‘yinda hisobni ochgan futbolchi Erling Holand emasdi. Bu safar Fil Foden katta sahnaga chiqdi – 22-daqiqada jarima maydoni markazidan turib burchakni aniq nishonga oldi. Ammo yetti daqiqa o‘tib Holand baribir sobiq jamoasini ranjitdi: norvegiyalik hujumchi jarima maydoni ichida yolg‘iz qoldirildi, u esa buni kechirmaydi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Foden dublni rasmiylashtirdi – va shu bilan o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. «Borussiya»da Valdemar Anton urgan gol hech narsaga ta’sir ko‘rsatmadi, Rayan Sherki esa qo‘shimcha daqiqalarda hisobdagi yirik farqni tikladi.

Holand «Siti»ning YeChLdagi barcha o‘yinlarida gol urmoqda. Bungacha «Napoli» (2:0), «Vilyarreal» (2:0) va «Monako» (2:2) darvozalarini ishg‘ol etgandi. U gollari sonini beshtaga yetkazib, turnir to‘purarlari ro‘yxatida Kilian Mbappe va Harri Keynga yetib oldi. (Ammo keyinroq Viktor Osimhen het-trikka erishib, ro‘yxatda birinchi o‘ringa ko‘tarildi).

Bu Holandning YeChLda 52 o‘yinda urgan 54-goli bo‘ldi. Ushbu gol mashinasi turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida to‘qqizinchi o‘rinda: Rud van Nistelroyga yetib olish uchun ikki, Tomas Myullerga yetib olish uchun esa uchta gol qolgan, o‘z zamondoshi Mbappeni olti gol farqi bilan ta’qib etmoqda (fransuz unga qaraganda 40 ta ko‘proq o‘yinda maydonga tushgan).

«Borussiya» YeChLning bu mavsumida ilk bor to‘rtta gol urolmadi. Bungacha «Yuve» bilan 4:4, «Atletik» bilan 4:1, «Kopenhagen» bilan 4:2 hisoblari qayd etilgandi.

Oldinda «Siti»ni qiyin taqvim kutmoqda: YeChLda «Bayyer»ga qarshi o‘yindan oldin APLda «Liverpul» va «Nyukasl»ga qarshi ketma-ket o‘ynash kerak bo‘ladi. «Borussiya» YeChLning keyingi turida «Vilyarreal»ni qabul qiladi.

«Inter» ham gol o‘tkazdi

«Inter» – «Qayrat» 2:1

Gollar: Martines (45), Augusto (67) — Arad (55).

«Inter»: Zommer, Bissek (Akanji, 80), De Vrey, Augusto, Dumfris, Frattezi (Suchich, 63), Barella (Chalxono‘g‘li, 71), Zelinski, Dimarko, Martines (Bonni, 46), Espozito (Tyuram, 71).

«Qayrat» Anarbekov, Mirinskiy, Shirobokov, Sorokin, Mata, Kasabulat (Sadibegov, 76), Arad (Baybek, 71), Gromko (Tapalov, 46), Jorjinio (Zariya, 76), Satpayev, Edmilson (Rikardinio, 71).

Ogohlantirishlar: Jorjinio (6), Barella (58).

«Inter» kutilganidek «Qayrat» bilan o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritdi, ammo kutilganidan ko‘ra ancha qiyinchilik bilan.

Qozog‘istonliklar jamoa sardori Aleksandr Martinovichsiz o‘ynadi – u jarohatlangan. Uning o‘rniga klubning yana bir tarbiyalanuvchisi – Aleksandr Shirobokov asosiy yevrokubok bahsida maydonga tushdi.

Mehmonlar tanaffusga golsiz durangni saqlab qolgan holda yo‘l olishga yaqin edi, ammo 45-daqiqada Lautaro Martines uzoq davom etgan hujumni gol bilan yakunladi. Milanliklar oldinroq hisobni ochishi mumkin edi, ammo 19-daqiqada belgilangan penalti VAR tomonidan bekor qilindi. Videoassitentlar bu vaziyatda Yan-Aurel Bissek o‘zi Ofri Aradning oyog‘iga qoqilganini payqab qolishdi.

Aynan Arad ikkinchi bo‘lim boshida burchak zarbasidan hisobni tenglashtirdi. Bu vaqtga kelib Martines o‘yinni zaxira o‘rindig‘idan tomosha qilayotgandi – mezbonlar sardori tanaffusda zaxiraga olindi.

Murabbiyning bu qarori qimmatga tushishi mumkin edi, ammo milanliklar baribir g‘alabani ilib ketishdi: himoyachi Karlos Augusto YeChLdagi ilk golini urdi va bu gol g‘alaba keltirdi.

«Inter» to‘rt turda to‘rt g‘alabaga erishdi, ammo ilk bor gol o‘tkazdi va endi turnirda darvozasi daxlsizligini saqlab qolayotgan birgina «Arsenal» qoldi. Qolaversa, milanliklarda taqvim oson edi: inqiroz holatidagi «Ayaks» bilan 2:0, «Slaviya» bilan 3:0, «Yunion»ga qarshi 4:0 hisoblari qayd etilgan. Keyingi raqiblar esa dahshatli: «Atletiko», «Liverpul», «Arsenal» va «Borussiya».

Bu «Inter»ning barcha turnirlar doirasidagi olti o‘yinda beshinchi g‘alabasi bo‘ldi. Jamoa bu oraliqda faqat «Napoli»ga yutqazgan (1:3).

Keyingi turda «Inter» «Atletiko» maydoniga safar qiladi, undan oldin A Seriyada «Milan»ga qarshi derbi bo‘lib o‘tadi. «Qayrat» esa ichki chempionatni allaqachon yakunlagan (titulni himoya qilgan), shuning uchun buyog‘iga bor e’tiborni YeChL o‘yinlariga qaratish mumkin. Keyingi raqib – safarda «Kopenhagen» bo‘ladi.

«Qorabog‘» pley-offga chiqmoqchi

«Qorabog‘» – «Chelsi» 2:2

Gollar: Estevao, 16 (0:1). Leandru Andrade, 29 (1:1). Yankovich, 39 – penalti (2:1). Garnacho, 53 (2:2)

«Qorabog‘»: Koxalski, Mustafozoda, Medina, Jafarguliyev (Bolt, 75), Silva, Yankovich, Pedru Bikalyu, Leandru Andrade (Bayramov, 61), Zubir (Kashchuk, 75), Borjyes (Adday, 31), Duran (Oxunzoda, 61)

«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Xato, Kukurelya, Jyeyms, Santos (Fernandes, 46), Lavia (Kaysedo, 8), Joao Pedro (Buonanotte, 71), Gittens (Delap, 46), Estevao, Jorj (Garnacho, 46)

Ogohlantirishlar: Silva, 47. Medina, 87 – Santos, 44. Jyeyms, 47. Kaysedo, 90

«Qorabog‘» pley-offga chiqishni va YeChLning bu mavsumdagi asosiy sensatsiyasiga aylanishni ko‘zlamoqda. Ozarboyjon klubi «Chelsi»ga qarshi o‘yinning 39-daqiqasiga kelib avval hisobni tenglashtirdi, keyin oldinga ham chiqib oldi, o‘yinning qolgan vaqtida ham londonliklarning hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarib turdi. Shu kuni Mareska qator muammolarga duch keldi. O‘tkazilgan birinchi golda Xato ochiqchasiga xato qildi, o‘yin startida esa Lavia navbatdagi marta jarohat olib, safdan chiqdi. Belgiyalik ushbu futbolchi so‘nggi ikki yil ichida «Chelsi»da birorta to‘liq o‘yin o‘tkazmagan va to‘qqiz marta jarohat olgan. Shu bilan birga, murabbiy zaxiradan futbolchi tushirishda to‘g‘ri tanlov qildi va tanaffusdan keyin Jorjning o‘rniga tushgan Garnacho jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

«Qorabog‘» va «Chelsi» to‘rt turdan keyin yettitadan ochko to‘plagan. Ozarboyjonliklar bungacha «Benfika» (3:2) va «Kopenhagen» (2:0) ustidan g‘alabaga erishgan. «Atletik» bilan o‘yinda ham birinchi bo‘lib gol urishgan, ammo safar o‘yini baribir mag‘lubiyat bilan tugagan (1:3). Jamoa pley-offga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan.

«Qorabog‘» «Chelsi»ga qarshi o‘yinlarda ilk bor ochko qo‘lga kiritdi. 2017 yilda londonliklar juda oson g‘alabalarga erishgandi – 6:0 va 4:0. Afsonaviy Gurban Gurbanov o‘shanda ham ozarboyjonliklar jamoasini boshqarardi, o‘shanda «Chelsi» darvozasini qo‘riqlagan Villi Kabalero esa hozirda Enso Mareskaga assistentlik qilmoqda.

«Chelsi» keyingi turda «Barselona»ni qabul qiladi, «Qorabog‘» «Napoli» maydonida ochko ishlashga urinib ko‘radi.

«Nyukasl» kuchli sakkizlikda

«Nyukasl Yunayted» – «Atletik» 2:0

Gollar: Bern, 11 (1:0). Joelinton, 49 (2:0)

«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tshau, Bern (Xoll, 65), Trippiyer, Tonali, Joelinton, Gimarayns (Mayli, 65), Gordon (Myorfi, 41), Barns (Elanga, 65), Voltemade (Remsi, 83)

«Atletik»: Simon, Vivian, Paredes, Boyro, Areso (Gorosabel, 78), Xauregisar (Sanches, 70), Rego (Ruis de Galarreta, 81), Vesga, Navarro (Serrano, 70), Berenger, Gomes (Yyerro, 78)

Ogohlantirishlar: Paredes, 57. Areso, 69

APLdagi «Nyukasl» va YeChLdagisi – turli ikki jamoa bo‘lib ko‘rinmoqda. «Qarg‘alar»ning birinchi versiyasi ichki chempionat turnir jadvalining ikkinchi qismidan ko‘tarila olmayapti, ikkinchisi esa asosiy yevrokubokda top-8 uchun harakat qilmoqda. «Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yinda «Atletik» ham uzoq dosh bera olmadi – Trippiyer jarima zarbasidan to‘pni Bernning boshiga yetkazib berdi va hisob ochildi.

Basklar javob qaytarish uchun qattiq harakat qilishdi, vaziyatlardan birida darvoza ustuni mezbonlar joniga ora kirdi, ammo umuman olganda, o‘yin Eddi Hau shogirdlari nazoratida edi. Birinchi bo‘limda bo‘sh darvozani ishg‘ol eta olmagan Joelinton tanaffusdan keyin baribir o‘z maqsadiga erishdi. «Nyukasl» qatorasiga uchinchi g‘alabaga erishdi va oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.

«Marsel»da alamli yakun

«Marsel» – «Atalanta» 0:1

Gol: Samarjich, 90 (0:1)

Aniq ijro etilmagan penalti: De Ketelare, 14’

«Marsel»: Ruli, Igan-Rayli (Gomesh, 79), Agerd, Pavar, Garsiya (Mmadi, 90+5), Murilio, O`Rayli, Heyberg, Payshao (Vaz, 71), Grinvud, Obameyang

«Atalanta»: Karnesekki, Jimsiti, Axanor, Kossunu (Xin, 55), Ederson, de Ron (Pashalich, 46), Dzappakosta, Bellanova, Lukman (Musa, 75), De Ketelare (Samarjich, 84), Krstovich (Skamakka, 84)

Ogohlantirishlar: O`Rayli, 67. Agerd, 90 – Ederson, 26. Kossunu, 50. Bellanova, 90

Mudofaa – «Marsel»ning kuchli tomoni emas. Lukmanning chiziqlar orasidan o‘tkazgan pasi ham buni yana bir bor eslatdi, shu uzatmaga ochilgan Krstovich esa darvozabon Ruli tomonidan yiqitildi. Ammo 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan De Ketelare penaltichilar kushandasi hisoblangan argentinalik posbonni alday olmadi. Ushbu darvozabon Fransiya chempionatida bu mavsum uch marta penalti qaytargan.

Ammo asosiy drama o‘yin oxirida ro‘y berdi. Avvaliga «Atalanta» himoyachisi Ederson jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi – bosh hakam Xose Sanches Martines esa bu vaziyatni inkor qildi. Darhol uyushtirilgan qarshi hujumda esa Lazar Samarjich uzoq masofadan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llab, bergamoliklarga g‘alaba keltirdi.

«Marsel» futbolchilari e’tiroz bildirishdi va epizod ko‘rib chiqilishini talab etishdi. Ammo hakam bu fol emas deb hisobladi. Gol inobatga olindi, De Dzerbi esa hissiyotlariga erk bergani uchun sariq kartochka oldi.

Shu tariqa, «Atalanta» navbatdagi durangdan qutulib qoldi. A Seriyada ushbu jamoa 10 turda yetti bor raqiblar bilan murosa ko‘chasini tanlagan. YeChLda esa o‘tgan turda «Slaviya» bilan o‘yinda ham hisob ochilmay qolgandi, bu safar so‘nggi daqiqlarda g‘alaba ilib ketildi.

«Marsel»da esa so‘nggi besh o‘yinda atigi bir g‘alaba bor. Holbuki jamoa unga qadar qatorasiga besh g‘alabaga erishgandi.

Keyingi turda «Marsel» uyda «Nyukasl» bilan o‘ynaydi, «Atalanta» «Ayntraxt» mehmoni bo‘ladi.

Mourinio «Benfika»ni qutqara olmayapti

«Benfika» – «Bayyer» 0:1

Gol: Shik, 65 (0:1)

«Benfika»: Trubin, Otamendi, Arauju, Dal (Dedich, 69), Eursnes, Barrenechea, Rios, Barreyru (Shelderup, 69), Sudakov (Prestianni, 69), Lukebakio, Pavlidis

«Bayyer»: Flekken, Bade, Tapsoba, Kuansa, Garsiya, Maza, Grimaldo, Artur, Echeverri (Tillman, 57), Poku (Ben Segir, 88), Kofane (Shik, 57)

Ogohlantirishlar: Lukebakio, 62. Otamendi, 78 – Maza, 41. Tapsoba, 55. Tillman, 79

«Benfika» «Bayyer»ga ham yutqazdi – Joze Mourinio olib kelinishi natijalarni yaxshilamayapti.

O‘yindagi yagona gol 65-daqiqada Patrik Shik tomonidan urildi: uning dastlabki zarbasini Anatoliy Trubin qaytargandi, ammo chexiyalik hujumchi qaytgan to‘pni baribir bosh bilan darvoza to‘riga yo‘lladi.

Portugallar juda ko‘p vaziyatlardan foydalana olmadi: zarbalar bo‘yicha 19:6, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 6:2.

«Benfika» YeChLning to‘rt o‘yinida to‘rt bor mag‘lub bo‘ldi. Holbuki jamoa «Nyukasl»dan uchralgan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin o‘ziga kelgandek ko‘ringandi: ichki chempionatda ikki o‘yinda jami 8:0 hisobida g‘alabaga erishildi, kubok o‘yinida ham 3:0 hisobida yirik g‘alaba qayd etildi. Ammo Joze Mourinioning sehri yevrokubokda ishlamayapti. «Benfika» «Ayaks» bilan birga birorta ochko to‘plamagan ikki jamoadan biri bo‘lib turibdi.

«Bayyer» esa chempionatda «Bavariya»dan uchralgan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin aybini yuvdi. Bu YeChLdagi ilk g‘alaba bo‘ldi, bungacha «Kopenhagen» va PSV bilan durang o‘ynalgan, «PSJ»dan 2:7 hisobidagi og‘riqli zarba qabul qilib olingandi.

Keyingi turda «Benfika» va «Ayaks» ilk ochkolar uchun bahs olib boradi, «Bayyer» – «Manchester Siti» mehmoni bo‘ladi.

«Ayaks» tubda

«Ayaks» – «Galatasaroy» 0:3

Gollar: Osimhen, 59 (0:1). Osimhen, 66 – penalti (0:2). Osimhen, 78 – penalti (0:3)

«Ayaks»: Pasver, Bas, Shutalo, Vayndal (Alders, 46), Goei, Reger (Fits-Djim, 70), Mokio (Makkonnell, 79), Klassen, Glux, Gods (Bunida, 70), Veghorst

«Galatasaroy»: Ugurjan Chaqir, Sanches, Abdulkarim Bardakchi, Yakobs (Eren Elmali, 86), Singo, Torreyra (Berkan Kutlu, 89), Lemina (Kaan Oyxon, 86), Sara (Barish Yilmaz, 46), Sane, Sholloi, Osimhen (Ikardi, 81)

Ogohlantirishlar: Mokio, 4. Goei, 38. Klassen, 75. Makkonnell, 85

«Ayaks» uyda «Galatasaroy»ga yutqazdi – 0:3. Bu kun Viktor Osimhenga ataldi.

Turklar butun o‘yin davomida hujumkor o‘yin namoyish etib, golli vaziyatlar yaratishdi, ikkinchi bo‘limda ustunlikni gollarga aylantirishdi.

59-daqiqada Osimhen Leroy Sanening uzatmasini golga aylantirdi. Yetti daqiqa o‘tib raqib qo‘liga to‘p tekkani uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi bor 11 metrlik zarbani golga aylantirdi, qo‘shimcha daqiqalarda pokerga erishishi ham mumkin edi, ammo darvoza ustuni bunga xalaqit qildi.

Osimhen gollari sonini oltitaga yetkazib (yarmi penaltidan) YeChL to‘purarlar poygasi peshqadamiga aylanib oldi. U Holand, Mbappe va Keyn kabi hujumchilarni ortda qoldirmoqda.

«Galatasaroy»ning ishlari yaxshi ketmoqda: chempionatning ortda qolgan 11 turini mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi, mavsum boshidan buyon faqat YeChL birinchi turida «Ayntraxt»ga yutqazgan (1:5). Endi esa turnirda uch g‘alabadan iborat seriya qayd etmoqda: bungacha «Liverpul» va «Bude Glimt» ham taslim etilgandi.

«Ayaks» esa chuqur inqiroz holatida. Amsterdamliklar so‘nggi 10 o‘yinda faqat ikki g‘alabaga erishgan. YeChL turnir jadvalida eng oxirgi o‘rinda joylashgan: to‘rt mag‘lubiyat va 1:13 ko‘rinishidagi to‘plar nisbati. Jon Heytinganing iste’fosi yaqin.

Keyingi turni jamoalar o‘z uyida o‘tkazadi – «Ayaks» o‘zi kabi birorta ochko to‘plamagan «Benfika»ni, «Galatasaroy» – «Yunion»ni mehmon qiladi.

Kiprliklarda ilk g‘alaba

«Pafos» – «Vilyarreal» 1:0

Gol: Lyukkassen, 46 (1:0)

«Pafos»: Mixail, David Luiz, Lyukkassen, Sema (Pileas, 72), Brunu, Goldar, Pepe (Jaja, 78), Shunich, Kina (Langa, 87), Orshich (Anderson Silva, 78), Dragomir

«Vilyarreal»: Luis Junior, Foyt, Veyga, Kardona (Pedrasa, 63), Mourinio, Parexo (Komesanya, 63), Geyye, Moleyro (Solomon, 56), N. Pepe, Mikautadze (Oluvaseyi, 56), Peres (Moreno, 63)

Ogohlantirishlar: Lyukkassen, 69 – Veyga, 76. Gey, 90

Kiprdagi o‘yinning birinchi bo‘limiad mahalliy «Pafos» klubi «Vilyarreal»ning hujumlariga matonat bilan bardosh berdi, ikkinchi bo‘lim esa Lyukassenning burchakdan oshirilgan to‘pni darvozaga yo‘llashi bilan boshlandi.

Ispanlar esa darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan besh zarbadan bitta ham gol ura olmadi, mezbonlar darvozaboni, yuzida maxsus niqob bilan tushgan Neofitos Mixail Geyyening yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini ham qaytardi, qolgan vaziyatlarda 38 yoshli David Luis boshchiligidagi mudofaa ishonchli harakat qildi.

Shu tariqa, bu mavsum YeChLda debyut qilayotgan «Pafos» tarixiy g‘alabadan keyin ochkolari sonini beshtaga yetkazib oldi. «Vilyarreal» esa to‘rt o‘yinda atigi bir ochko bilan kifoyalangan.

Keyingi turda «Vilyarreal» «Borussiya» mehmoni bo‘ladi, «Pafos» «Monako»ni qabul qiladi.

Umumiy jadval:



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Туркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда

Published

on


Бугун Туркия чемпионатининг 15-турида «Башакшеҳир» ўз майдонида «Фенербаҳче»га қарши тўп суради.

Ўйин бизнинг вақт билан соат 22:00 да бошланади.

«Башакшеҳир» бош мураббийси Элдор Шомуродов ва Аббосбек Файзуллаевни асосий таркибда майдонга туширишга қарор қилди.

Туркия Суперлигаси. 15-тур

Башакшеҳир — Фенербаҳче

Башакшеҳир: Шенгезер, Омер Али, Дуарте, Ба, Опери, Кемен, Умут, Файзуллаев, Ҳарит, Шомуродов.



Source link

Continue Reading

Sport

Opta JCh-2026 «o‘lim guruhlari»ni aniqladi

Published

on


Kecha JCh-2026ga qur’a tashlanganidan so‘ng, Opta statistik portali guruhlarni kuchli va kuchsizlarga taqsimladi.

Portal Argentina, Jazoir, Avstriya va Iordaniya o‘rin olgan J guruhini «o‘lim guruhi» (eng qiyin guruh) sifatida e’tirof etdi.

Shuningdek, I guruhi (Fransiya, Senegal, Norvegiya hamda qit’alararo pley-off g‘olibi — Iroq / Boliviya / Surinam) va F guruhi (Niderlandiya, Yaponiya, Tunis hamda UEFA pley-off g‘olibi — Ukraina / Polsha / Shvetsiya / Albaniya) eng qiyin guruhlar sifatida ko‘rsatildi.

O‘zbekiston joy olgan guruh qiyinligi bo‘yicha oltinchi o‘ringa joylashtirildi.

Opta talqiniga ko‘ra, guruhlarning qiyinlik darajasi bo‘yicha tartibi:

1. J guruhi — Argentina, Jazoir, Avstriya, Iordaniya;

2. I guruhi — Fransiya, Senegal, Norvegiya va qit’alararo pley-off g‘olibi (Iroq / Boliviya / Surinam);

3. F guruhi — Niderlandiya, Yaponiya, Tunis va UEFA pley-off g‘olibi (Ukraina / Polsha / Shvetsiya / Albaniya);

4. H guruhi — Ispaniya, Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni, Urugvay;

5. L guruhi — Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama;

6. K guruhi — Portugaliya, O‘zbekiston, Kolumbiya va qit’alararo pley-off g‘olibi (Kongo DR / Yamayka / Yangi Kaledoniya);

7. S guruhi — Braziliya, Marokash, Gaiti, Shotlandiya;

8. D guruhi — AQSh, Paragvay, Avstraliya va UEFA pley-off g‘olibi (Turkiya / Ruminiya / Slovakiya / Kosovo);

9. G guruhi — Belgiya, Misr, Eron, Yangi Zelandiya;

10. A guruhi — Meksika, JAR, Janubiy Koreya va UEFA pley-off g‘olibi (Daniya / Shimoliy Makedoniya / Chexiya, Irlandiya);

11. E guruhi — Germaniya, Kyurasao, Kot’d-Ivuar, Ekvador;

12. B guruhi — Kanada, Qatar, Shveysariya va UEFA pley-off g‘olibi (Italiya / Shimoliy Irlandiya / Uels / Bosniya va Gersegovina).



Source link

Continue Reading

Sport

Ermatov, Masharipov va Martines qanday fikrda?

Published

on


Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning ilk mundialdagi birinchi raqiblari Kolumbiya va Portugaliya bo‘ladi. Qit’alararo saralashdan o‘tib, guruhimizdan joy egallashga Kongo DR, Yamayka va Yangi Kaledoniya da’vogarlik qilyapti. Xo‘sh, guruhimiz haqida dastlabki munosabatlar qanday?

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, JChga chiqqandan keyin u yerda raqib tanlash ma’nosiz, chunki u yerda kuchsiz jamoa bo‘lmaydi.

“Bu – jahon chempionati, bu yerda qur’ada kim tushishiga qarab shikoyat qilib bo‘lmaydi. Portugaliya ham, Kolumbiya ham juda jiddiy raqiblar. Futbolchilarimiz uchun bu bellashuvlar katta hayajon va qimmatli tajriba bo‘ladi”, – dedi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassisning aytishicha, uning shogirdlari har bir o‘yinda bor kuch bilan maydonga tushadi. “Mundialda bo‘layotganimizdan juda mamnunmiz. Endi eng muhimi – tayyorgarlikni to‘g‘ri olib borish va oxirigacha kurashish”, – deydi u.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov qur’a hayajonli bo‘lganini aytdi.

“Albatta, JCh – bu biz uchun birinchi tajriba. Ishonamizki, jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, xalqimizni xursand qilib, chiroyli o‘yinlari bilan keyingi bosqichlarga chiqish vazifasini uddalaymiz. JChda o‘yinlar bir-biridan qiziq bo‘ladi, oson o‘yin bo‘lmaydi, shunga yarasha puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Eng muhimi, muxlislarimiz bilan mana shu JChdan zavqlanib… Bu – butun umrga esda qoladigan O‘zbekistonning birinchi jahon chempionati bo‘ladi”, – dedi u.

Milliy jamoa sardori Jaloliddin Masharipov qur’adan oldin Portugaliya tushishini taxmin qilganini aytdi.

“Qur’adan avval Portugaliya tushsa kerak, deb o‘ylagandim. Muxlislar ham Ronaldu yo Messining jamoasi duch kelishini xohlashayotgandi. Portugaliya bilan tushganimiz yaxshi bo‘ldi. Bunday tashqari, Kolumbiya ham yaxshi jamoa. Xudo xohlasa, zo‘r o‘yinlar o‘tkazamiz. Birinchi vazifamiz – guruhdan chiqish va umid qilamanki, buni uddalaymiz”, – dedi hujumchi

Guruh favoriti – Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines guruhdoshlaridan jiddiy raqobat kutayotganini aytdi.

“Endi qur’a natijalariga qarab tayyorgarlikni boshlasak bo‘ladi. Guruhimizdan mamnunmiz, chunki birinchi o‘yinni 17 iyunda o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldik, bu – tayyorgarligimizga aniq yo‘nalish beradi. Avvaliga pley-offdan o‘tgan jamoaga qarshi o‘ynaymiz, shuning uchun raqibimizni hozircha bilmaymiz. Lekin Kolumbiya va O‘zbekistonga nisbatan hurmatimiz yuqori. Ular jahon chempionatiga puxta tayyorlangan va jiddiy raqobat taklif qiladigan jamoalar”, – deya Roberto Martinesning so‘zlarini keltirmoqda FIFA matbuot xizmati.

O‘zbekiston – JCh-2026 yilda qatnashadigan sobiq sovet makonidagi yagona davlat bo‘ladi. Rossiyalik sport sharhlovchisi Denis Kazanskiy qur’a natijalariga munosabat bildirarkan, Abbos Fayzullayev Krishtianu Ronalduga qarshi o‘ynashiga e’tibor qaratdi.

“Intrigali guruh deyarli yo‘q. Hammasi bo‘linib ketgandek. Balki Marokash, Braziliya va Shotlandiyadan iborat guruhda nimadir yangilik bo‘lar. Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama ham yomon emas.

O‘zbekiston uchun juda xursandman. Abbos Krishtianuga qarshi o‘ynaydi. O‘ylashimcha, ular sensatsiya qila olishadi”, – dedi Kazanskiy.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning JChdagi ilk o‘yini 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi, ikkinchi turda esa 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu ikkala o‘yin yo AQShning Texas shahrida, yoki Meksika poytaxtida o‘tadi. Uchinchi turda saralashdan o‘tgan raqib bilan to‘qnashamiz va bu uchrashuv AQShning yo Florida, yo Jorjiya shtatida o‘tadi. Qaysi o‘yin qayerda bo‘lishi keyinroq ma’lum bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Sport

«JChda istalgan raqib tushishi mumkin»

Published

on


O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichi qur’asi yakunlari yuzasidan fikr bildirdi.

Mundialda debyut qiladigan O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliya va Kolumbiya bilan bir guruhdan joy oldi. Italiyalik mutaxassisga ko‘ra, jahon chempionatida raqib tanlashning o‘zi ma’nosiz, chunki bu turnirda har bir jamoa kuchli.

«Bu — jahon chempionati, bu yerda qur’ada kim tushishiga qarab shikoyat qilish mumkin emas. Portugaliya ham, Kolumbiya ham juda jiddiy raqiblar. Futbolchilarimiz uchun bu bellashuvlar katta hayajon va qimmatli tajriba bo‘ladi», — deya ta’kidladi Kannavaro.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad — ishtirokning o‘zi bilan kifoyalanmasdan, har bir o‘yinda bor kuch bilan maydonga tushish va guruh bosqichi oxirigacha kurashish: «Mundialda bo‘layotganimizdan juda mamnunmiz. Endi eng muhimi — tayyorgarlikni to‘g‘ri olib borish va oxirigacha kurashish», — dedi murabbiy.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekistonning JCh-2026 guruh bosqichidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi

Published

on


AQSh poytaxti Vashingtonda futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston milliy jamoasi K guruhida Portugaliya, Kolumbiya va saralashdagi yana bir jamoaga (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) qarshi o‘ynaydi. Turnir AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladi.

AQSh poytaxti Vashingtonda 5 dekabr kuni futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichiga qur’a tashlandi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi K guruhidan joy oldi, unga Portugaliya, Kolumbiya va saralashdagi yana bir jamoa (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) raqiblik qiladi.

O‘zbekiston 17 iyun kuni Kolumbiyaga, 23 iyun kuni Portugaliyaga, 27 iyun kuni saralashdan o‘tgan jamoaga (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) qarshi o‘ynaydi.

O‘yinlarning o‘tkazilish joyi bilan vaqti 6 dekabr kuni e’lon qilinadi.

Qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ham ishtirok etdi.

2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladi. Bu safargi turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. Guruhlardan oldingidek faqat 1- va 2-o‘rin egalari emas, uchinchi o‘rin egalari orasidan nisbatan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega sakkiz jamoa ham pley-offga yo‘l oladi, pley-off bosqichi oldingidek 1/8 finaldan emas, 1/16 finaldan start oladi. Butun turnir 39 kunga (11 iyundan 19 iyulgacha) cho‘ziladi.

Hali turnir ishtirokchilari ro‘yxati to‘liq shakllanmagan, JCh-2026 yo‘llanmasini faqat 42 jamoa hal qilgan. Yana olti jamoa nomi 2026 yil martidagi o‘tish o‘yinlari orqali ma’lum bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.