Iqtisodiyot
Bandlik organi yuborgan shaxslarni ishga olmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi
1 sentabrdan e’tiboran bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari yuborgan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi. Ish beruvchilardan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida hisobot berish majburiyati ham olib tashlanadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik 2025 yil 1 sentabrdan bekor qilinadi.
Shu sanadan e’tiboran, bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish talabi ham bekor qilinadi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
nogironligi bo‘lgan shaxslar;
oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Majburiy zaxiralash xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi hamda xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur.