Jamiyat
BAAda Shayx Zayd mukofoti sovrindorlari taqdirlandi
Ushbu mukofot dinlararo totuvlik, o‘zaro hurmat, ijtimoiy adolat va inson salohiyatini rivojlantirish yo‘lida muhim hissa qo‘shgan shaxslar hamda institutlarga berib kelinadi. Hakamlar hay’ati tarkibida Saida Mirziyoyeva ham bor.
Birlashgan Arab Amirliklarida Shayx Zayd nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining (Zayed Award for Human Fraternity) 2026 yilgi laureatlari e’lon qilindi.
Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan tarixiy tinchlik kelishuvi, shuningdek, afg‘on qizlari ta’limi himoyachisi, huquq faoli Zarqa Yaftali joriy yilgi mukofot sovrindorlari sifatida e’tirof etildi.
Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim – ikki davlat rahbariyatining Kavkazdagi o‘nlab yillar davom etgan mojarolar va gumanitar azob-uqubatlarga barham berishga qaratilgan muhim siyosiy qarori sifatida baholangan.
Butun umrini ayollar va bolalarning ta’lim olish huquqini himoya qilishga bag‘ishlagan ayol Zarqa Yaftali esa ushbu mukofotga Afg‘oniston va undan tashqaridagi 100 mingdan ortiq aholiga ta’lim resurslari, psixologik-ijtimoiy yordam va mahalla darajasida xizmatlar ko‘rsatgani uchun sazovor bo‘lgan.
Mukofot sovrindorlarini tanlash jarayoni xalqaro miqyosda tan olingan mustaqil hakamlar hay’ati tomonidan amalga oshirildi. Hay’at tarkibida turli mintaqalardan yetuk siyosiy, diniy va gumanitar arboblar bilan bir qatorda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi. U Markaziy Osiyodan ushbu hay’atga kiritilgan birinchi va hozircha yagona vakil hisoblanadi.
Saida Mirziyoyeva 2026 yil mukofoti laureatlari e’lon qilinishi tinchlik va inson qadr-qimmati tamoyillariga global axloqiy sodiqlikni o‘zida mujassam etganini tasdiqladi. U bu e’tirof xalqaro hamjamiyatga yana bir bor umid bag‘ishlashi va insoniyat birodarligining muhim va barqaror o‘zgarishlarga hissa qo‘shish qobiliyatini tasdiqlashini ta’kidlagan.
2026 yilgi mukofot sovrindorlari orasida e’tirof etilgan tinchlik kelishuvi ikki davlat rahbariyatining murakkab tarixiy ziddiyatlarni muloqot va kelishuv yo‘li bilan hal etishga bo‘lgan siyosiy irodasini ifodalaydi. Ozarboyjon prezidenti Ilham Aliyev ushbu mukofotni mintaqaviy va global tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilganini ta’kidladi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mukofotni umumiy va jamoaviy yutuq, ikki xalq o‘rtasida ishonchni mustahkamlovchi ramziy e’tirof sifatida baholadi.
Huquq himoyachisi Zarqa Yaftali esa mukofotning unga berilishi afg‘on ayollari va qizlari uchun muhim umid va dalda bo‘lishini qayd etgan. U ko‘p yillar davomida ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qatlamlar uchun bilim resurslari, ijtimoiy-psixologik yordam va mahalliy darajadagi qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan.
Ma’lumot uchun, Shayx Zayd nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti 2019 yilda Abu Dabida Rim papasi Fransisk va Al-Azhar bosh imomi Ahmad at-Tayyib o‘rtasidagi tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan. O‘shandan buyon mukofot dunyoning turli mintaqalaridan bo‘lgan o‘nlab yetakchi shaxslar va tashkilotlarga topshirib kelinmoqda.
U alohida shaxslar va tashkilotlarga insoniy birodarlik qadriyatlariga asoslangan yanada tinch, uyg‘un va rahm-shafqatga to‘la dunyoni barpo etishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi. 2019 yildan buyon 19 ta davlatdan 19 nafar laureat ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan.
2026 yilgi sovrindorlarni taqdirlash marosimi 4 fevral kuni, BMT tomonidan e’tirof etilgan Xalqaro insoniy birodarlik kunida Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tadi.