Jamiyat
Ayrim toifadagi fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun vaucher berilishi mumkin
O‘zbekistonda «Ijtimoiy karta» orqali o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul va imtiyozli vaucherlar berish taklif qilinmoqda.
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, har yili o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar uchun 500 mingta, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 100 mingta vaucher ajratish rejalashtirilgan.
Vaucherlar «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Ularning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizigacha bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2027-yil yanvarga qadar «Ijtimoiy karta» axborot tizimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni integratsiya qilish taklif etilgan.
Loyihada madaniyat muassasalaridagi tadbirlar, chipta narxlari va kvotalar haqidagi ma’lumotlarni «Ijtimoiy karta» tizimiga elektron tarzda uzatish, shuningdek, vaucher mablag‘larini teatr, kinoteatr va konsert muassasalariga o‘tkazish mexanizmini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasi hozircha yakuniy hujjat emas. U qabul qilingan taqdirda, belgilangan tartib asosida kuchga kiradi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda havo harorati biroz ko‘tariladi
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekiston hududida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 28–33 daraja bo‘ladi.
Toshkentda kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 3–8 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 30–32 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 22–27 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
Ehtiyojmand oilalarni baholash, ishlaydigan onalarga nafaqa va vaucher tizimi — ijtimoiy himoyada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
2027 yil 1 yanvardan boshlab aholini ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini aniqlash hamda oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritishda yangi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi joriy etiladi. Bunda oilalarning moliyaviy holati bilan bir qatorda surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va oilada bolalar soni kabi omillar ham hisobga olinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimda oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijaga ko‘ra, oilalar tegishli toifalarga ajratilib, ularga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 dekabrgacha oilalarni ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va tegishli xizmatlarga yo‘naltirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Prezident Administratsiyasiga kiritishi belgilangan.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasi to‘lash tartibi joriy etiladi. Ayrim davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari esa vaucher orqali taqdim etiladi.
Vaucher tizimi — davlat ijtimoiy yordamini oluvchi fuqaroga xizmat yoki to‘lovdan foydalanish huquqini elektron shaklda taqdim etish mexanizmi. Vaucher «mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida shakllantiriladi va belgilangan muddat davomida amal qiladi. U orqali bolalarni bog‘chaga joylashtirish, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha ta’lim, davolanish va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari qoplanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlar uchun ayrim soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, korxonalar xodimlari, birinchi navbatda Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlar uchun amalga oshirgan ayrim xarajatlarini foyda solig‘i bazasidan chegirish hamda yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu xarajatlarga korxona o‘z xodimlarining farzandlari uchun maktabgacha ta’lim obyektlarini qurish va ular topshirilgandan keyin uch yil muddatgacha saqlash, shuningdek, xodimlar uchun korxonada ishlagan davrida vaqtinchalik yashash uchun uy-joylar qurish va ulardan foydalanish xarajatlari kiritilishi mumkin.
Jamiyat
Kichik hikoyalar: Ko‘cha, yomg‘irda qolgan kelin-kuyov
Sinov
Ular bir-birlarini juda uzoq kutishdi. Bir-birlarini bilmagan, tanimagan holda baxt onlarini kutishdi. Har ikki tomonda necha bor to‘y harakatlari boshlandi, ammo visol oqshomi hadeganda tutqich beravermadi. Umid uchqunlari so‘na boshlaganida ikki yosh avtobus bekatida uchrashib qolishdi. Qisqa tanishuv qat’iy ahdga aylandi. To‘y…
To‘y kuyovning hovlisida, ochiq osmon ostida bo‘ldi. Havo ochiq, ammo yozga xos bo‘lmagan dilgirroq shabada esib turar, kelinning ko‘ylagiga tegajog‘lik qilayotganday edi.
Birdan ko‘k gumburladi, chaqmoq to‘yxonani ko‘zni olgudek darajada yoritdi. Yomg‘ir sharros quya boshladi. Hamma o‘zini ayvonga urdi.
Kelin-kuyov joylarida qolishdi, o‘rinlaridan turishsa, ayvonga qochishsa, baxt qushlari uchib ketadiganday, visol taxtini kimdir egallab oladiganday jim o‘tirishdi. Kiyim-boshlari shalabbo bo‘ldi, yomg‘ir ich-ichlariga o‘tdi. Buni hatto sezishmadi ham. Uzoq davom etgan kutish zahmatlari yuvildi. Bekatda tug‘ilgan ahdlari shu kuniyoq sinovdan o‘tdi. Yomg‘ir chekinishga majbur bo‘ldi. Ko‘kda yana quyosh charaqladi.
Ko‘cha
Keksayish bolalik xotiralarini eslashdan boshlanadi shekilli…
Ming yillik tarixga ega qishlog‘imizda sunnat to‘ylari qish-qirovli kunlari o‘tar, so‘qim so‘yilib, dosh qozonlarda osh damlanar, yurt oldiga dasturxon yozilardi. Yozda bo‘lsa hashar avjiga chiqar, kattalarga qo‘shilib, biz bolalar ham bu marosimda qatnashar edik.
Ota-ona uylangan o‘g‘liga uy qurmoqchi bo‘lsa, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdonlarini hasharga chorlar, ular ustalarga qo‘shilib, bir-ikki kun ichida ikki-uch xonali uyning devorini ko‘tarib, ustini yopvorishardi. Ayollarning hashari – ustalarga yo‘qlov oshi jo‘natishdan iborat edi, tanish-bilishi, qarindoshlari ko‘plarnikidagi hashar quyuq ziyofatga aylanib ketar, hasharchilar bir-birlariga ma’noli qarab, «Oh-oh, hashar emas, oshar bo‘ldi-ku», deyishardi.
Bir gal dadam bilan qo‘shni qishloqdagi qarindoshimiznikiga hasharga bordik. Ustalar quriladigan uyning to‘rt burchagiga qoziq qoqib, ish boshlashayotgan ekan. Dadam o‘zlaricha bir nimalarni chamalab ko‘rdilar-da, quyuq qoshlari bir oz chimirilib, qarindoshimizni oldilariga chaqirdilar, «Jiyanim, uyning tashqi devori ko‘chaga chiqib ketibdi, yarim quloch ichkariga olish kerak», dedilar. Bu gap jiyanlariga ham, ustalarga ham yoqmadi. Devorning tagiga tosh terish boshlanib ketdi.
Biz tushlikni kutmay, uyga qaytdik. Xafa bo‘lganlarini sezib turibman, ammo sababini bilmayman. Dadam bo‘lsa o‘zlariga o‘zlari: «Eh, jiyan, jiyan, qabristonning yerini qo‘shib ol – mayli, masjidning yerini qo‘shib ol – mayli, ammo ko‘chaning haqiga tegma», degan gapni eshitmagan ekansan-da, Parvardigor, o‘zing kechir», derdilar, xolos.
Uy kuzga qolmay bitdi. Ammo… bahorda kuchli sel kelib, tashqi devorini yuvib ketdi.
Silkinish
Avtobus o‘ydim-chuqur yo‘lda borayotib bir silkingan edi, tik turgan ikki kishi bir-biriga durustgina turtilib ketdi. Birining qo‘lidagi tugun yerga sochildi, ikkinchisining ko‘zoynagi uchib ketdi. Ikkovi ham nordon, kesatiq gaplarga usta ekan, bir-birlarini rosa «siylashdi», keyin dag‘allik qilishga o‘tishdi. Yoshrog‘i po‘pisani qoyillatdi. Kattarog‘i: «Zo‘r bo‘lsang, qani tush, avtobusdan, kuchingni ko‘rsat», dedi.
Manzilga yetguncha avtobus yana bir-ikki silkindi. Odam siyraklashdi. Oxiri ma’lum bo‘ldiki, har ikkala urishqoq olis safardan omon-eson qaytib kelgan do‘stlarini ko‘rgani bitta xonadonga kelishayotgan ekan…
Ahmadjon Meliboyev
Jamiyat
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchilik sabab 150 dan oshiq mansabdor ishdan olindi
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 151 amaldor ishdan olindi.
2026-yilning yanvar-avgust oylarida Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga ta’sir choralari ko‘rish bo‘yicha jami 5 486 ta hujjat kiritildi.
2026-yilning yanvar-avgust oylari davomida fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini ta’minlash hamda qonunbuzilish holatlarining oldini olish borasida tizimli tadbirlar amalga oshirildi.
Hisobot davrida soha bo‘yicha jami 1 386 ta taqdimnoma, 642 ta talabnoma, 495 ta axborot hamda 2 963 ta ko‘rsatma kiritildi.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, kiritilgan hujjatlarning asosiy qismi quyidagi vazirlik va idoralar hissasiga to‘g‘ri keladi:
Eng ko‘p taqdimnomalar:
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (233 ta), Mahallalar uyushmasi (218 ta) hamda Majburiy ijro byurosi (158 ta) tizimlariga kiritilgan.
Eng ko‘p ko‘rsatmalar: Mahallalar uyushmasi (246 ta), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (212 ta) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (210 ta) tizimlariga berilgan.
Eng ko‘p talabnomalar: Mahalliy hokimliklar (62 ta), Sog‘liqni saqlash vazirligi (59 ta) hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi (47 ta) tizimlariga yuborilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan va qonunbuzilish holatlarini sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy ta’sir choralari ko‘rildi:
Rasman ogohlantirish: 1 335 ta
Hayfsan: 833 ta
Lavozimidan ozod etish: 151 ta
Ma’muriy javobgarlik: 150 ta
Jarima: 89 ta
Lavozimi pasaytirilishi: 8 ta
Ma’naviy ziyon uchun kompensatsiya: 3 ta
Moddiy zarar qoplanishi: 1 ta
Murojaatlar bilan ishlash sohasida ijro intizomini mustahkamlash va fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilish borasidagi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Sud hokimiyatiga oid muhim qonun qabul qilindi
Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlar tartibga solindi.
«Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–1177-son, 11.09.2026-y.) qabul qilindi.
Ushbu Qonunning maqsadi sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga ko‘ra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida quyidagilarning faoliyatini moliyalashtirish uchun mablag‘lar nazarda tutiladi:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining;
– O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
Sudlar faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan;
– O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi uchun – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
– harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo iqtisodiy sudlar, tumanlararo ma’muriy sudlar uchun – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
-
Jamiyat5 days ago
Kelasi yil barcha OTMlarda yangi nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
-
Jamiyat4 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)
-
Jamiyat4 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Mahalliy2 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Jamiyat5 days ago
Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha 20 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurilishi mumkin
