Jamiyat

 “Asirlar almashinuviga rozi bo‘lmadim” – Ukrainada asir tushgan yigit O‘zbekiston so‘rovini kutmoqda

Published

on


Rossiyaga ish izlab ketgan buxorolik Zuhriddin Yo‘ldoshev bugun Ukraina asirligida. O‘zining aytishicha, urushga majburan jo‘natilganidan keyin jang qilmay, asir tushishni tanlagan, keyinchalik asirlar almashinuvi doirasida Rossiyaga qaytishni rad etgan. U vataniga qaytish uchun O‘zbekiston davlatidan najot kutmoqda.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan Zuhriddin Yo‘ldoshev Rossiyaga ishlash uchun ketgandi. Lekin ko‘p o‘tmay Rossiya–Ukraina urushida asir tushgan yoki halok bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumot berib boruvchi telegram kanallarda uning ham ism-familiyasi paydo bo‘ldi.

Kun.uz Buxoro viloyatida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Muhriddin Yo‘ldoshevning aytishicha, ukasi Zuhriddin avval ham Rossiya Federetsiyasiga borib ishlab kelib yurgan. Bu safar 2025 yil avgust oyida Orenburg shahriga borgan va uch-to‘rt kundan so‘ng haydovchi sifatida ish topganini aytgan. U qonuniy tartibda ishlashga ruxsatnoma olish harakatida bo‘lgan.

“Ukam hujjatlarini Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tekshirayotganini aytdi. Ikkimiz ham bu holatga tushunmadik, odatda ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi bunaqa bo‘lmasdi. Rossiyadagi vaziyatdan kelib chiqib, migrantlarni jiddiy tekshirishayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Bir necha kundan keyin ukam bilan yana suhbatlashganimda, u Lugansk shahriga “Gazel”da qurol olib borayotganini aytdi. Angladimki, u urushga jalb qilingan. Keyin vaziyatni tushuntirishini so‘radim. Ukam haqiqatan ham urushga jalb qilinganini, telefoni nazoratda ekanini va ortiqcha gapirolmasligini aytdi”, – deydi Muhriddin.

Zuhriddin urushga jo‘nab ketishidan avval o‘ziga nimadir bo‘lsa, akasiga o‘zini qayerdan, kimlardan surishtirish mumkinligini ma’lum qilgan. U urushga kirmasligi, imkonini topib qochishi yoki ukrain harbiylariga taslim bo‘lishini bildirgan. Maqsadi tirik holda O‘zbekistonga qaytish bo‘lgan.

Muhriddin Yo‘ldoshevning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab rus-ukrain kanallari, guruhlari mavjud bo‘lib, ularda asir tushganlar, Markaziy Osiyodan urushga ketayotganlar, vafot etganlar ro‘yxati, video va suratlari e’lon qilib boriladi. Ukrainada asir tushgan ukasi haqida ham dastlab o‘sha telegram kanallarda xabar berilgan.

2025 yil 24 sentabr kuni o‘zini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan deb tanishtirgan odam Zuhriddinning yaqinlari bilan telefon orqali bog‘langan va uning haqiqatan ham asirlikda ekanini tasdiqlagan.

Bu orada asirlikdagi Zuhriddin akasiga aloqaga chiqqan. U o‘zining asirlikda ekani, ukrain harbiylari tomonidan qiynoqqa solinmayotgani, yashash va ishlash uchun sharoit qilib berilgani, O‘zbekistondagi yaqinlari bilan telefon orqali muloqot qilishiga ruxsat berilganini aytgan. Shu bilan birga, urushga jo‘nab ketishidan avval o‘zining rus kuchishlatar tizimlari tomonidan qiynoqqa solingani, tirnoqlari qo‘parib olinib, elektr toki bilan azob berilgani natijasida urushga ketishga majbur bo‘lganini bildirgan.

Muhriddin huquq-tartibot idoralariga ukasiga tegishli barcha ma’lumotlar, hujjatlarni taqdim qilgan.

Shubhasiz, barcha urushlar ko‘proq onalarning, ayollarning qaddini bukadi. Taassufki, motamsaro onalar tarixda qolib ketmadi. Ular bugun ham yonimizda yashayapti.

Zuhriddinning onasi Gulshanda Qudratova o‘g‘li Rossiyaga ishlashga ketishidan avval so‘nggi burda nonini ham onasiga ilinganini aytib yig‘ladi.

“Farzandlarim Rossiyaga avval ham borib ishlab kelib yurgan. Bu safar u yerda tinchlik emasligini aytdim, ko‘nglim notinch edi. O‘g‘lim ozgina ishlab qaytaman, kam-ko‘stlarimni to‘g‘rilab olay, deb ketdi. Dastlabki kunlari har kuni gaplashib turdik, keyin birdan aloqa uzildi. Bir muddat o‘tib mahallamiz vakillari orqali o‘g‘limning urushga ketgani va asirlikda saqlanayotganini aytishdi. Yig‘lamagan, o‘g‘limning telefoniga yozmagan kunim yo‘q. To‘rt nafar yosh bolasi bor, ularni ko‘rib yuragim eziladi”, deydi Dilobar Qobulova.

Ma’lum bo‘lishicha, Zuhriddin turmush o‘rtog‘i Gulmira Mardonova bilan ham telefonda gaplashgan. To‘rt farzandining oldida yuzi yorug‘ligini, hech kimga qurol o‘qtalmagani, odam o‘ldirmagani, maqsadi boshdanoq asir tushib, O‘zbekistonga tirik qaytish bo‘lganini aytgan.

Zuhriddin qanday qilib urushga jo‘natilgani, asirlikda saqlanayotgani va o‘zining ayni holati haqida ukrain lageridan O‘zbekiston hukumatiga videomurojaat ham yo‘llagan.

Muhriddin Yo‘ldoshevga ko‘ra, ukasi Ukrainada jinoyatchi maqomida asirlikda saqlanmayapti. Boshidanoq taslim bo‘lgani, majburan urushga jalb qilingani uchun Ukraina unga yaxshi munosabatda bo‘lyapti. Tez-tez oilasi bilan xabarlashib turishi uchun imkoniyat yaratib berilyapti. Uni O‘zbekistonga qaytarish, ekstraditsiya qilish imkoniyati bor va O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra qandaydir jazo choralari qo‘llanishiga rozilik bildirgan.

Ushbu maqola tayyorlanishi jarayonida Zuhriddin Yo‘ldoshevdan yana bir xabar keldi. U ushbu murojaatida shu kunlarda Rossiya-Ukraina asirlar almashinuviga rozi bo‘lmagani, asirlikda qolganini bildirgan, O‘zbekiston tomonidan olib ketishini so‘ragan.

So‘nggi vaqtlarda bu kabi voqealar, manzaralarga ko‘nikib boryapmiz. Biroq eng yomoni ko‘nikishning o‘zi. Chunki insonga berilgan bir martalik umr bunchalik arzon bo‘lmasligi kerak. Vatanga tobutda qaytayotgan, chegaralar ortida yo‘qolib ketayotgan, asirlikda saqlanayotgan, urushga kirgan yurtdoshlarimizning bugun hisobi qaysi ro‘yxatlarda qayd etilyapti, bizga noma’lum.

Ushbu lavha orqali avvalo yurtdoshlarimizni yana bir bor ogohlikka chaqirishni maqsad qildik. Qolaversa, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar qandaydir harakatlarni amalga oshiradi va mushkul vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga kerakli yordamni beradi, deb ishonamiz.

Isomiddin Po‘latov,

Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi:

Faxriddin Hotamov



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version