Iqtisodiyot

AQShda 250 dollarlik banknota chiqarilishi mumkin. Unga Tramp tasviri tushiriladi

Published

on


Amerikada mamlakat tashkil topganining 250 yilligi munosabati bilan amaldagi prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota chiqarish g‘oyasi muhokama qilinyapti. Agar bu amalga oshsa, Qo‘shma Shtatlar tarixida so‘nggi 160 yil ichida ilk bor tirik insonning surati milliy valutada paydo bo‘ladi. Gravirovka va bosma ishlar byurosi yangi kupyura ishlab chiqishni boshlash uchun  bir necha yil kerakligi, jarayon murakkab huquqiy ekspertiza va texnik xavfsizlik talablarini o‘z ichiga olishini ta’kidlagan.

Tramp ma’muriyati vakillari mamlakatda pullarni chop etishga mas’ul idoraga prezident portreti tushirilgan 250 dollarlik banknota dizaynini ishlab chiqishni talab qilib bosim o‘tkazyapti. Bu haqda idoraning hozirgi va sobiq to‘rt nafar xodimi ma’lum qildi, deya yozadi The Washington Post.

Agar bu amalga oshsa, AQSh tarixida so‘nggi 150 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor tirik insonning surati milliy valutada paydo bo‘ladi.

WP manbalariga ko‘ra, o‘tgan yildan boshlab G‘aznachilik departamentining ikki amaldori: g‘aznachi Brendon Bich va uning maslahatchisi Mayk Braun Gravirovka va bosma ishlar byurosi xodimlarini yangi kupyura prototiplarini tayyorlashga bir necha bor undagan. Bu esa xavotir uyg‘otadi, chunki amaldagi federal qonunchilik bo‘yicha banknotlarda faqat vafot etgan shaxslarning surati bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yilning avgust va sentabr oylarida Brendon Bich byuro xodimlariga banknotaning bir nechta maket dizaynlarini yuborgan. Ulardan birida prezident Donald Trumpning yuzi 250 dollarlik kupyuraning markazida, prezident va G‘aznachilik kotibi Skott Bessent imzolari orasida tasvirlanadi.

Loyiha muallifi, britaniyalik rassom Ian Aleksander ushbu maket mavjudligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan dizaynga Amerika bayrog‘i ranglari va maxsus logotip qo‘shish masalasi ham muhokama qilingan.

“U meni o‘zining eng sevimli britaniyalik rassomi deb ataydi”, — degan Aleksandr. U avval professional suzuvchi va DJ bo‘lganini, keyinchalik esa qirolicha Yelizaveta II va boshqa mashhur shaxslarning portretlarini chizganini aytgan.

AQSh valutasida 1866 yildan beri hech bir tirik shaxs tasviri tushirilmagan. O‘sha paytda 5 sentlik banknotaga G‘aznachilikdagi o‘rta bo‘g‘in amaldorining rasmi chiqib ketgach, bu amaliyot qonun bilan taqiqlanadi.

O‘tgan yili Kongresga Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik banknotani chiqarishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi kiritilgan. Bu mustaqillikning 250 yilligini nishonlash maqsadi bilan izohlangan. Biroq, loyiha hanuz harakatsiz holatda qolyapti.

G‘aznachilik departamenti vakili bayonotida chop etish idorasi “taklif etilgan qonunchilikka javoban tegishli rejalashtirish va huquqiy tekshiruvlarni amalga oshirayotgani” aytilgan. 

“Agar bu qonun tasdiqlanib kuchga kirsa, byuro mamlakatimizning 250 yilligi munosabati bilan 250 dollarlik maxsus esdalik banknotani chiqarishga tayyorgarlik ko‘radi”, — deyiladi bayonotda.

Gravirovka va bosma ishlari byurosi direktori Patrisiya Solimen va boshqa xodimlar Bich va Braunga bunday banknotani chiqarishda huquqiy va texnik to‘siqlar mavjudligi, jarayon ular o‘ylagandan ancha ko‘proq — yillar talab qilishini bir necha bor tushuntirgan.

Ushbu vaziyat fonida Patrisiya Solimen 27 aprel kuni ishdan olingan. The Washington Post qo‘lga kiritgan xat nusxasida u G‘aznachilik departamentidagi boshqa ishga o‘tkazilgani va bu qaror “uning tanlovi bo‘lmaganini” yozgan. Idora Solimenening boshqa lavozimga o‘tkazilishi yuzasidan izoh berishni rad etgan. Oq uy ham savollarga javob qaytarmagan.

Solimen va uning jamoasi ma’muriyatning Tramp imzosi tushirilgan 100 dollarlik kupyuralarni chop etish talabiga rozilik bildirgani aytilyapti. Bu banknotalar AQSh tarixida ilk bor amaldagi prezident imzosi tushirilgan pul bo‘ladi va hozirda Vashington markazidagi bosmaxonada chop etilyapti.

“AQSh g‘aznachisi Brendon Bich tavsiyasiga binoan, kotib Bessent prezident Trampning tarixiy yutuqlarini uning imzosini valutaga qo‘shish orqali e’tirof etadi”, — deyiladi bayonotda.

AQSh dollarida kimlarning tasviri bor?

1 dollar: Jorj Vashington

Eng ko‘p tarqalgan bir dollarlik banknotda AQShning birinchi prezidenti va mustaqillik urushi qahramoni Jorj Vashington tasvirlangan. Uning surati 1869 yildan beri ushbu kupyuraning ajralmas qismi hisoblanadi.

2 dollar: Tomas Jyefferson

Kamdan-kam uchraydigan 2 dollarlik qog‘oz pulda AQSh Mustaqillik deklaratsiyasining asosiy muallifi va mamlakatning 3-prezidenti Tomas Jyefferson aks etgan. Banknotning orqa tomonida esa Mustaqillik deklaratsiyasining imzolanish jarayoni tasvirlangan.

5 dollar: Avraam Linkoln

Fuqarolar urushi davrida mamlakat birligini saqlab qolgan va qullikni bekor qilgan 16-prezident Avraam Linkoln 5 dollarlik kupyurada joy olgan. Banknotning orqa tomonida Vashington shahridagi Linkoln memoriali tasvirlangan.

10 dollar: Aleksandr Hamilton

Hamilton AQSh asoschilaridan biri va mamlakatning birinchi Moliya vaziri bo‘lgan. U Amerikaning zamonaviy iqtisodiy va bank tizimiga asos solganligi sababli 10 dollarlik kupyurada tasvirlanishga loyiq ko‘rilgan.

20 dollar: Endryu Jyekson

20 dollarlik banknotada AQShning 7-prezidenti, harbiy general Endryu Jyekson surati bor. Qizig‘i shundaki, Jyekson o‘z davrida qog‘oz pullarga qarshi bo‘lgan, biroq bugun uning tasviri eng ommabop kupyuralardan birini bezab turibdi.

50 dollar: Ulis Grant

Fuqarolar urushida shimolliklar armiyasiga qo‘mondonlik qilgan va keyinchalik AQShning 18-prezidenti etib saylangan general Ulis Grant sur’ati 50 dollarlik pulda aks ettirilgan.

100 dollar: Benjamin Franklin

Dunyodagi eng mashhur yuz dollarlik kupyurada atoqli olim, ixtirochi, diplomat Benjamin Franklin tasviri bor. U AQShning shakllanishiga asos bo‘lgan uchta muhim hujjat (Mustaqillik deklaratsiyasi, Konstitutsiya va Parij tinchlik shartnomasi)ga imzo chekkan yagona insondir.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version