Dunyodan
AQSh Rossiya-Ukraina urushini 4-iyulgacha tugatishni istamoqda
AQSh hukumati Rossiya va Ukraina o’rtasidagi urushni 4-iyul, AQSh Mustaqillik kunigacha tugatishni maqsad qilgani aytilmoqda. Bu haqda Bloomberg Yevropa va Shimoliy Atlantika Shartnomasi (NATO)dagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Gazetaga intervyu berganlar Vashingtondan imkon qadar tezroq tinchlik bitimini imzolash uchun bosim borligini aytishdi. Ammo hozircha Rossiya prezidenti Vladimir Putin kelishuvga tayyor ekanligi haqida aniq belgilar yo‘q.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy CNN telekanaliga bergan intervyusida AQSh pozitsiyasi haqida gapirib, prezident Donald Tramp Kiyevdan Rossiya bilan tinchlik bitimi hamda AQSh va Yevropa davlatlari bilan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini beruvchi shartnoma imzolashini istashini aytdi.
Prezident Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki hujjat bir vaqtning o‘zida imzolanishi kerak va ularning katta rasmiy marosim doirasida imzolanishi maqsadga muvofiq, deb hisoblanmoqda.
Hozircha muzokaralarning aniq natijasi va kelishuv mazmuni oshkor etilmagan. Yevropa manbalarining aytishicha, Rossiya murosaga tayyor ekanligidan darak yo‘q.