Dunyodan
AQSh Eronga yana hujum qildi, Eron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
10 iyun kuni AQSh harbiylari Eron hududidagi nishonlarga yangi hujum uyushtirdi. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
AQSh hukumati bu hujumlarni “Eronning davomli tajovuziga javob” deb atadi. AQSh matbuotining yozishicha, hujumlar Eron janubidagi bir qator harbiy va strategik obyektlarga qaratilgan.
Eron davlat matbuoti Minob, Sirik va Bandar Abbos shaharlari yaqinida portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
Bunga javoban Eron hukumati AQShning Fors ko‘rfazi va Iordaniyadagi harbiy bazalariga raketa hujumi uyushtirganini ma’lum qildi. Ko’pgina mamlakatlarda havo hujumi sirenalari ishga tushirildi.
Shu bilan birga, Eron harbiy qo‘mondonligi Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq yopilganini e’lon qildi. Bayonotda aytilishicha, bo‘g‘ozda harakatlanmoqchi bo‘lgan kemalar hujumga uchrashi mumkin.
Biroq AQSh Markaziy qoʻmondonligi bu maʼlumotni rad etdi va tijorat kemalari Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtishda davom etayotganini aytdi.
Hormuz boʻgʻozi strategik yoʻlak boʻlib, u orqali jahon neft savdosining muhim qismi oʻtadi. Shu bois uning yopilishi haqidagi xabarlar xalqaro energetika bozorida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.