Sport
APLda bir turda 3 ta top to‘qnashuv, Italiyada derbi. Haftaning asosiy o‘yinlari
Bu safargi uikendda «Arsenal» «Siti»ni, «MYu» «Chelsi»ni qabul qiladi, «Liverpul»ni qiyin sinov kutmoqda.
Uch kun davom etgan Chempionlar Ligasi o‘yinlari yakunlanib ulgurmay, milliy chempionatlar boshlanmoqda. Liverpul va Rim derbilari, “Old Trafford” va “Emiraytes”da navbatdagi katta uchrashuvlar, Fransiyada esa “PSJ” de Dzerbi boshqaruvidagi “Marsel”ni sinovdan o‘tkazadi. “Real” va “Barselona” alohida holatda Kataloniya va Madrid klublariga qarshi to‘p surib, asta-sekin klasiko havosiga tayyorgarlikni boshlashadi.
LIVeRPUL – EVeRTON (20 sentabr, 16:30)
“Liverpul” ushbu mavsumda deyarli dor ustida yuribdi. Slot shogirdlari ayni damda Yevropada 100 foizlik natija ko‘rsatayotgan kam sonli jamoalardan biri bo‘lishsa-da, o‘tkazilgan besh o‘yinning har birida ochko yo‘qotilishi mumkin edi. Bu o‘yinlarning uchtasida “Liverpul” hal qiluvchi golni hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda urdi. Yana ikki o‘yinda ham gollar 80-daqiqadan so‘ng kiritilgan.
Bu aslida omadmi yoki “Liverpul”ning kuchli o‘yini raqibning so‘nggi daqiqalarda qarshilik ko‘rsata olmay qolishiga sabab bo‘lyaptimi, aytish qiyin. Shunisi aniqki, bunday seriya odatda uzoq davom etmaydi, ammo natijalar qaysi tomonga og‘adi, buni ham taxmin qilish oson emas. Qizig‘i, bu safargi raqib bilan ham avvalgi o‘yinlardagi ssenariyni bemalol kutish mumkin, zero bu ham derbi, “Everton” esa “Liverpul”ga qarshi o‘yinlarda doim munosib bo‘la olishini unutmaslik kerak.
“Everton” so‘nggi yillardan farqli ravishda mavsumni ancha kuchli boshladi, ilk o‘yinlardan yengish qiyin bo‘lgan “qattiq yong‘oq” bo‘la olishini namoyish etyapti. Jamoa ilk turda “Lids”ga yagona penalti evaziga mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, masalan “Brayton” ustidan qozonilgan g‘alaba alohida e’tiborga arziydi. Zero “Brayton” ayniqsa mavsum boshida hatto top-klublarga ham yon bermasligi ma’lum.
Devid Moyyes boshqaruviga qaytgan jamoa barcha musobaqalarni hisobga olganda qatorasiga 4 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, bularning uchtasida umuman o‘z darvozasidan gol o‘tkazmadi. Tabiiyki, hozircha vaziyatlar yaratishda aniq bir tizim bo‘lmagan va oldingi chiziqda bir qator yangi futbolchilarga ega bo‘lgan “Liverpul” uchun “Everton” himoyasini yorib o‘tish oson bo‘lmaydi.
Yangilar haqida gap borganda, Aleksandr Isakning “qizillar” tarkibida debyut qilganini ta’kidlash kerak. Arne Slotning aytishicha, “Atletiko”ga qarshi oltmish daqiqa Isakning faoliyatidagi balki eng og‘ir daqiqalar bo‘lgan va katta ehtimol bilan u “Everton” bilan o‘yinda ilk daqiqalardan maydonga tushmasligi mumkin. APL o‘yinida Ekitike boshlang‘ich tarkibda tushib kelmoqda. Umuman olganda, “Liverpul”ning hafta o‘rtasida nisbatan ancha kuchli raqibga qarshi to‘p surgani butun hafta davomida derbiga tayyorlangan “Everton”ga qo‘shimcha ustunlik berishi turgan gap. Jarohatlarga kelsak, mehmonlar safida ham yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Faqat markaziy himoyachi Jarrad Brantueyt ancha oldin, mavsumoldi o‘rtoqlik o‘yinlarida jarohat olgandi va hali yangi mavsumda safga qaytgani yo‘q.
So‘nggi derbilar tarixiga qaralsa, “Liverpul” “Enfild”da o‘tgan o‘yinlarda doim ancha ustun harakat qiladi – oxirgi 15 derbidan 10 tasi “Liverpul” g‘alabasi bilan yakunlangan. Jumladan, “Enfild”da o‘tgan oxirgi 4 derbida mezbonlar gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishgan.
MANCheSTeR YuNAYTeD – CheLSI (20 sentabr, 21:30)
Qiziq fakt, Aleks Fergyusondan keyin o‘nga yaqin doimiy va vaqtinchalik murabbiylar ishladi, “Chelsi”da undan ham ko‘proq. “MYu” turli davrlarni boshdan kechirdi, “Chelsi”da ham turli davrlar bo‘ldi, bu orada ikki marta APL, bir marta Chempionlar Ligasini yutishga muvaffaq bo‘lishdi. Jamoalar turlicha holatlarda, gohida u, gohida bunisi favorit bo‘lib to‘qnashdi.
Lekin Fergyusondan keyingi davrda hali biror marta “Chelsi” “Old Trafford”da g‘alaba qozonmagan. Duranglar juda ko‘p, lekin g‘alaba yo‘q. Oxirgisi o‘sha 2013 yilda, Fergyussonning oxirgi mavsumida ro‘y bergan ekan. Ayni damda yuqori o‘rinlarda yurgan “Chelsi” yana mavsumni muammolar bilan boshlagan “MYu” ustidan nihoyat safar g‘alabasini qo‘lga kiritishga ishonayotgan bo‘lishi mumkin, ammo yuqorida aytilganidek, “Old Trafford”da mezbonlar bundan yomonroq holatlarda ham “Chelsi”ga yon bermagan.
“Chelsi” raqibi fonida ancha barqaror bo‘lsa-da, yana ikki omil uchrashuv natijasini taxmin qilish qiyinligini ko‘rsatadi. Birinchidan, “MYu” yanada og‘irroq holatda bo‘lgan apreldagi o‘yinni eslang. “Stemford Brij”da o‘tgan o‘yinda mezbonlarga g‘alaba juda zarur, “MYu” esa Yevropa Ligasi finaliga tayyorganlik ko‘rayotgandi. Ammo shunda ham Amorim shogirdlari ancha kuchli o‘yin ko‘rsatishgan va “Chelsi”ning 1:0 hisobida g‘alabasi bilan yakunlangan bahsning oxirigacha kurashishgandi. “Iblislar”ning ayni damdagi holati nisbatan yaxshiroq va umuman Amorim o‘tgan haftadagi derbini qo‘shmasa, top-raqiblarga qarshi jamoani munosib tayyorlay olyapti. Ikkinchidan, mana shu tayyorgarlik uchun vaqt mezbonlarda ikki barobar ko‘p bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Yevrokuboklarda qatnashayotgan “Chelsi” chorshanba oqshomida “Bavariya” maydonida qiyin o‘yinda ishtirok etdi va yana bir og‘ir to‘qnashuvga to‘liq tiklanib ulgurmasligi ham mumkin. O‘tgan mavsumda Mareska Konferensiyalar Ligasiga umuman boshqa tarkibni tushirib, jamoasining barcha frontlarda yaxshi sport formasida bo‘lishini ta’minlagan bo‘lsa, YeChL bunday tajribalarga yo‘l qo‘ymaydi. Haftada ikki o‘yinlik rejim qaysidir ma’noda Mareska uchun ham yangi sinov bo‘ladi.
Jarohatlarga kelsak, “Chelsi” safida markazda Laviyadan tashqari, Essugo ham yo‘q, natijada markazdagi uchlik barcha o‘yinlarda o‘zgarishsiz to‘p surishga majbur. Undan tashqari, Liam Delapning ham yordamidan Mareska foydalana olmaydi. Matbuot anjumanida u Alexandro Garnachoning ilk daqiqalardan o‘ynashga tayyor ekanini aytib o‘tdi – demak, biz argentinalik vingerning endi raqib jamoasi safida “Old Trafford”ga chiqib kelishini ko‘ramiz.
“Manchester Yunayted” esa terma jamoalar tanaffusidan oldin Kunya va Mauntdan ayrilgandi. Xabarlarga qaraganda, Kunya “Chelsi”ga qarshi tarkibga qaytish uchun bor imkoniyatini ishga solyapti, lekin hali Amorimning bu boradagi yakuniy fikri ma’lum emas. “Etihad”da chap qanot “o‘nligi” sifatida Amadni sinab ko‘rish tajribasi o‘xshamadi. Bu safar Amorim yana o‘sha tarkibda qoladimi yoki Bruno Fernandesh vaqtincha bo‘lsa-da, oldingi chiziqqa qaytadimi, ko‘ramiz. Bu ikki futbolchidan tashqari, Diyegu Dalotda ham jarohat bor, shuningdek, Lisandro Martinesning uzoq muddatdan so‘ng safga qaytishi keyingi oyga kutilmoqda.
Yana bir intriga, albatta, darvoza chizig‘iga yangi xarid qilingan Lammensning asosiy tarkibda paydo bo‘lish ehtimoli. O‘tgan to‘rt o‘yinda darvozada turib, yo‘naltirilgan 15 zarbaning yarmini o‘tkazib yuborgan Altay Bayindirga berilayotgan imkoniyat bu qadar uzoq davom etishi qiyin.
LATsIO – ROMA (21 sentabr, 15:30)
Liverpul derbisidan bir kun o‘tib bizni Rimda ham ajoyib derbi kutib turibdi. Rimning ikki klubi yana orani ochiq qilishadi.
Jamoalarning yangi mavsumdagi starti deyarli o‘xshash – u qadar muvaffaqiyatsiz deyish qiyin, shu bilan birga savollar ham bor. “Latsio” 2-turda “Verona” ustidan 4:0 hisobida ajoyib g‘alabaga erishdi, ammo safar o‘yinlarining har ikkisida ham mag‘lubiyatga uchradi. “Roma” esa go‘yoki yana Raniyeri davriga qaytib qolgandek – uchala o‘yin ham 1:0 hisobida tugadi. Faqat so‘nggisida jamoa o‘z maydonida “Torino”ga shu hisobda mag‘lubiyatga uchradi.
Hozircha Italiyada ko‘p tilga olinayotgan peshqadamlar boshqa bo‘lsa-da, Rim jamoalarida ham chempionlik poygasida ishtirok etishga salohiyat yetarli. Masalan, “Roma” yaxshi himoya chizig‘iga ega va ligada eng kam gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi. Bu mavsumoldi tayyorgarlik o‘yinlarida ham ko‘zga tashlangan, juda ko‘p o‘rtoqlik o‘yinlarini jamoa gol o‘tkazmay yakunlagandi. Shu bilan birga, Gasperini shogirdlarini himoyaviy deb ham bo‘lmaydi. Biz ushbu murabbiyni juda yaxshi bilamiz va hali to‘liq g‘oyalarini singdira olmagan bo‘lsa-da, masalan, “Roma” uch turdan keyin to‘p nazorati bo‘yicha A Seriya yetakchisi ekani ham qaysidir ma’noda yangilik.
“Latsio” esa yaratilgan xavfli vaziyatlar borasida ligada faqat “Napoli”dan ortda qolyapti, xolos. Albatta, bu yerda ham o‘ziga yarasha kontekst bor – “Latsio” bir o‘yinni yirik hisobda yengdi, qolgan ikkitasida mag‘lubiyatga uchradi. Ya’ni ko‘p hujum qilish va vaziyatlar yaratish uchun sharoit va sabablar yetarli ham bo‘lgan.
Xullas, Italiya futbolining eng dogmatik, shu bilan birga o‘z uslubi bilan nafaqat Italiya, balki Yevropada ham nom qozongan ikki murabbiyi o‘rtasidagi bahs aynan taktik jihatdan qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Gasperini va Sarri – bu ikki murabbiy dueli hech qachon zerikarli bo‘lishi mumkin emas.
Tarkiblarga kelsak, “Latsio”da Jigo, Evra, Ladzari, Visino kabi futbolchilar maydonga tusha olishmaydi. Hammasida jarohat bor. “Roma” safida esa Paulo Dibala yana jarohatlandi va keyingi oygacha maydonda kutish qiyin. “Aston Villa”dan ijara asosida olib kelingan Leon Beylining holati ham aniq emas va uning yangi jamoa tarkibida debyuti keyinroqqa qolishi mumkin.
O‘zaro o‘yinlarda so‘nggi yillarda deyarli tenglik kuzatilgan. “Roma”da biroz ustunlik bor – oxirgi 35 bahsdan 15 tasi aynan “bo‘rilar” foydasiga hal bo‘lgan. “Latsio”da bu davrda g‘alabalar soni esa 12 ta. O‘tgan mavsumdagi derbilarning birida durang qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchisida “Roma” 2:0 hisobida ustun kelgan.
ARSeNAL – MANCheSTeR SITI (21 sentabr, 20:30)
Nihoyat “Arsenal” so‘nggi mavsumlarda “Manchester Siti” bilan o‘yinlardagi kompleksidan xalos bo‘ldi va bemalol o‘zaro o‘yinda favorit sifatida tilga olinishi mumkin. So‘nggi bahsdagi ishonchli 5:1 hisobidagi g‘alaba, yozgi transfer bozoridagi faollik, yangi mavsumdagi o‘ta ishonchli start “Arsenal”ga mana shu maqomni taqdim etgani shubhasiz. Albatta, “Manchester Siti” ham juda ko‘p yangi futbolchilarni tarkibiga qo‘shib oldi, ammo “shaharliklar”dan farqli ravishda “Arsenal”ning xaridlariga yangi tajribalar yoki muammolarni yopish uchun kelgan yosh futbolchilar emas, aksincha, tayyor ishlab turgan mexanizmga qo‘shimcha “ehtiyot qismlar” o‘laroq baho berish mumkin. E’tibor bering, ayni damda so‘nggi yillarning eng asosiy futbolchilari Saka va Saliba yo‘q, Kay Havers va Jyezus ham jarohatda, ammo shunda ham hech kim bu yo‘qotishlarni muammo sifatida ko‘rmayapti. Nihoyat “Arsenal”dagi faoliyatida ilk marta Arteta jarohatlardan qayg‘urmay, har bir o‘yinga tayyor bo‘lishi mumkin.
“Manchester Siti”ga kelsak, jamoa go‘yoki bir haftada ham derbini, ham YeChLda “Napoli”ni birorta ham gol qo‘yvormay yutgan bo‘lsa-da, aniq baho berish qiyin. “Siti”ni ko‘proq “Tottenhem” va “Brayton”ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar orqali baholash to‘g‘riroq bo‘lardi, zero “Manchester Yunayted” shundoq ham qiyin holatda va “Siti”ga juda qulay bo‘lgan uslubda to‘p surib, vazifani osonlashtirdi. “Napoli” esa o‘yin boshidan bir kishi kam bo‘lib qolgandi. Yetarlicha tartibli va zich o‘ynaydigan jamoalarga qarshi “Manchester Siti”ning muammolari hali hech qayerga ketgani yo‘q. “Arsenal” hujumda “Siti”ga “Yunayted” kabi ko‘p imkoniyat bermaydi, umuman, “Arsenal” bu mavsumda o‘z darvozasi oldida birorta ham katta vaziyat yaratilishiga imkoniyat bermagan yagona klubdir. Jamoa ushbu mavsumda o‘tkazib yuborgan yagona gol ham Saboslaining uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bo‘ldi xolos. Ya’ni noodatiy qarorlarsiz yoki biroz omadning kulib boqishisiz “Manchester Siti”ga g‘alaba shundoq tortiq qilinmaydi. Pep Gvardiola shogirdlari esa bu mavsumda hali qiyin uchrashuvda raqibni yenga olmadi.
Albatta, ushbu o‘yinga O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanov fonida qarashimiz ham to‘g‘ri bo‘ladi va katta ehtimol bilan bu safar ham u asosiy tarkibda harakat qilsa kerak. Gvardiola qatorasiga ikki o‘yindan beri Husanovni asosiy tarkibga, faqat o‘ng qanotga tushiryapti. Bu uch o‘yinning eng qiyini va himoyada ko‘proq harakatlar talab qilinadigan “Arsenal”ga qarshi Pep endi Nunez yoki Lyuisni qo‘ymasa kerak. Abduqodirni APLning yana bir tezkor futbolchisi Eze yoki Martinelliga qarshi ko‘rish albatta o‘zbek muxlislari uchun qiziq bo‘ladi.
Yuqorida Salibaning jarohati tilga olingan bo‘lsa-da, fransiyalik himoyachi Bilbaodagi Chempionlar Ligasi o‘yinida zaxira o‘rindig‘idan joy oldi. Arteta qariyb bir oydan beri maydonga tushmagan Salibani uning tajribasiga ishonib birdaniga “Siti”ga qarshi o‘yinda tushiradimi yoki so‘nggi o‘yinlarda yomon ko‘rinmayotgan Moskueraga ishonishda davom etadimi, hali noma’lum. Saka, Havers va Jyezusdan tashqari, Martin Edegor ham sheriklariga yordam bera olmaydi. U APLning 4-turida “Nottinghem”ga qarshi bahsda jarohat olgandi.
Mehmonlar tarkibida ham yo‘qotishlar jiddiy. Himoyada Jon Stounz va Ayt-Nuri, markazda Kovachich, hujumda Sherki va Marmush maydonga tusha olishmaydi. Ammo kutilmaganda Fil Foden formaga qaytdi va eng yaxshi davrlarini eslab qoldi, shuningdek, Doku ham oldingi chiziqda samarali harakat qilmoqda, Holand terma jamoa o‘yinlariyam qo‘shilsa, so‘nggi 5 o‘yinda 10 gol va 3 assistni amalga oshirdi – Pep Gvardiolada bu chiziqda muammo bo‘lmasa kerak. Tarkib haqida so‘z borganda faqat jarohatlarni emas, hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Chempionlar Ligasi ta’sirini ham unutmaslik kerak. “Arsenal” Bilbaodagi o‘z o‘yinini seshanba kuni o‘tkazgan bo‘lsa, “Manchester Siti”ning “Napoli”ga qarshi o‘yini payshanba oqshomiga belgilangandi. Bu ham mezbonlarning foydasiga ishlasa ajab emas.
Yuqorida aytilganidek, “Arsenal” favorit, ham o‘z maydonida to‘p suryapti, ham oxirgi besh o‘zaro o‘yinda londonliklar mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Seriya davom etarmikin?
MARSeL – PSJ (21 sentabr, 23:45)
Roberto de Dzerbi Marselda ish boshlaganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, ilk mavsumidayoq jamoani o‘z uslubiga ega bo‘lgan va doim birinchi raqamda o‘ynashga harakat qiladigan qilib qo‘ydi. O‘tgan mavsumda 2-o‘rin ham bejiz emas. Chempion bilan ochkolar farqi katta edi, “Marsel” parijliklarga yetarlicha raqobat ko‘rsata olmagan, o‘zaro o‘yinlarda ham “PSJ” yaqqol ustunligini ko‘rsatgan, ammo agar yangi mavsumda qaysidir jamoa ligaga biroz bo‘lsa-da intriga olib kirishi kerak bo‘lsa, aynan de Dzerbi shogirdlaridan kutish kerak.
Birinchidan, “Marsel” yetakchi futbolchilarini saqlab qolish bilan birga bir qator e’tiborli xaridlarga ham qo‘l urdi. Pavar, Emerson, Obameyang, kabi futbolchilarda eng katta miqyosda tajriba bor. O‘tgan yili “Lill”da porlagan Eynjyel Gomes Angliya terma jamoasi a’zosi hisoblanadi, markazga yaxshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ikkinchidan, Chempionlar Ligasi doirasidagi “Real”ga qarshi o‘yin ko‘p jihatdan ko‘rgazmali bo‘ldi – “Marsel” eng top darajadagi raqiblar bilan ham tengma-teng o‘ynay olishini butun Yevropaga ko‘rsatdi. To‘g‘ri, o‘sha o‘yinda 13 seyv amalga oshirgan Xeronimo Rulining qahramonligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi, ammo ba’zi pallalarda “Marsel” ham qiziq ko‘rindi, hatto g‘alaba qozonish imkoniyati ham bor edi. Tabiiyki, bunday o‘yindan keyin “Marsel” bemalol “PSJ”ga qarshi ham samarali o‘ynay olishiga ishonch bo‘ladi. Buning ustiga o‘yin Marselda bo‘lib o‘tadi – jamoa ushbu mavsumda o‘z maydonidagi har ikki o‘yinda ham yirik hisobda g‘alaba qozonib, jami 9 gol urgan.
“PSJ” esa asta-sekin mavsumga kirib kelmoqda. Bu tabiiy, jamoa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida finalgacha yetib bordi va natijada deyarli mavsumoldi yig‘inlarsiz chempionatni boshladi. Startdagi dastlabki ikki o‘yinda faqat minimal g‘alaba qayd eta olgan Enrike shogirdlari endi optimal formaga kirib borishyapti – mavsumdagi 5 o‘yinda 5 g‘alaba, 14 gol urilgan va 3 ta o‘tkazib yuborilgan. So‘nggi ikki o‘yinda hatto jamoaning ikki asosiy quroli bo‘lmish Due va Dembelening jarohati ham sezilmayapti. “Marsel”ga qarshi o‘yinda bu ikki hujumchidan tashqari Joao Nevesh ham qatnasha olmasligi mumkin. “Tuluza” bilan o‘yinda het-trik qayd etgan futbolchi Chempionlar Ligasida “Atalanta”ga qarshi kechgan uchrashuvda jarohat oldi va kamida ikki haftaga safdan chiqdi.
Mezbonlardagi yo‘qotishlarga kelsak, asosiysi, marokashlik Naif Aguerd Madriddagi bahsda ham yetishmagandi, katta ehtimol bilan “PSJ”ga qarshi o‘yinni ham o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, “Bornmut”dan transfer qilingan Hamid Traoreda ham kichik jarohat bor. Qolgan futbolchilarning hammasi uchrashuvga tayyor va balki raqibga nisbatan bir kun ko‘p (“Marsel” YeChL o‘yinini seshanba, “PSJ” esa chorshanba o‘tkazgan) dam olish imkoni ham mezbonlarga jismoniy tarafdan qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin.
BOShQA O‘YINLAR
20 sentabr. Hoffenhaym – BAVARIYa (18:30), Brayton – TOTTeNHEM (19:00), ReAL – Espanyol (19:15), Verona – YuVeNTUS (21:00), Udineze – MILAN (23:45)
21 sentabr. Bornmut – NYuKASL (18:00), Torino – ATALANTA (18:00), Istanbul Boshoqshexir – Alaniyaspor (19:00), Malyorka – ATLeTIKO (19:15), BORUSSIYa D – Volfsburg (22:30), INTeR – Sassuolo (23:45), BARSeLONA – Xetafe (23:55).