Jamiyat
Andijonda sobiq erini o‘ldirish uchun qotil yollagan ayol ushlandi
Ayol o‘zi bilan birga yashovchi sobiq turmush o‘rtog‘ini uy-joy nizosi bilan bog‘liq adovat zamirida qasddan o‘ldirishni maqsad qilib, uch ming dollar evaziga yollanma qotil izlayotgani aniqlangan.
Andijon viloyati Asaka tumanida yollanma qotil orqali sobiq erini o‘ldirishni rejalashtirgan ayol qo‘lga olindi.
Xabar qilinishicha, olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ayol o‘zi bilan birga yashovchi sobiq turmush o‘rtog‘ini uy-joy nizosi bilan bog‘liq adovat zamirida qasddan o‘ldirishni maqsad qilib, 3 ming dollar evaziga yollanma qotil izlayotgani aniqlangan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir o‘tkazishga kirishilib, shartli yollanma qotil tadbirga jalb etilgan. Ayol 10 iyul kuni qotillik bo‘yicha yollamoqchi bo‘lgan shaxs bilan ko‘rishib, unga 5 mln so‘m bergan. Erining o‘lganiga ishonch hosil qilgandan so‘ng qolgan pullarni berishni va’da qilib, tilxat yozib bergan.
11 iyulga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tezkor tadbirda yollanma qotil ayolning turmush o‘rtog‘ini Asaka tumanidagi adirlikka olib borib, uning o‘ldirilganini bildirib, buyurtmachi ayolni voqea joyiga chaqirgan.
Eri o‘lganligiga ishonch hosil qilgan ayol kelishilgan pullarni berish uchun avtomashinaga o‘tirgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jamiyat
Energetika tizimidagi ayrim rahbarlar ishdan olindi
Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishida Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Energetika vazirligida Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda yoz mavsumini betalafot o‘tkazish, elektr energiyasi iste’moli keskin oshadigan kunlarda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, energetika obektlarining 24 soatlik ish rejimini kuchaytirish, avariya brigadalarining shayligini oshirish hamda rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Kutilayotgan issiq kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt·soat, maksimal yuklama esa 13–13,3 GVtgacha yetishi prognoz qilinishi bois barcha tizim korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda, kuchaytirilgan nazorat asosida tashkil etish topshirildi.
Yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.
Jamiyat
Soliq qo‘mitasi bank kartalariga pul o‘tkazmalari tekshirilishiga munosabat bildirdi
Avvalroq soliq organlari ayrim bank kartalariga kelib tushgan mablag‘larni tekshirishi haqida xabar berilgan edi.
Soliq qo‘mitasi bank siri va P2P-o‘tkazmalari monitoringi masalalari bo‘yicha Markaziy bankning pozitsiyasiga munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat qonun doirasida, bank sirini saqlash, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini ta’minlash sharti bilan amalga oshirilishi lozim.
Konstitutsiyaning 41-moddasida bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sirining qonun bilan kafolatlanishi belgilangan. Ushbu masalalar qonunchilikda, xususan, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonun va Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
«Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunda bank mijozining soliqqa oid masalalari bo‘yicha ma’lumotlar qonunchilikka muvofiq soliq organlariga taqdim etilishi nazarda tutilgan.
Soliq kodeksida ham banklarning soliq organlariga axborotni soliq qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etish majburiyatlari belgilangan.
«Shu bilan birga, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalar o‘z-o‘zidan soliq solish obyekti hisoblanmaydi va bu fuqarolarning shaxsiy o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishni anglatmaydi», — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, loyihaning mohiyati banklar bilan o‘zaro hamkorlikning xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos formatini shakllantirishdan iborat.
Ayni damda loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlangan. Kelib tushgan barcha takliflar, jumladan Markaziy bankning pozitsiyasi diqqat bilan o‘rganilib, shundan so‘ng tegishli xulosalar chiqarilishi aytilmoqda.
Jamiyat
Bugun ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi, havo 43 darajagacha isiydi
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekiston hududida havo biroz bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi. Respublika bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi, ayrim hududlarda 13–18 m/s gacha kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Havo harorati 35–40 daraja, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 43 darajagacha ko‘tariladi.
Toshkent shahrida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo biroz bulutli bo‘ladi, shamol sharqdan 5–10 m/s tezlikda esadi. Harorat 38–40 daraja atrofida bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda esa havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Harorat 27–32 darajani tashkil etadi.
Jamiyat
Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy yuborishni va’da qilganlar ushlandi
Fuqarolarni AQSh va Janubiy Koreyaga yuborishni va’da qilganlar qo‘lga olindi.
Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar shaxs fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgani aniqlandi.
Ular oldindan til biriktirib, tanishlari orqali «G-1» vizasini rasmiylashtirib berish, keyinchalik esa Janubiy Koreyada doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni tayyorlab berishni va’da qilgan. Bu xizmatlar evaziga 55 ming AQSh dollari talab qilingan. Shundan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va IJQKD xodimlari tomonidan ushlandi.
Yana bir holatda muqaddam firibgarlik uchun sudlangan shaxs (Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi) fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni taklif qilgan.
Uning rejasiga ko‘ra, fuqaro «O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh» yo‘nalishi orqali chet elga olib chiqilishi kerak bo‘lgan. Buning uchun u 50 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablag‘ning 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Qozog‘iston O‘zbekiston bilan transchegaraviy suvlar bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qildi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bilan transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, ikki davlat umumiy suv resurslaridan kelishilgan tarzda foydalanish, davlatlararo ahamiyatga ega suv xo‘jaligi inshootlarini xavfsiz ekspluatatsiya qilish hamda ushbu sohadagi hamkorlikni mustahkamlaydi.
Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida transchegaraviy suv obyektlarini boshqarish masalalari bilan shug‘ullanuvchi qo‘shma hukumatlararo komissiya tashkil etiladi.
Mazkur bitim 2025-yil 15-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston Oliy davlatlararo kengashining ikkinchi yig‘ilishi doirasida imzolangan edi.
Hujjatning ratifikatsiya qilinishi Sirdaryo va unga bog‘liq suv xo‘jaligi obyektlarida suv taqsimotini muvofiqlashtirish, suv ta’minoti barqarorligini oshirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi ehtimoliy kelishmovchiliklarning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryoning transchegaraviy hududlarida suv hisobini yuritish uchun 10 ta avtomatlashtirilgan gidropost o‘rnatishga kelishib olgan edi. Ularning beshtasi O‘zbekiston, yana beshtasi Qozog‘iston hududida joylashtiriladi.
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp Anqarada NATO sammiti boshlanishi munosabati bilan Turkiyaga F-35 samolyotlariga ega boʻlishiga ruxsat berishni koʻrib chiqmoqda
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida keskin ko‘tarilish yuz berdi
-
Dunyodan4 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev strategik hamkorlikni kengaytirish maqsadida BlackRock kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Siyosat5 days ago
Ilm va ma’rifat insoniyatni birlashtiruvchi eng buyuk kuch
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Turkiyaga moʻljallangan F-35 samolyotlari haqida hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi
