Jamiyat
Andijonda «Hududiy elektr tarmoqlari»ning 12 xodimi qamoqqa olindi
Andijonda HETning 12 nafar xodimi qamoqqa olindi. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar berdi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining topshirig‘iga muvofiq, Jamiyatning Ichki audit xizmati hamda Komplayens nazorati xizmati tomonidan Andijon va Samarqand filiallarida elektr energiyasi hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablariga muvofiq o‘rnatilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida Jamiyatning Andijon filialida iste’molchilarga elektr hisoblagichlarini o‘rnatish jarayonida qonunbuzilish holatlari, shuningdek, hisoblagichlar kamomadi aniqlandi.
Mazkur holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli tartibda xabar berildi. Natijada qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan korxonaning 12 nafar xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda Jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Samarqand shahar bo‘linmasida elektr hisoblagichlarining iste’molchilarga jamiyat mablag‘lari hisobidan noqonuniy ravishda o‘rnatilgani aniqlanib, ushbu holat yuzasidan ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berildi. Ayni paytda jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash choralari amalga oshirilmoqda.
Hozirda Samarqand viloyatining boshqa shahar va tumanlarida ham elektr hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablari asosida o‘rnatilishi hamda ularning maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.