Jamiyat
«Andijon suv ta’minoti» filial boshlig‘i katta pora bilan ushlandi
«Andijon suv ta’minoti» AJ Jalaquduq tumani filiali boshlig‘i ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbirda o‘tkazilgan.
Unda «Andijon suv ta’minoti» AJ Jalaquduq tumani filiali boshlig‘i K.T. fuqaro B.A.ning «Tuyalas» MFY hududidagi xonadoniga kanalizatsiya tarmog‘i o‘rnatish uchun texnik shart qildirib berishini aytib, K.T.ning topshirig‘iga ko‘ra 8 500 AQSh dollarini fuqaro M.Sh. olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda fuqaro o‘ziga tegishli uydan chiqarib yuborildi. Prokuratura vaziyatga izoh berdi
Poytaxtda bir necha fuqarolar o‘ziga tegishli uydan chiqarib yuborilgani haqida xabar berildi. Toshkent shahar prokuraturasi mazkur masala yuzasidan izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro R.Payanov va boshqalar o‘zlariga tegishli bo‘lgan uydan majburiy ravishda chiqarib yuborilganliklari haqida murojaat yo‘llashgan.
Ushbu holat Toshkent shahar prokuraturasi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan joyiga chiqqan holda murojaat mualliflari va MEGA LOGISTICS SERVICE MChJ vakillari ishtirokida o‘rganildi hamda tegishli shaxslardan arizalar qabul qilib olindi.
Mazkur murojaat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Endi boshpanasizlar Ijtimoiy markazlarga sud qarorisiz joylashtiriladi
Prezidentning «Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.
2026-yil 1-sentyabrdan boshlab boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Endi ular mazkur markazlarga faqat o‘z roziligi bilan qabul qilinadi.
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ular individual rejalar asosida ijtimoiy xizmat va yordamlardan foydalanadi.
2026-yil 1-oktyabrdan boshlab ijtimoiy markazlarda bo‘lgan boshpanasiz shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi.
Ularga tuman va shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali kasb-hunarga o‘qitish uchun vaucherlar ajratiladi.
Shuningdek, markazda bo‘lgan davrda ular muassasa manzili bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga qo‘yiladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq davlat boji «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Jamiyat
Respublikada ishlayotgan kadastr xodimlarining bir qismi tumanlarga o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi ikki yilda 1 million 200 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazildi. Natijada qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlandi.
Aniqlangan obyektlarning 270 mingtasi kadastr bazasiga kiritilib, budjet uchun yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi. Kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, sohada aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 330 mingtasi yoki 30 foizi rad etilgan. Ya’ni amalda har uchta arizadan bittasi qanoatlantirilmagan.
Bunday holatlar fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga, masalasini hal qilish uchun yana boshqa idora yoki shaxslarga murojaat etishiga sabab bo‘lib, korrupsiyaviy xavflarni ham kuchaytirmoqda.
Xizmatlarni raqamlashtirish jarayonida barcha qarorlarni markazlashgan tartibda qabul qilish amaliyoti shakllangani ham aholi uchun ortiqcha to‘siqlarni yuzaga keltirgan.
Xususan, noturar obyekt toifasini o‘zgartirish uchun viloyat yoki respublika darajasidagi tashkilot roziligi talab qilinmoqda. Bitta masalani hal qilish uchun fuqarolardan bir necha marta ariza topshirish va har bir ariza uchun alohida to‘lov qilish so‘ralmoqda.
Masalan, bitta hovlini aka-uka o‘rtasida bo‘lish uchun to‘rtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi. Bitta ariza tuman, viloyat va respublika darajasida 30-50 ta bosqichda ko‘rib chiqilib, jarayon o‘rtacha 15-20 kunga cho‘zilmoqda.
Yer nazorati sohasida jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilgani ijobiy natija berayotgani qayd etildi. Biroq jarimalarni oshirish bilan cheklanmasdan, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolarni qonuniy faoliyatga qaytarishga qaratilgan mexanizmlarni joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda agentlikning boshqaruv tuzilmasi ham tanqidiy tahlil qilindi.
Hozirda tuman va viloyat darajasida Kadastr agentligi hamda Kadastr palatasining alohida hududiy bo‘linmalari mavjud bo‘lib, tizim amalda ikkita rahbar tomonidan boshqarilmoqda.
Tizimdagi xodimlarning 56 foizini rahbar va nazoratchilar, 44 foizini esa bevosita ijrochilar tashkil etadi. Ishga qabul qilish jarayonlarining murakkabligi sababli 700 dan ortiq ish o‘rni vakant qolmoqda. Xodimlarning 40 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamayapti.
Qolaversa, viloyat darajasidagi rahbarlarga tuman bo‘linmalari rahbarlariga nisbatan intizomiy chora ko‘rish vakolati berilmagan. Natijada ijrochi xodimlarning ish yuklamasi ortib, mehnatiga haq to‘lash darajasi pastligicha qolmoqda.
Shu bois, kadastr xizmatlarini bosqichma-bosqich quyi bo‘g‘inga tushirish va hududiy bo‘linmalarning vakolatlarini kengaytirish taklif qilindi.
Respublika darajasida ishlayotgan xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga o‘tkazish, respublika, viloyat va tuman darajasidagi Kadastr palatasi va xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini birlashtirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali hududiy bo‘linmalarning mustaqilligi va mas’uliyati oshiriladi, xizmatlar fuqarolarga yaqinlashtiriladi.
Tuzilmaviy o‘zgarishlar jarayonida aholi sarson bo‘lmasligi uchun bir hafta muddatda «Kadastr maslahat burchagi» va «Tezkor kadastr» xizmatlarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Agentlik faoliyatini «bitta ariza – bitta to‘lov» tamoyili asosida tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganida ariza avtomatik ravishda shakllantirilib, proaktiv xizmat ko‘rsatiladi. Bu orqali bir yilda 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablag‘i tejaladi. Kadastrga oid barcha xizmatlarni bitta ariza asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 200 mingta ortiqcha ariza qisqartiriladi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta arizani amaldagi 10-15 kun o‘rniga bir necha soniyada ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ham ma’qullandi.
Jumladan, 2018 yilga qadar noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qo‘llamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish taklif qilindi. Shuningdek, ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan muddatda ariza berilmagan holatda birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish nazarda tutilmoqda.
Mutasaddilarga xizmatlarni soddalashtirish, ortiqcha bosqich va to‘lovlarni qisqartirish, qaror qabul qilish vakolatlarini quyi bo‘g‘inga tushirish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Uzun o‘rmon xo‘jaligida daraxtlar qo‘porilgan – ishchi guruh vaziyatni o‘rganmoqda
Kecha, 3 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Sangardak mahallasidagi Uzun o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yer maydonida daraxtlarni qo‘porish va ularga shikast yetkazish holatlari qayd etilgan.
Ayni damda Ekologiya milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi hamda ekologiya hududiy bosh boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruh vaziyat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishlar hech qanday ruxsatsiz, ekologiya xodimlarining ogohlantirishlariga qaramay amalga oshirilgan.
Ayni damda daraxtlarga yetkazilgan ekologik zarar miqdorini aniqlash, qurilish ishlarining amaldagi ekologik qonunchilik talablariga muvofiqligiga huquqiy baho berish hamda aybdor shaxslarni belgilashga doir o‘rganishlar olib borilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 11 tup qariyb 100 yillik Zarafshon archasi qo‘porilgani aniqlangan. To‘liq o‘rganish natijalaridan so‘ng huquqbuzarlarga nisbatan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qat’iy choralar qo‘llanadi hamda bu haqda jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
Jamiyat
Toshkentda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasi joriy etiladi
Prezident qaroriga muvofiq, Toshkentda zamonaviy «15 daqiqalik shahar» urbanistik konsepsiyasi amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, poytaxt aholisi uyidan chiqib 15 daqiqa ichida asosiy xizmatlar, yashil hududlar va dam olish maskanlariga piyoda yetib borishi uchun sharoit yaratiladi.
Loyiha doirasida yashil hududlar kengaytiriladi, shahar infratuzilmasi takomillashtiriladi hamda aholi uchun yanada qulay shahar muhiti shakllantiriladi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi qariyb 665 trln so‘mga yetdi
-
Sport3 days ago
Osiyo Kubogidagi g‘oliblik real imkoniyatmi yoki orzu?
-
Siyosat2 days agoShavkat Mirziyoyev ilgari surgan rezolyusiya BMTda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda bugun ham 43 darajagacha issiq saqlanib qoladi
-
Mahalliy2 days ago
Toshkentning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan savdosi keskin o‘sdi
-
Siyosat4 days ago
Uch mamlakat Birinchi xonimlari “Altin balalik”da
-
Mahalliy3 days ago
Uzrli sabab tufayli milliy sertifikat imtihonida qatnasholmaganlarga to‘lov qaytariladi
